O‘zbekiston | 11:44 / 23.10.2018
5525
2 daqiqa o‘qiladi

Ilg‘or paxta terimchilar kitob mahsulotlari bilan rag‘batlantirildi 

Paxta hosilini yig‘ib-terib olish jarayonida terimchilar va hasharchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan madaniy-ma'rifiy tadbirlar va arzonlashtirilgan kitob savdo-ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 2018 yil 21 oktabr kuni Sirdaryo viloyatining Sirdaryo va Sayxunobod tumanlarida paxta terimiga jalb etilgan terimchi va hasharchilar uchun madaniy-ma'rifiy tadbirlar uyushtirildi. 

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Shukur Qurbon va nashriyotning bir qator ijodiy xodimlari ishtirok etishdi. Tadbir davomida 21 oktabr – “O‘zbek  tiliga davlat tili maqomi berilgan kun” munosabati bilan nashriyot xodimlari tomonidan o‘zbek tiliga qaratilayotgan e'tibor, uning ahamiyati, milliy madaniyat va ma'naviyatni kelajak avlodga yetkazuvchi muhim muloqot vositasi ekanligi haqida ma'ruzalar qilindi hamda shoir Shukur Qurbon ijodidan namunalar o‘qib, terimchilar bilan mazmunli suhbat o‘tkazildi. 

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

Tadbir so‘ngida jahon adabiyoti va o‘zbek adabiyoti durdonalari, jumladan, O‘tkir Hoshimovning “Bahor qaytmaydi”, “Nur borki soya bor”, “Ikki eshik orasi”, “Dunyoning ishlari”, Erkin Vohidovning “Inson”, Maqsud Qoriyevning “Spitamen” kabi  nashriyotda chop etilgan sara kitob mahsulotlari bilan ilg‘or terimchilar va fidoyi hasharchilar rag‘batlantirildi. 

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

Mavzuga oid