O‘zbekiston | 09:36 / 25.10.2018
41790
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: propiskaga qo‘yish tartibi takomillashtirildi

Foto: KUN.UZ

Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Adliya vazirligi telegram-kanalida xabar qilinishicha, nizom bilan fuqarolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasida va viloyatlarda (Toshkent viloyatidan tashqari) doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi belgilandi (Toshkent shahri va Toshkent viloyati bo‘yicha alohida qaror mavjud).

Nizomga muvofiq fuqaro viloyatlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish uchun tuman (shahar) Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

• ariza;
• pasport;
• kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);
• uy-joy hujjatlarining asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
• uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berish to‘g‘risidagi arizasi;
• nikoh tuzilganligi yoki bolalar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar, shuningdek, vasiylik yoki homiylikni tasdiqlaydigan hujjatlar (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
• propiska uchun davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya.

Bunda turar joy mulkdori o‘z oila a'zolarini va boshqa shaxslarni propiskadan o‘tkazish huquqiga ega.

Harbiy xizmatga majbur shaxslarni propiska qilish ular mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarda harbiy hisobga qo‘yilganlaridan keyin amalga oshiriladi. 16 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar harbiy hisobga qo‘yilishlari kerak.

Hujjatlar uch ish kuni mobaynida tekshiriladi hamda fuqaroga belgilangan tartibda doimiy propiska rasmiylashtiradi.

Fuqaroni viloyatda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish esa uni doimiy yashash joyidan propiskadan chiqarmasdan besh kundan bir yil muddatga amalga oshiriladi.

Viloyatlarga besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatga kelgan fuqarolar hisobga olinmaydi.

Shuningdek, fuqaro viloyatda hisobga turish uchun kelgan kunidan boshlab besh kun muddatda o‘zi vaqtincha turgan joydagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

• ariza;
• pasport;
• kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki Qurolli Kuchlar ofitserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);
• tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma va 3,5x4,5 mm o‘lchamdagi ikkita rasm – 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun;
• uy-joy mulkdorining (mulkdorlarining) turar joy maydoni berish to‘g‘risidagi arizasi (roziligi);
• uy-joy hujjatlarining asl nusxasi (nusxalari olinib, asli qaytariladi);
• hisobga olinganlik uchun davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya.

Hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan keyin o‘sha kunning o‘zida ariza beruvchiga turgan joyida hisobga olish to‘g‘risida fuqaroning shaxsini tasdiqlaydigan hujjatga qayd varag‘ini yoki BARE-CODE bilan himoyalangan qayd varag‘ini (2019 yil 1 apreldan boshlab) beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq propiskadagi uzilish vaqti uchun ba'zi nafaqalar to‘lanishi xabar berilgandi.

Mavzuga oid