O‘zbekiston | 15:57 / 31.10.2018
60231
3 daqiqa o‘qiladi

YHXX xodimlari qachondan individual kameralar bilan ishlay boshlashi ma'lum qilindi

Foto: Kun.uz

31 oktabr kuni Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev boshchiligida bo‘lib o‘tgan brifing davomida YHXX xodimlarini individual kameralar bilan ta'minlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

«Kun.uz» muxbiri xabar qilishicha, bugungi kunga kelib kamera bilan ta'minlash tizimini ishga tushirish bo‘yicha barcha zaruriy hujjatlar tayyorlangan, dasturlar ishlab chiqilgan. Hozir kerakli miqdorda uskunalar xarid qilish uchun tender o‘tkazilishi mo‘ljalllanmoqda. Rejaga ko‘ra, 2019 yilning mart oyidan boshlab YHXX xodimlari maxsus kamera bilan ishlay boshlashadi.

Bu kameralarning o‘ziga xos jihati shundaki, uni ishga kelib taqib olgan xodim butun xizmat davomida yecha olmaydi. Agar yechib qo‘ysa, yoki kamera 5 daqiqadan ortiq harakatsiz qolsa, darhol markazga signal yuboriladi. Dasturiy ta'minot va zarur uskunalar bilan ta'minlovchi xorijlik mutaxassislar O‘zbekistonda joriy etilayotgan tizim ko‘p jihatdan o‘ziga xosligini ta'kidlashgan.

Bundan tashqari, brifingda yo‘l harakatida qoidabuzarlik holati qayd etilganda haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilmasligi to‘g‘risida ham so‘z bordi.

Ta'kidlanishicha, ko‘pchilik bu yangilikni har qanday qoidabuzarlik holatida ham haydovchilik guvohnomasi olinmaydi, deya talqin qila boshlagan. Aslida unday emas. Ko‘p hollarda, aniqrog‘i 14 xil vaziyatda, masalan – harakatlanish davomida uyali telefondan foydalanish holati takror sodir etilganda ma'muriy sud haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish yoki qilmaslik to‘g‘risida qaror chiqarishi uchun guvohnoma olinadi va hujjatlarga ilova qilinadi. Takror sodir etilayotgan qoidabuzarlik holati YHXX xodimlari uchun maxsus ishlab chiqilgan va uyali telefonda foydalanish mumkin bo‘lgan dastur orqali aniqlanadi.

Shu kunga qadar Toshkent shahrida oyiga o‘rta hisobda 20 ming donaga qadar haydovchilik guvohnomalari kerakli chora ko‘rish uchun olib qo‘yilgan. Endi ko‘p hollarda bunday qilinmasligi ortidan haydovchilarga yengillik yaratish bilan birga ularning javobgarligi ham oshiriladi. Chunki qoidabuzarlik qayd etilganidan keyin ham SMS, ham pochta orqali maxsus xat yordamida qoidabuzarga xabar beriladi va haydovchi 15 kun davomida o‘ziga qulay usulda jarimani to‘lashi mumkin. Muddat o‘tganidan keyin undirish masalasi MIBga yuklanadi.

Bu o‘z navbatida jarimalar to‘lash, guvohnomalarni olishdagi uzundan-uzoq navbatlarning oldini olishda yordam beradi.

Mavzuga oid