O‘zbekiston | 21:55 / 01.11.2018
44219
6 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetovning hibsga olinishi va sud qilinishi tafsilotlari ma'lum bo‘ldi

29 oktabr kuni «Xorazm yoshlari» gazetasi muharriri o‘rinbosari, jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov Qo‘shko‘pir tumani Ma'muriy ishlar bo‘yicha sud qaroriga ko‘ra 7 sutkaga qamaldi.

25 oktabr kuni Davlatnazar Ro‘zmetov Qo‘shko‘pir tumani hokimligida o‘tkazilgan kechki yig‘ilishda qatnashgan. Shundan so‘ng, tunda u Xiva tumanidagi narkologiya dispanseriga olib ketilgan va ertalab qo‘yib yuborilgan. 29 oktabr kuni esa xizmat vazifasini o‘tayotgan paytda, Qo‘shko‘pir tumani IIB xodimlari tomonidan Urganch shahrida ushlangan. Bu voqeani «Jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov nega qamoqqa olindi?», degan maqolamizda yoritgan edik.

Biz Qo‘shko‘pir tumani hokimligidagi yig‘ilishda bevosita qatnashgan «Nuroniy» xayriya jamg‘armasi rahbari Sultonnazir O‘rozmetov bilan suhbatlashdik. U quyidagilarni ma'lum qildi.

«25 oktabr kuni Xorazm viloyati hokimining videoselektori bo‘ldi. Men ham qatnashdim. U tugagach, Qo‘shko‘pir tumani hokimi Jo‘rabek Rahimov kichik majlis qildi. Unda paxta terimida faol ishtirok etganlarga yog‘ tarqatish masalasi ko‘rildi. Shu payt zalning orqa tomonidan kimdir «Bu ochiq majlismi yoki yopiqmi? Men «Xorazm yoshlari» gazetasi muharriri o‘rinbosariman. Agar ochiq bo‘lsa ishtirok etaman», degan ovoz keldi. Bu gapni bir necha marta, baqirib, to‘xtamasdan takrorladi. Shunda men hayron qolib, orqaga o‘girilib qaradim va Davlatnazar Ro‘zmetov ekanini ko‘rdim. Hokim «Ochiq majlis», deganidan so‘ng, u joyiga o‘tirdi. Shundan so‘ng, yig‘ilish qisqa vaqt davom etdi va uning oxiriga qadar hech qanday janjal yoki yoqalashuv bo‘lmadi.

Majlisdan so‘ng, Davlatnazar oldimga keldi va biz biroz suhbatlashdik. Shunda uning so‘zlari bejo ekanini sezdim, balki shirakayf bo‘lganligidandir, bilmadim. Xullas, uning holatidan hayron bo‘ldim. Keyin militsiya formasini kiygan ikki xodim kelib, «Yuring, sizga gapimiz bor», deb Davlatnazarni olib ketishdi, bor gap shu», - dedi O‘rozmetov.

Davlatnazar Ro‘zmetovning hibsga olinish tafsilotlarini aniqlash maqsadida, «Xorazm yoshlari» gazetasi muharriri Erpo‘lat Baxt bilan suhbatlashdik.

«29 oktabr kuni tushdan keyin Davlatnazar Ro‘zmetov bilan telefonda suhbatlashdim. U menga: «Urganch shahridagi xalqaro matematika olimpiadasidaman. Menga militsiya xodimlaridan tinmasdan qo‘ng‘iroqlar bo‘lyapti, qamab qo‘yishsa kerak deb xavotir olyapman, nima qilay?», - dedi. Shundan so‘ng, gapi uzilib qoldi va birdan g‘ala-g‘ovur boshlanib ketdi. Aloqa uzilmagani va telefonni o‘chirmagani bois, u yerdagilarning gap-so‘zlarini eshitib turdim. Davlatnazar militsiya xodimlari bilan tortishib turganini bildim. Shundan so‘ng, aloqa uzildi.

2 soatlardan keyin qo‘ng‘iroq qilsam, o‘zi javob berdi. «Meni ma'muriy sudga olib kelishdi, sud qilishmoqchi, qamab qo‘yishmoqchi, yordam berarsiz», dedi. Shundan keyin aloqa batamom uzildi. Yarim tungacha unga qo‘ng‘iroq qildim, oxiri bir odam javob berdi. «Men Boltaboy Matqurbanovman, Davlatnazar 7 sutkaga qamaldi, sudda o‘zim qatnashdim», deb aytdi», - dedi Erpo‘lat Baxt.

Davlatnazar Ro‘zmetov ustidan o‘tkazilgan Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudida qatnashgan, «Qishloq hayoti» gazetasi muxbiri Boltaboy Matqurbanov bizga quyidagilarni ma'lum qildi.

«Davlatnazar Ro‘zmetov bilan yaqindan tanishmiz, kasbimiz doirasida ko‘p hamkorlik qilganmiz. 29 oktabr kuni menga qo‘ng‘iroq qilib, «Meni sud qilishmoqchi, Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudiga keling, iltimos», deb aytdi. Zudlik bilan sud binosiga keldim va sud majlisida qatnashdim. Unda 3 nafar guvoh ko‘rsatma berdi. Ular majlis zalida bo‘lgan voqeani aytib berishdi. Ular shu hokimiyatda ishlaydigan xodimlar ekan. Sud tez tamom bo‘ldi. Davlatnazar 183-modda bo‘yicha aybdor deb topildi va 7 sutka qamoq jazosi tayinlandi. Shundan so‘ng, Davlatnazarning qo‘liga kishan solib, olib ketishdi», - dedi Matqurbanov.

Eslatib o‘tamiz, Davlatnazar Ro‘zmetov O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, 7 sutka ma'muriy qamoq jazosiga mahkum qilindi. Bu modda mayda bezorlikni, ya'ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikni ko‘zda tutadi. 183-moddaga asosan javobgar shaxslar eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid