2 noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikni to‘xtatish xalqaro kuni
“Hukumatlar turli bahonalar bilan mustaqil OAVlarni ta'qib qilib, internetdagi kontentni nazorat qilishga harakat qiladi. Jurnalistlar esa ko‘pincha o‘z professionalligi va haqiqatparvarligi uchun o‘z erkinligi, ba'zan esa hayoti bilan hisoblashadi”. Bu YuNeSKO “2 noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikni to‘xtatish xalqaro kuni” munosabati bilan yodga solayotgan ba'zi tendensiyalar, xolos.
Raqamlarga murojaat qilamiz: 2012 yildan 2016 yilga qadar 530 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Eng ko‘p qurbonlar tele- va radiojurnalistlar hamda bosma OAV xodimlari orasida qayd etilgan. Jurnalistlar uchun eng xavfli joylar esa – arab mamlakatlari. Asosan xalqaro jurnalistlarning o‘limi ovoza bo‘lsa-da, halok bo‘lganlarning 92 foizi – mahalliy muxbirlar. Ta'kidlash joizki, jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning 90 foizi jazosiz qolmoqda.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, yana bir xavotirga asos bo‘luvchi tendensiya – OAVda ishlovchi ayollarga qarshi zo‘ravonlik holatlarining o‘sishi.
Shuningdek Gutterish birgina shu yilning o‘zida kamida 88 jurnalist o‘ldirilganini yodga soldi. “Yana minglab nafari huquqiy asossiz turli hujumlar va ta'qiblarga duch keldi”, - deydi u.
Raqamli jurnalistika – hukumatlar nishonida
Bugun, internet ma'lumot almashishning yetakchi vositasiga aylanayotgan, kuchli tarmoq platformalari esa tobora ko‘proq ta'sirga ega bo‘layotgan bir davrda, ularning faoliyati tartibga solinishidan manfaatdor sud va ijrochi hukumat vakillari ularga kattaroq e'tibor qaratmoqda.
YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, barcha mintaqalarda raqamli maydonda ishlaydigan jurnalistlar xavfsizligiga tahdid o‘sib bormoqda. Birgina 2015 yildan 2016 yilgacha internet-resurslarning yopilish holatlari uch baravardan ko‘proqqa oshdi. Onlayn-kontentni filtrlash va bloklash tajribasi kengaymoqda. Internet-nashrlar xodimlari tarmoqda tahdid va ta'qiblarga, noqonuniy kuzatuvlar yo‘liqishmoqda, ularga qarshi turli kampaniyalar tashkil qilinmoqda, veb-saytlarga kiberhujumlar qayd etilmoqda.
OAVga ishonch pasaymoqda
Gellap instituti tomonidan dunyoning 131 mamlakati aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan oxirgi so‘rovlarning ko‘rsatishicha, odamlarda OAV erkinligiga asta-sekin ta'sir o‘tkazilayotgani va ularga bo‘lgan ishonch yo‘qolayotganiga oid tasavvur paydo bo‘lmoqda.
Masalan, ko‘p media-resurslarning davlat va korporativ subsidiyalarga tobeligi ularning tahririy mustaqilligiga nisbatan shubha uyg‘otmay qolmaydi. Boshqa tomondan, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar haddan tashqari yovlarcha ritorika obektiga aylanmoqda, jumladan yuqori lavozimdagi amaldorlar tomonidan ham. YuNeSKO ekspertlari so‘zlariga ko‘ra, bunday xatti-harakatlar jurnalistlar hamjamiyatining erkin fikr bildirishi va ularga bo‘lgan ishonchning so‘nishidek xavflarni keltirib chiqaradi.
Jurnalistika – jinoyat emas
Shunga qaramay, so‘rovnomaga ko‘ra, butun dunyo odamlari OAV erkinligi mohiyati va qadrini tan olishmoqda. BMTda jurnalistlar himoyasi masalasi oldingi o‘rinlarga chiqmoqda – u Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashining kun tartibiga kiritilgan. YuNeSKO tashabbusi bilan, Bosh Assambleya jurnalistlar xavfsizligini ta'minlashga oid chora-tadbirlar rejasini tasdiqladi va bu borada muayyan yutuqlarga erishildi. Ma'lumot erkinligi haqidagi qonunni qabul qilgan mamlakatlar soni besh yil ichida 90 tadan 112 taga oshdi. YuNeSKOga a'zo mamlakatlarning 74 foizi jurnalistlar xavfsizligiga oid ma'lumotlarni taqdim etib keladi.
“Jurnalistika – jinoyat emas. Ularning va halok bo‘lgan hamkasblarining mehnati bizga haqiqat hech qachon o‘lmasligini yodga soladi”, - dedi Antoniu Guterrish va hukumatlar hamda xalqaro hamjamiyatni jurnalistlarni himoya qilishga va ularning faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga chaqirdi.
Mavzuga oid
13:38 / 24.12.2024
“Bolalar sovuqdan muzlayapti” – BMT vakillari qish falastinliklar hayotini yanada og‘irlashtirayotganini ma’lum qildi
15:00 / 21.12.2024
Kun.uz'ning YouTube'dagi obunachilari soni 3 milliondan oshdi
21:49 / 12.12.2024
Avstraliya internet kompaniyalarni mahalliy OAV kontenti uchun pul to‘lashga majbur qiladi
21:26 / 12.12.2024