O‘zbekiston | 01:56 / 31.10.2018
32572
3 daqiqa o‘qiladi

Shahrixondagi qishloqda Katta Farg‘ona kanali qirg‘oqni yuvib ketdi

30 oktabr kuni soat 8:30 larda Katta Farg‘ona kanalining Andijon viloyati, Shahrixon tumani, Nazarmahram qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi joyida (878-piket) kanal suvi qirg‘oqni yuvib ketgan.

Oqibatda, qirg‘oqda eni 2-3 metr uzunlikdagi yoriqdan katta suv oqimi qirg‘oq bo‘yidagi daraxtzorlar tomon oqib o‘ta boshlaydi. Tuman hokimligi tomonidan zudlik bilan ishchi guruhi tuzilib, damba qurish uchun tumandagi mavjud texnika, mutaxassislar va mahalliy aholi jalb qilingan.

Suv shiddat oqib o‘tayotgan yoriqqa tosh, shag‘al va shox-shabba tashlab damba qurish uchun 4,5 soat vaqt ketdi. Ayni paytda dambani mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.

Kanal suv oqimi yuvib ketgan joy aholi punktidan uzoq bo‘lgani uchun turarjoylar va odamlar zarar ko‘rmagan.  

Katta Farg‘ona kanali – Farg‘ona vodiysida qurilgan eng yirik gidrotexnika inshootlaridan biri. O‘zbekiston (283 km), Tojikiston (62 km) va Qirg‘iziston (13 km) hududidan o‘tadi. Vodiyni shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga tomon kesib o‘tgan.

Asosiy o‘zani uzunligi 350 kilometr.  

 

                                                                                       Elmurod Ermatov, Andijon
                                                                                        
KUN.UZ muxbiri  

Mavzuga oid