O‘zbekiston | 21:40 / 31.10.2018
36250
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident raisligida qishloq xo‘jaligi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 oktabr kuni qishloq xo‘jaligini kompleks rivojlantirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, mahsulotlar eksportini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar, ayniqsa, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini keng joriy qilish masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. 

«Isroil davlatining bu boradagi tajribasi ko‘rsatib o‘tildi. U yerda qishloq xo‘jaligi tomchilatib sug‘orishga moslashgani uchun bir kilometr ham kollektor drenaj tarmog‘i va sho‘rlangan maydonlar yo‘q. Melioratsiya tadbirlariga umuman xarajat qilinmaydi.

Yurtimizda suvni tejash texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha yetarli ish olib borilmayotgani, buning oqibatida 140 ming kilometr uzunlikdagi kollektor drenajlarga katta mablag‘ sarf bo‘layotgani tanqid qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

«Suvni tejovchi texnologiyani qo‘llash hisobiga 50-60 foiz suvni iqtisod qilish mumkin. Birgina ko‘chma egiluvchan quvurlardan foydalanish suvni 10-15 foizga, tomchilatib sug‘orish esa 35-65 foizga tejash imkonini beradi. Lekin, tomchilatib sug‘orish tizimi juda kam maydonlarda joriy etilgan, xolos», – degan Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, 2019-2021 yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermerlar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta'kidlangan. 

Qishloq xo‘jaligi kompleksidagi eng asosiy masalalardan biri eksportbop meva-sabzavot yetishtirish va uni eksport qilishdir. Ammo Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi hududlar rahbarlari bilan tizimli ish olib bormagani oqibatida eksport prognozini to‘liq ta'minlay olmaslik xavfi mavjudligi qayd etilgan.

Shu bois har bir hudud bilan eksport bo‘yicha ikki oylik rejani kunma-kun belgilab, tizimli bajarish vazifasi qo‘yilgan. Shu bilan birga, kegusi yil eksporti uchun sabzavot ekinlarini ekish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. 

O‘zbekistonning iqlim sharoiti ertapishar mahsulotlar yetishtirish imkonini beradi. Bahor oylarida xorijiy mamlakatlarda ularga talab ortadi. Lekin bu imkoniyatdan unumli foydalanilmayapti. 

Yig‘ilishda tegishli vazirlik va tashkilotlarga Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Yaponiya va boshqa davlatlar bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

«Yana bir bor aytaman, eksport davlatimiz siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shuning uchun har bir vazirlik va idora eksportni rivojlantirishi kerak», – deya ta'kidlagan prezident. 

Yig‘ilishda yangi tashkil qilingan uyushmalar faoliyatiga ham e'tibor qaratilgan. Ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha yangilikka intilmayotgani, sohadagi o‘rni sezilmayotgani tanqid qilingan.

Qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga investitsiyalarni, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish zarurligi ta'kidlangan. 

Yerni haqiqiy egasiga berish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, urug‘chilikni rivojlantirish, mineral o‘g‘itlar yetkazib berish tizimini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi texnika parkini yangilash, mahsulotlarni qayta ishlash sohasini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda dolzarb vazifalar belgilab berilgan.  

Mavzuga oid