MB: mamlakatda iqtisodiy faollik oshgan, biroq ayrim salbiy omillar mavjud
Markaziy bank 2018 yilning III choragida iqtisodiyot real sektoridagi holat va kutilmalarni o‘rganish natijalarini e'lon qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning III choragi yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalari, umuman olganda mazkur chorak davomida mamlakatda iqtisodiy faollik darajasining II chorakka nisbatan oshganligini hamda iqtisodiy kutilmalarining yaxshilanganligini ko‘rsatmoqda.
So‘rovda qatnashgan korxona va tashkilotlarning 65 foizi (o‘tgan chorakda 56 foizi) mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish hajmining hamda eksportyorlarning 50 foizi (o‘tgan chorakda 43 foizi) eksport hajmining real hisobda oshganligini ma'lum qilgan.
Joriy yil yakuni bo‘yicha mahsulotlar (ish, xizmatlar) ishlab chiqarish real hajmining 2017 yilga nisbatan o‘sishini kutayotgan korxona va tashkilotlar ulushi II chorakdagi 69 foizdan III chorakda 76 foizgacha, eksport hajmining avvalgi yilga nisbatan oshishini prognoz qilayotgan eksportyor korxonalar ulushi esa 72 foizdan 82 foizgacha oshgan.
Ushbu natijalar bilan bir qatorda, so‘rov davomida iqtisodiyotning real sektorida ishlab chiqarishning yanada yuqori sur'atlarda o‘sishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarning saqlanib qolayotganligi hamda korxona va tashkilotlar moliyaviy-iqtisodiy faoliyatining ayrim ko‘rsatkichlarining nisbatan pasayganligi qayd etilgan.
Xususan:
iqtisodiyotda ishlab chiqarish va tadbirkorlik faoliyatini yuritish bilan bog‘liq xatarlarning (qiyinchiliklar, to‘siqlar, muammolarning) saqlanib qolayotganligini ma'lum qilgan respondentlar ulushining II chorakdagi 40 foizdan III chorakda 48 foizgacha oshganligi;
korxona va tashkilotlarning investitsion faolligining mazkur chorakda nisbatan sust darajada shakllanib, investitsiyalarni amalga oshirgan respondentlar ulushining II chorakdagi 43 foizdan III chorakda 33 foizgacha kamayganligi;
ish o‘rinlari sonining oshganligini ma'lum qilgan respondentlar ulushining 46 foizdan 37 foizgacha qisqarganligi;
korxona moliyaviy-iqtisodiy holatining yomonlashganini ma'lum qilgan respondentlar ulushining ko‘payganligi ma'lum bo‘ldi.
Shuningdek, so‘nggi so‘rov natijalari joriy yilning III choragi yakuni bo‘yicha ham, xuddi undan avvalgi chorakdagidek, korxona va tashkilotlarning 60 foizida ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasining 80 foizdan past darajada saqlanib qolganligini ko‘rsatmoqda. Bu esa, real sektor korxonalari ishlab chiqarish faoliyatining iqtisodiyotdagi yalpi talab o‘zgarishiga (faol fiskal va investitsion siyosat yuritilishi natijasidagi o‘sishiga) yetarlicha tezkor moslashuvchan emasligini anglatadi.
Ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanilmaslikning asosiy sabablari sifatida xom-ashyo ta'minoti bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatgan korxona va tashkilotlar ulushi II chorakdagi 28 foizdan III chorak yakuni bo‘yicha 43 foizgacha oshgan bo‘lib, so‘rov natijalari mazkur muammoning ayniqsa neft-gaz, kimyo, qurilish materiallari, yengil sanoat va oziq-ovqat sanoat tarmoqlarida hamda qurilish ishlari sohasida dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, respondent korxona va tashkilotlarning 34 foizi mahsulot (ish, xizmatlar) ishlab chiqarish hajmini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omil sifatida xom-ashyo materiallar narxining yuqoriligini ko‘rsatib o‘tganligini alohida ta'kidlash lozim.
Bundan tashqari, tabiiy gaz va elektr energiyasi ta'minoti hamda infratuzilma obektlaridan (avtomobil va temir yo‘llar, suv va kanalizatsiya tarmoqlari va boshqalardan) foydalanish borasida holat yaxshilangan bo‘lsada, respondentlarning 26 foizi (II chorakda 32 foiz) tabiiy gaz ta'minotida, 32 foizi (II chorakda 39 foiz) elektr energiyasi ta'minotida hamda 41 foizi (II chorakda 45 foiz) infratuzilma obektlaridan foydalanish borasida muammolarning mavjudligini ma'lum qilgan.
So‘rov doirasida korxonalarning eksport faoliyati rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar ham o‘rganilgan bo‘lib, respondent korxonalarning 21 foizi transport xarajatlarining yuqoriligini, 14 foizi eksport qilish bilan bog‘liq jarayonlarning murakkabligini hamda 18 foizi tashqi bozorlarda korxona mahsulotlariga talab va narx bo‘yicha ma'lumotlarning yetarli emasligini asosiy sabablar sifatida ko‘rsatgan.
So‘rov natijalari joriy yilning III choragida iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning avvalgi chorakka nisbatan kuchayganligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, ushbu chorakda o‘z mahsulotlari (ish, xizmatlari) narxini oshirgan korxona va tashkilotlar ulushi 38 foizdan 54 foizgacha oshgan bo‘lib, respondentlarning 74 foizida (II chorakda 70 foiz) narxlarning o‘sishi 1-10 foiz oralig‘ida shakllangan.
Mavzuga oid
21:28 / 19.12.2024
2025 yilda 43 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda
21:11 / 19.12.2024
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari e’lon qilindi
13:41 / 16.12.2024
2030 yilga borib O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 200 mlrd dollarga yetishi mumkin
20:24 / 14.12.2024