Jamiyat | 20:21 / 08.11.2018
5874
9 daqiqa o‘qiladi

Feyklar, dezinformatsiya va raqamli ma'lumotlar davri – YeXHT jurnalistika kelajagi haqida

7-8 noyabr kunlari Ostona shahrida “Jurnalistika kelajagi“ mavzusida yigirmanchi YeXHT Markaziy Osiyo konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Konferentsiya kun tartibidan raqamli ma'lumotlar davrida axborot sifati va jurnalistika kelajagi, dezinformatsiya va unga qarshi kurash yo‘llari, foydalanuvchilar kontentining o‘ziga xos jihatlari va ommalashtirish xatarlari, faktcheking va mediasavodxonlik feyklarga qarshi universal qurol sifatida, shuningdek, yolg‘on ma'lumotlar keng tarqalayotgan zamonda sifatli jurnalistika standartlari kabi mavzular o‘rin olgan. 

So‘zga chiqqanlar tobora ortib borayotgan raqamlashtirish munosabati bilan mushtarak mavzular bo‘lishi muhimligini qayd etdi. Ta'kidlanganidek, internet barchaning so‘nggi ma'lumotlardan xabardor bo‘lishi uchun ulkan qulayliklar taqdim etib qolmay, uning auditoriyasi uchun ham axborot yaratish va tarqatish imkonini bermoqda. Biroq, yangi axborot ekotizimida yolg‘on xabarlar ko‘payayotgani jiddiy xatarga aylanib, faktlar bilan ishlashda jurnalistikaning professionallik darajasi masalasining dolzarb ahamiyatini keltirib chiqardi va faktlarni tekshirish ko‘nikmasini takomillashtirishni taqozo etmoqda. 

Salford universiteti xalqaro jurnalistika bo‘yicha magistrlik dasturi rahbari Marek Bekerman (Buyuk Britaniya) yolg‘on xabarlar manipulyatsiya quroliga aylanib borayotgani va ularga qarshi kurash uchun feyklarga qarshi o‘ziga xos samarali “dori“ hisoblangan faktcheking ustida ishlash kerak, deb hisoblaydi. Fikrini davom ettirar ekan, u yolg‘on xabar tarqatishga qarshi universal vosita mavjud emasligi, har bir tuzilma o‘z chora-tadbirlarini amalga oshirayotgani va jurnalistika sifatini oshirish yo‘lida mehnat qilish lozimligini ta'kidlab o‘tdi. 

– Yolg‘on xabarlar fenomeni – bu aysberg yuqorisi bo‘lib, uning pastki qismida boshqa muammolar ham yashiringan. “Feyk” so‘zi – nafaqat professionallik masalasi, u allaqachon siyosiy tus olgan, shu munosabat bilan Buyuk Britaniya hukumati rasmiy hujjatlarda “yolg‘on xabarlar“ degan tushunchadan foydalanishni taqiqladi, – dedi Marek Bekerman. 

Ijtimoiy tarmoqlar feyklarni tarqatish kanallaridan biri hisoblanadi. Social medianing tobora ortib borayotgan roli va ta'siri haqida so‘zlar ekan, ma'ruzachilar jurnalistlarning ijtimoiy tarmoqlarda ishlash tamoyillarini qayd etdi. Birinchidan, bu ijtimoiy mediadan akkaunt egalari o‘z fikrlarini bildirish manbai sifatida foydalanadi. Ikkinchidan, u nashrlarda foydalanish uchun jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun maydonchadir. Uchinchidan, bu jurnalist tekshiruvi o‘tkazishda muhokamalar va axborot tizgini monitoringi uchun quroldir. 

Konferentsiya davomida tartibga solish yo‘llari mavjud emasligi sababli anchayin jiddiy xavfga aylanib borayotgan “deep-fakes” (sun'iy idrok texnologiyalarini qo‘llagan holda axborot, foto va videolarni qalbakilashtirish) holatlari muhokamalar markazida bo‘ldi. Ushbu texnologiyalardan foydalangan holda, axborot hujumlariga ayrim davlat rahbarlari ham uchradi va bu mulohaza uchun jiddiy mavzudir. 

Hozirgi vaqtda feyklarning keng tarqalishi bilan bog‘liq holatlar professional jurnalistikaga raxna solayotgan xatarlardan. Biroq bu masalani hal etish uchun faqat jurnalistikaga e'tibor qaratish yetarli emas, umuman olganda faktchekingni aholi media va axborot savodxonligining tayanch unsuri sifatida ko‘rib chiqish zarur. 

Konferentsiya chog‘ida muhokama etilgan mavzular doirasida ekspertlar feyklarga qarshi kurash sohasida turli mamlakatlar tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Masalan, norvegiyalik jurnalist Tore Bergsaker feyklarni oshkor qilish ustida ishlayotgan bir qancha OAVlar hamkorligida amalga oshirilayotgan Faktisk loyihasi haqida so‘zladi. 

Konferentsiyaning alohida sessiyalarida O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston vakillari ishtirok etib, o‘z mamlakatlari misolida feyklar bilan ishlash qay tarzda olib borilayotgani, jurnalistika sifatini qonunchilik, axloqiy, tadqiqiy va amaliy jihatdan oshirish haqida so‘z yuritdi. 

O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori G.Bobojonova ta'kidlaganidek, feyklarga qarshi kurashda jurnalistlar, avvalo axborotni tekshirishi, muqobil manbalar izlashi va tezkorlik ketidan quvib aniqlikni xavf ostiga qo‘ymasligi kerak. Faktcheking va axborot manbalarini tekshirish uchun jurnalistlar professionallik darajasini, ularning ko‘plab multimediya platformalaridan foydalanish bo‘yicha malakasini oshirish unga erishish yo‘llaridan biridir. OAVni tartibga solishni kuchaytirish yana bir muhim vosita bo‘lib, bu jurnalistlarning jamiyat oldidagi mas'uliyatini sezilarli darajada oshirish va ularning o‘z faoliyatida odob-axloq me'yorlariga rioya etishi uchun zamin yaratadi. 

– O‘zbekistonda OAVni tartibga solishni yanada rivojlantirish uchun shu kunlarda joriy yil yakunida jurnalistlar hamjamiyati tomonidan qabul qilinishi ko‘zda tutilayotgan jurnalistlar milliy axloq kodeksi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, mamlakatimizda Media-ombudsman faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu ham, o‘z navbatida, OAVda feyk va dezinformatsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin tutib, milliy OAVni sifat jihatdan yuksak darajaga ko‘taradi, – dedi G.Bobojonova. 

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bo‘lim boshlig‘i A.Kan o‘z chiqishida O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil ichida so‘z erkinligini ta'minlash borasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilganini qayd etdi. Qonunchilik sohasidagi o‘zgarishlar, OAVni ro‘yxatga olish sohasidagi qator ishlar, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining byurokratik to‘siqlarga barham beruvchi elektron shaklga o‘tkazilishi ta'kidlandi. Mamlakatimiz bo‘ylab faoliyat yurituvchi va hukumatni jamiyatdagi mavjud muammolardan xabardor qilishga qaratilgan Prezident va davlat organlari rahbarlarining virtual qabulxonalari ijobiy namuna sifatida e'tirof etildi. Shu munosabat bilan davlat organlariga kelib tushgan har bir murojaatni o‘rganish vazifasi yuklatilgan bo‘lib, bunday islohotlar bugungi kunda asosiy vazifasi zamon bilan hamnafas bo‘lish bo‘lgan hukumat uchun oshkoralik masalasining dolzarbligi hisoblanishi shubhasiz. 

– Milliy axborot resurslari o‘sish va rivojlanish davrini boshidan kechirayotgan bir paytda jurnalistlar malakasini oshirish ushbu sohadagi ishlarning alohida yo‘nalishi hisoblanadi, – dedi A.Kan. – O‘zbekistonda OAV sohasi yaxlitligini ta'minlash va uni islohotlar bilan yanada keng qamrab olish uchun yosh kadrlar tayyorlash masalasi ham dolzarb. Shundan kelib chiqib, 2018 yil may oyida alohida oliy ta'lim muassasasi – O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi. Unda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. 

Anjuman davomida o‘z-o‘zini tartibga solish sohasida turli mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashildi, bu yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish va davom ettirish maqsadga muvofiq. Bugun o‘z-o‘zini tartibga solishning talay mexanizmlari mavjud bo‘lib, odob-axloq qoidalarini takomillashtirish ham bu borada mustaqil vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Har bir foydalanuvchi axborot muallifi va hammuallifiga aylanishi mumkin bo‘lgan foydalanuvchilar kontenti ortib borayotgan hozirgi sharoitda bu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu jihatdan, aholining OAV rolini anglab yetishga nisbatan mediasavodxonligini oshirish g‘oyasi zamonaviy axborot almashinuvini tartibga solishda muhimdir. 

Konferentsiya rezolyutsiyasi sifatida raqamlashtirish davrida so‘z erkinligi, axborot sifati va OAV plyuralizmi, o‘z-o‘zini tartibga solish va faktcheking, mediasavodxonlik masalalari, “nafrat tili“ deb nomlangan beshta mavzuga doir blokdan iborat “Dastlabki tavsiyalar“ nomli hujjat ishlab chiqildi. Hujjatning elektron talqini bilan YeXHT sayti (www.osce.org)da tanishish mumkin. 

Nozima Muratova,

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Internet-jurnalistika va ijtimoiy media fakulteti dekani.

Mavzuga oid