O‘zbekiston | 01:24 / 26.10.2018
10833
3 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi xodimlarini Toshkent shahriga doimiy propiskaga qo‘yish tartibiga qo‘shimcha kiritildi

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamda ishchi va xizmatchilarini doimiy propiska qilish to‘g‘risida ichki ishlar organlariga iltimosnoma kiritish vakolati mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari zimmasiga yuklandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga xabar qilmoqda.

2018 yil 24 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Rahbarlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xodimlarni doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori qabul qilindi. Shunga ko‘ra, Mudofaa vazirligi xodimlarini Toshkent shahriga doimiy propiskaga qo‘yish tartibiga qo‘shimcha kiritildi, ya'ni Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamda ishchi va xizmatchilarini doimiy propiska qilish to‘g‘risida ichki ishlar organlariga iltimosnoma kiritish vakolati mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari zimmasiga yuklandi.

Ushbu qaror ijrosiga qaratilgan mudofaa vazirining buyrug‘ida faqat yuqori malakali va tor ixtisoslikdagi harbiy xizmatchilar hamda ishchi va xizmatchilarni lavozimda turadigan davrga propiska qilinishi lozimligiga e'tibor qaratilishi ta'kidlandi. Propiska qilish uchun asoslanmagan iltimosnomalar kiritgan, shuningdek, harbiy xizmatchilar hamda ishchi va xizmatchilarning lavozimdan ozod qilinganligi, boshqa ishga o‘tganligi yoki pentsiyaga chiqqanligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabar bermagan komandir va boshliqlar bunga shaxsan javobgar bo‘lishi ogohlantirildi. Doimiy propiska qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma tegishli hujjatlar bilan birga qat'iy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasi orqali kiritiladi.

Mavzuga oid