Jamiyat | 00:07 / 25.10.2018
171078
4 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qondagi kollejda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan qizlar ishi yuzasidan jinoyat ishi ochildi

Foto: KUN.UZ

Internet tarmog‘idagi turli saytlar va kanallarda Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida tahsil oluvchi bir necha qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ishlatilgani haqida xabarlar tarqatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Qo‘qonda shunday hodisa chindan ham ro‘y bergan, ayni paytda holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmokda.

Bosh prokuratura voyaga yetmaganlarning sha'ni, huquq va manfaatlari nuqtai nazaridan ish yuzasidan biror-bir ma'lumot berishni maqsadga muvofiq emas, deb topdi.

Kun.uz’ning voqeadan xabardor manbalari yetkazgan ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur ish yuzasidan kollej qorovullaridan biri, direktorning ikki o‘rinbosari, bosh hisobchi va besh tarbiyachi uch kun hibsda ushlab turilgan va garov evaziga hech qayerga chiqmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgan.

Qo‘qondagi maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida joriy yilning 24 sentabr kuni shahar prokuraturasi tomonidan anonim so‘rov o‘tkazilgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘qituvchi va kollej xodimlari so‘roqqa chaqirtirilgan.

Bunday so‘rovning o‘tkazilishiga kollejda ta'lim olayotgan 16 yoshli qizning homilador bo‘lib qolishi sabab bo‘lgan. Anonim so‘rov asnosida bu ta'lim maskanida o‘qiydigan yana boshqa qizlar ham o‘zlariga jinsiy tajovuz bo‘lganini yozib berishgan.

So‘rovda yuzaga chiqqan ma'lumotlar asosida Qo‘qon shahar prokuraturasi kollejning tarbiyaviy, moliyaviy va tashkiliy holati bo‘yicha taftish o‘tkazgan.

Kollej direktori talon-toroj va mansab vakolatini suiiste'mol qilish, uning haydovchisi, yoshlar yetakchisi va ruhshunosi kollej o‘quvchi qizlariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda gumonlanib, hibsga olingan.

Gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining «nomusga tegish», «jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish», «o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish», «mansab vakolatini suiiste'mol qilish va pora olish» singari moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etishda ayblangan sobiq direktor o‘rinbosarlariga hukm chiqarilgani haqida ilgari xabar berilgan edi.

Jinoyat ishida sudlanuvchilar voyaga yetmagan shaxsni tarbiya muassasasida jinoyatga jalb qilish, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga yetmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, shuningdek, ayolni o‘z homilasini sun'iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan va turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Mavzuga oid