O‘zbekiston | 12:00 / 26.10.2018
121004
9 daqiqa o‘qiladi

Yangi lotincha imlodagi o‘zgarishlar: bir to‘xtamga kelindi, endi uni tezroq tasdiqlash qoldi

22 oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish muammolari» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston hukumati 2021 yildan lotin yozuviga to‘liq o‘tishni rejalashtirayotgani, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamda Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov imzolagan Harakatlar rejasida shunday belgilangani haqida may oyida xabar berilgan edi.

Bu borada lotin alifbosini yanada qulaylashtirish uchun ishchi guruh tashkil etilib, qariyb ikki yil davomida ular ulkan hajmda ish olib borishdi. «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida «O‘zbek tili jonkuyarlari» guruhi tashkil etilib, turli takliflar variant muhokamaga tashlandi, qizg‘in bahslar bo‘lib o‘tdi.

Shu masalalarga bag‘ishlangan konferensiyada lotin yozuviga asoslangan joriy alifbomizdagi bir necha harflar o‘zgartirilishi bo‘yicha takliflar berilgan. Bu yakuniy maslahatlashuv ekani, ya'ni ishlar shu yo‘nalishda olib borilishi qayd etilgan.

Kiritilishi kutilayotgan yangi o‘zgarishlarga ko‘ra:

O‘ (O‘ o‘) — Ŏ ŏ

G‘ (G‘ g‘) — Ğ ğ

Sh (Sh sh) — Ş ş

Ch (Ch ch) — Ç ç shaklida yoziladi, Ng — alifbodan olib tashlanadi va uning talaffuzi o‘qitish jarayonida alohida tushuntiriladi.

Menga va boshqa ko‘pchilikka ham yoqmagan jihat: «Ch, ch» harf birikmasi o‘rniga «Ç, ç» joriy etilishi munosabati bilan alifboga «S» harfini joriy etish ham taklif etilmoqda va bu harfdan «Jon», «jo‘ja» so‘zidagi «J» harfi o‘rnida foydalanish mo‘ljallanmoqda: con, ca.

Joriy lotincha alifbodagi «J, j» harfi ham qoladi, undan «jurnal», «jirafa» kabi so‘zlardagi sirg‘aluvchi «J» o‘rnida foydalanish mo‘ljallanmoqda: jurnal, jirafa.

Filolog Shahnoza To‘raxo‘jayeva Feysbukdagi sahifasida bularning barisi «Ç» harfini alifboga kiritish uchun qilinayotganiga urg‘u berdi. Ya'ni, «S»ni kiritmay turib uning asosida yasaladigan «Ç»ni kiritish mantiqsiz, deyishmoqda ekan olimlarimiz.

Yuqorida O‘, G’, Sh, Ch kabi to‘rt harfning o‘zgartirilayotganini to‘liq ma'qullagan holda, bu borada o‘zimning ayrim takliflarimni bildirib o‘tmoqchiman.

«C» harfining alifboga joriy etilishi

Avvalo, «J» harfini ikkiga bo‘lish, ayniqsa, «jo‘ja» so‘zidagi portlovchi «J» uchun «C» harfining qabul qilinishini mutlaqo qo‘llamayman. Ko‘pchilikning fikri ham shunday.

Mamlakatimizga xorijiy davlatlardan, ayniqsa, Yevropaning badavlat davlatlaridan turistlarni ko‘proq jalb qilish, shuning ortidan iqtisodiyotimizni ko‘tarish masalasi ko‘ndalang bo‘lmoqda. Ularning aksariyatida «S» harfi joyiga kelsa «s» yoki «ch», joyi kelsa «k» shaklida o‘qiladi. Yangi imlomizdagi CIZZAX, ANDICON kabi so‘zlarni o‘qishda chalkashliklar kelib chiqmaydimi? Umuman, lotinchada savodi chiqqan yoshlarimiz ham chalkashishiga yo‘l ochib beramiz.

Agar alifbo «S» harfini qo‘shish shu qadar muhim bo‘lsa, uni «Ts» o‘rniga qabul qilish kerak, deb o‘ylayman. O‘zbek tili nafaqat nazm va nasr asarlari, qolaversa, texnika asrida texnik terminlarni yozishda ham ishlatiladi. Aytalik, matematikada uchburchak va to‘rtburchaklarni belgilab olishda, a, b. c, d… kabi. Yoki yuridik terminlar, xorijiy tillardan o‘zlashgan joy, narsa nomlari, ism-familiyalarni yozishda: cirkul, picca, akciya, Cereteli, cinga, cunami, konstituciya, associaciya…

Qolaversa joriy alifboda odamlarning g‘ashiga tegayotgan «Tsex» — «Sex» so‘zi bilan bog‘liq muammo ham bartaraf etilgan bo‘lardi: Sex uchun qizlar ishga taklif qilinadi — Cex un qizlar ga taklif qilinadi.

Ha, o‘zbek tiliga «Ts» tovushi yot. Lekin qariyb 70 yil ichida undan foydalandik-ku. O‘zimiznikidek bo‘lib ketmadimi? Qolaversa, «C» qabul qilinsa uni aynan «Ts» shaklida yoppa o‘qishga majburlash yo‘q, istovchilar o‘ziga moslab «S» shaklida talaffuz etaverishi mumkin.

Agar «C» harfi «Ts» o‘rnida qabul qilinmaydigan bo‘lsa, unda undan osongina voz kechish va six ham, kabob ham kuymasligi uchun alifbomizda «A» va «B»dan so‘ng «Ç»ni joylashtirish kerak: a, b, ç, d, e… kabi.

Bu holda imlo qoidasiga «sex»ni «seh» shaklida yozishni joriy etish bilan boyagi muammoni bartaraf etish kerak, nihoyat: Sex uchun qizlar ishga taklif qilinadi — Seh un qizlar ga taklif qilinadi.

Ikkinchi taklif — Ŏ va Ğ harflarining ifodalanishi xususida

Ma'lumki, O‘zbekistonda qoraqalpoqlar allaqachon o‘z alifbosidagi birtirnoq — «‘» lardan voz kechib uni anchayin qulay ko‘rinishga keltirib olishgan va undan bemalol foydalanishmoqda.

Latín jazíwína tiykarlanǵan qaraqalpaq tili álipbesi

Yon qo‘shnimiz bo‘lgan qozoqlar ham 2025 yili lotin yozuviga to‘liq o‘tish ustida harakat olib borishmoqda va ular ham lotincha yozuvni avvaliga apostrofli qo‘shimcha harflar bilan qabul qilib, muhokamaga qo‘yib, alal-oqibat qoraqalpoqlarnikidek, urg‘uli qo‘shimcha harflardan foydalanishga qaror qilishdi.

Bizdan andaza olib avvalo qoraqalpoqlar, kichik bir islohot bilan so‘ngra qozoqlar «Sh, sh» va «Ch, ch» o‘rniga «Ş, ş» va «Ç, ç» harflarini joriy etishar balkim, lekin «Ŏ, ŏ» va «Ğ, ğ» ning ustidagi kabi belgilar ular ishlatayotgan boshqa harflarda yo‘q.

Shu sababli:

O‘ o‘ o‘rniga — Ó, ó;

G‘ g‘ o‘rniga — Ǵ, ǵ harflarini joriy etish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.

Chunki ishchi guruh harflar uchun YuNIKODning aynan qaysi simvollarini tanlash haqida yakdil to‘xtamga kelib bo‘lishmagan hali. Ayni paytda «Ş, ş» va «Ç, ç» harflari ifodalanishini juda ko‘pchilik ma'qullashayotganiga ham guvoh bo‘lib turibmiz. Faqatgina «Ŏ, ŏ» va «Ğ, ğ» harflarining ifodalanishi borasida texniklarning ham maslahatiga quloq tutish kerak bo‘ladi.

Biz joriy lotincha alifbo bilan ancha yashab qo‘ydik. To‘g‘ri u idealmas, kamchiliklardan butkul xoli emas, chunki har qanday alifboda ham o‘ziga yetarli kamchiliklar bo‘ladi. Biroq alifbomiz ko‘p muhokama qilindi. Deyarli hammaning taklifi eshitildi. Olimlarimiz va tilchilarimiz ma'lum bir murosaga kelishdi. Yagona variant shakllandi.

Lotincha imloda yozuvchi turk, ozarboyjon, turkman, qrimtatar kabi turkiy tillardagi «Ş, ş» va «Ç, ç» harflari joriy etilmoqda. Endi ko‘z o‘rgangan lotincha imlomizdagi «birtirnoq» bilan bog‘liq juz'iy kamchilikni tezroq bartaraf etib, Markaziy Osiyo davlatlariga xos lotincha imlodan ham andaza olib, uni barcha joylarda tezroq joriy etish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi, xolos.

 Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid