Jamiyat | 17:12 / 29.10.2018
12250
4 daqiqa o‘qiladi

Elektr tarmoqlari korxonasining soxta xodimi qo‘lga tushdi

Illyustrativ foto

Azlar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Toshkent shahri, Chilonzor tumani elektr tarmoqlari korxonasi nazoratchisi bo‘lib ishlardi. Negadir unga bu ish yoqmay qoldi. Tez-tez shu haqda o‘ylar, katta daromad ilinjida tezroq boyib ketishni or­zu qilardi. Shu tariqa u tuman elektr tarmoqlari korxonasida or­tiq ishlamaydigan bo‘ldi. Azlar nima ish qilarini bilmay bir-ikki kun kalovlanib yurdi. Kunlar o‘tib borgan sari u do‘ppisi tor kelayotganini his qildi. Orzu qi­laverib charchadi shekilli,  zudlik bilan pul topishga bel bog‘ladi. O‘ylay-o‘ylay oxiri yo‘lini topdi.

Shu tariqa Azlar Chilonzor tumani 20-dahasida yashovchi xonadon egalarini "nishon"ga oldi. U o‘zini elektr tarmoqlari korxonasi xodimi deb tanishtirdi-da, nazoratchi rolini o‘ynashga kirishib ketdi.

Dastlabki "ov"ini 2017 yil 28 yanvar kuni amalga oshirdi. Chilonzor tumanining 20-dahasidagi  xonadonlardan birida istiqomat qi­luvchi Ha­kim Shodiyevning eshigini tap tortmay taqillatdi. Xonadon egasi eshik ocharkan, Azlar darrov nazoratchi rolini o‘y­nashga kirishdi.

Xonadoni egasidan foydalanilgan elektr energiya uchun 60 000 so‘m qarzdor ekanligini tushuntirdi. "Shov­voz" yigit pulni sanab olarkan, bamaylixotir iste'molchiga qalbaki kvitansiyaga yozuv-chizuvini tushirib, jimjimador qi­lib imzo ham qo‘yib berdi. Uning cho‘ntagi tumandagi 20-dahada yashovchi fuqarolarning mablag‘lari hisobidan to‘lib turdi. Azlarning tuzog‘iga ilinganlar ro‘yxati kun sayin ortaverdi.

2017 yil 1 mart kuni A. Imomovdan 134 000 so‘mni "shilib oldi".

Oradan uch kun o‘tib, ya'ni 4 martda J. Qobilovdan 100 000 so‘mni qurtdek sanab oldi. 5 avgust kunida esa, O. Shokirovani elektr energiya­sidan 160 000 so‘m qarzi borligini aytib, "ora­ni ochiq qildi".

14 avgustida esa, A. Imomovni yana 60 600 so‘mga chuv tushirdi. 24 sentabrda A. Soatov xonadonida "aktyor"lik mahoratini ishga solib 100 000 so‘mni qo‘lga kiritdi. 21 oktabrda J. Qobilovni yana aldab 100 000 so‘m bilan cho‘ntagini qappaytirib ketdi. 11 dekabrda esa, avvalgi "mijozi" O. Sho­ki­rovani laqillatib, yana 100 000 so‘mini oldi.

2018 yil 3 mart kuni u A. Soatovni yana "yo‘qlab" bordi. Undan olgan 75 000 so‘mni, odatiga ko‘ra, tuman elektr korxonasi tarmoqlari korxonasi hisobiga to‘lashini aytib, shu haqida o‘z qo‘li bilan imzolagan kvitansiyani tutqazdi.

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, degan maqol mag‘zini chaqmagan Azlar oxir-oqi­bat "manziliga yetib keldi". U sodir etgan jinoyat hu­quq-tartibot idoralari tomonidan tezda  fosh etildi. Sudning qora kursisidan joy olgan bu firibgar kimsa qilmishiga yarasha jazo oldi.

Bahodir Yusupov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudi sudyasi

 

Mavzuga oid