Jamiyat | 10:40 / 01.11.2018
14563
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimi qator ijtimoiy obektlardagi ahvolni keskin tanqid qildi

Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov Termiz shahridagi bog‘cha, maktab, shifoxona va boshqa muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan obektlardagi mavjud ahvol, ularning qishki mavsumga tayyorgarlik holatini o‘rgandi.

Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Termiz filiali hamda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidagi ahvol bilan yaqindan tanishar ekan, viloyat hokimi bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, dori-darmon ta'minoti, taomlar va oziq-ovqat mahsulotlari sifati, sanitar ahvol bilan qiziqdi. Bemorlar bilan suhbatlashib, palatalar sovuqligi, isitish tizimi hamon ishga tushirilmaganini keskin tanqid qildi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

10-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi hamda 2-umumiy o‘rta ta'lim maktabidagi ahvol esa yanada ayanchli. Bog‘cha tarbiyalanuvchilari elektr simlari izdan chiqqan, isitish tizimi ishlamaydigan qorong‘i va sovuq xonalarda mashg‘ulotlarni o‘tashmoqda. Sinfxonalar sovuqligidan maktab o‘quvchilari darsda qishki kiyimlarda o‘tirishibdi. Elektr energiyasini tejashmoqchi shekilli, to‘garak mashg‘uloti qorong‘i sinfxonada olib borilayotgan ekan.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Markaziy dehqon bozori o‘rganilganda yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotganligi, bu yerda ko‘plab savdo xodimlarining na o‘zi, na u sotayotgan mahsulotlari mavjud sanitariya talablariga javob bermasligi holatlari aniqlandi.

 Yozda quyoshdan, qish va bahorda qor va yomg‘irdan saqlanish va avtobus kutish uchun shaharda shu kungacha zamonaviy sharoitlarga ega 8 ta innovatsion “Aqlli” bekatlar foydalanishga topshirildi. Bugungi sovuq va yomg‘irli kunda esa ularning ayrimlariga qulf osilganining guvohi bo‘ldik. Yo‘lovchilar yomg‘irda ivib, tashqarida avtobusni kutishga majbur bo‘lishmoqda.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

O‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga tanqidiy fikr-mulohazalar bildirildi. Ularga o‘z faoliyatiga talabchanlik, javobgarlik va mas'uliyat hissi bilan yondashishi muhimligi ta'kidlanib, ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni qisqa fursatlarda bartaraf etish to‘g‘risida qat'iy topshiriqlar berildi.

Termizga tashrif buyurgan kishi borki, dastlab Arxeologiya muzeyi faoliyati bilan tanishadi. O‘rganish jarayonida ushbu muzeyda ham bo‘lgan viloyat hokimi voha tarixi va madaniyatiga oid eksponatlar sonini yanada ko‘paytirish, bu yerga yoshlarni kengroq jalb qilish, ekskursiyalar tashkil qilish borasida ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid