Jamiyat | 19:58 / 22.10.2018
9730
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi eng faol va tashabbuskor yoshlarni mukofotlaydi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yil davomida davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarida fidokorona mehnat qilayotgan, soha rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan, vatanparvar yoshlarni o‘z mukofoti bilan rag‘batlantirib boradi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti 14 yoshga to‘lgan, 30 yoshdan oshmagan yoshlarga oid davlat siyosati, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi, fan-ta'lim va ijtimoiy yo‘nalishlar hamda san'at, madaniyat, jurnalistika va sport sohalarida yuksak natijalarga erishgan faol va tashabbuskor yoshlarga turli nominatsiyalar bo‘yicha beriladi.

Mukofotni berishda eng avvalo O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatidagi faol ishtirokiga, shuningdek, yoshlar faoliyat ko‘rsatayotgan sohadan kelib chiqib, yil davomidagi ish samaradorligi, tizim yoki sohani rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, o‘z sohasiga kiritgan innovatsiyasi, faoliyati orqali davlat va jamiyat hayotiga keltirgan amaliy foydasi, shuningdek mehnatsevarligi, fidoyiligi, intizomi, iqtidori, jamoat ishlaridagi faolligi, davlat va xalqaro miqyosda erishgan yutuqlari soha vakillari, keng jamoatchilik tomonidan e'tirof etilganiga e'tibor qaratiladi.

Mukofot O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mamlakat rivoji yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan chet el fuqarolariga beriladi.

Mukofot ilgari boshqa mukofotlar bilan taqdirlangan yoshlarga ham berilishi mumkin.

Mukofotga nomzodlar vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, jamoat birlashmalari tomonidan ko‘rsatiladi, tavsiyanomalar hamda nomzod faoliyatiga oid hujjatlar taqdim etiladi.

Mukofotga talabgorlar bo‘yicha tavsiyanomalar qabul qilish boshlanishi to‘g‘risidagi bildirish mukofotlar beriladigan muddatdan ikki oy oldin respublika ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi hamda hujjatlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan bir oy davomida qabul qilinadi.

Mukofot sovrindorlariga O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida pul mukofoti, statuetka va maxsus diplom topshiriladi.

Mukofot sovrindorlari har yili dekabr oyida tantanali ravishda taqdirlanadi. Mukofotga nomzodlarning hujjatlari 2018 yilning 25 oktabridan 25 noyabriga qadar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida qabul qilinadi.

«O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti» to‘g‘risida yangi tahrirdagi NIZOMni quyidagi havola orqali yuklab olish mumkin.

Mavzuga oid