Jamiyat | 13:10 / 09.11.2018
87169
8 daqiqa o‘qiladi

Buloqboshilik uch o‘g‘il egizak tuqqan onaga tuman hokimligi qanday «muruvvat» ko‘rsatgani haqida...

Farzand, nasl davomchisi tug‘ilishi oilaga quvonch baxsh etadi. Lekin, endi uni sog‘-salomat, har tomonlama barkamol holda ulg‘aytirib, jamiyatga nafi tegadigan inson qilib kamolga yetkazish mas'uliyati ham bor. Farzandlarni kamolga yetkazishda davlat tomonidan juda ko‘p imtiyozlar belgilangani ko‘pchilikka ayon. Zero, har bir tug‘ilgan chaqaloqning sog‘ va ilmli bo‘lib ulg‘ayishi mamlakat kelajagini belgilaydi.

Oilada odatiy holda bir dona tug‘ilgan chaqaloqni bir-ikki yashar qilib olish mashaqqatli jarayon. Ota-ona, qarindosh-urug‘ uning atrofida ming parvona bo‘lib parvarish qilishadi. Egizak farzand tug‘ilsa, ularni oyoqqa turg‘izish undanda qiyin.

Buloqboshi tumani, Shirmonbuloq qishlog‘ida yashovchi Xidirovlar oilasiga Yaratgan juda katta ne'mat ato etdi. Shu yilning 14 iyun kuni oilada birdaniga bir emas, ikki emas, uch chaqaloq dunyoga keldi. Bir o‘g‘il farzandni katta qilayotgan Baxtiyorjon va Diyoraxonlar uch o‘g‘illik bo‘lishdi. Uchalasi ham sog‘lom holatda dunyoga keldi. Ularga, yaxshi niyatda Izzatbek, Islombek, Imronbek ismlarini qo‘yishdi.

Birdaniga uchta farzandli bo‘lish quvonchli bo‘lishi bilan birgalikda o‘ziga xos mashaqqat hamdir. Onaning uch chaqaloqqa ko‘krak suti yetmaydi. Har kuni ozuqa sotib olish kerak. Taglik, dori-darmon degandek. Uchalasi birin-ketin yig‘laydi. Onaning bir o‘zi ularni parvarishlashga jismoniy kuchi yetmasligi kundek ravshan. Yordamchi, ko‘makchilar zarur. Hozir uch chaqaloqqa ikki quda tomon «navbatchilik» yo‘li bilan qarashmoqda.

Tuman hokimligi tug‘ilishi xalq orasida shov-shuv bo‘lgan uch polvonga aravachalar va 2 yoshgacha bo‘lgan nafaqa puli berilishini aytadi. Lekin, bu va'dalar va'daligicha qoldi.

Eh-he.. Ona tuman va viloyat hokimligiga necha marta yozma va og‘zaki murojaat qilmadi, deysiz…

Hatto, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun beriladigan nafaqani ham bermadilar

Uch egizak parvarishidek qiyin ishni uddalayotgan Diyoraxon Xidirova hujjatlarni rasmiylashtirib MFYga bordi.

Onaizor murojaatidan: «Va'dalardan xursand bo‘lib, hujjatlarni yashash joyimdagi MFYga ariza bilan topshirdim. Mahalla fuqarolar yig‘iniga iyul oyida uchraganimda «Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash» komissiyasi avgust oyida tuzilishini aytib, arizamni qabul qilishmadi. Avgust oyida topshirgan hujjatlarga 10 sentabr kuni yozma javob xati ko‘rinishida, turmush o‘rtog‘im davlat ishida ishlashini, oylik maoshi ko‘p ekanligini ro‘kach qilgan holda, komissiyadan o‘ta olmaganimni aytishib qo‘limga tutkazishdi. Birinchi farzandim tug‘ilganida turmush o‘rtog‘im Rossiyadan ishlab kelib, uyda ishsiz edi. Shunda ham komissiyadan o‘ta olmaganimizni, MFY kotibasi bir oylik nafaqa pulini berish evaziga komissiyadan o‘tkazib qo‘yishini aytgan edi. Men ilojsiz qolib, MFY kotibasining shartiga rozi bo‘lib, nafaqa puli komissiyasidan o‘tgan edim. Bu gal ham xuddi o‘tgan safargi holat takrorlanayotganday nazarimda. E'tiroz bilan mahalla fuqarolar yig‘iniga borganimda, komissiyada qatnashgan ABKM xodimi M.Temirova qo‘lidan hech narsa kelmasligini aytdi. Tuman hokimiyatiga borganimda esa suyunchi evaziga nafaqa puliga o‘tkazib berishini aytgan tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi boshqa lavozimga o‘tib ketganini, o‘rniga yangi tayinlangan ayol esa hech qanday yordam bera olmasligini, MFY raisini ishiga aralasha olmasligini aytdi. Farzandlarim dunyoga kelganiga 4 oy bo‘ldi. Hali biror marta mahalla fuqarolar yig‘inidan vakil kelmadi. Egizaklar qay tarzda katta bo‘lishyapti, biror yordam kerak emasmi deydigan mutasaddi yo‘q. Uyimizga kelib, holatimizni ko‘rmasdan chiqarayotgan xulosalari noto‘g‘ri-ku?!

Bizning oylik daromadimiz bilan cheklanmasdan, egizaklar uchun ketayotgan ozuqa, dori-darmon va pamperslarni ham hisoblashlari kerak emasmi? Uch chaqaloqqa bir kunda kamida 15 dona taglik (pampers) har kuni 62000 ming so‘mdan sun'iy ozuqa (kasha) olyapmiz. Bir oyda esa 350000 ming so‘m pampersga va 950000 ming so‘m ozuqaga sarflanyapti. Bundan tashqari, bolalar muddatidan oldin dunyoga kelganliklari uchun qo‘shimcha dorilar ichiryapmiz. Lekin hech kim dardimizni eshitishni ham xohlamayotganidan o‘kinib ketyapman. Qaynonamning uyida yashash uchun sharoit yo‘qligi, bolalar uchun uy hajmi torligi uchun shu kungacha o‘z ota eshigimdaman. Turmush o‘rtog‘imning ko‘magidan tashqari akam va dadamning moddiy ta'minotiga muhtoj bo‘lyapman».

Uch beshik quchoqlagan Diyoraxonni ko‘rgani bordik

Buloqboshiga borib, ko‘zimiz quvongani uch chaqaloqning durkun, sog‘lom katta bo‘layotgani bo‘ldi. Ularga tikilib to‘ymaydi kishi.

Uch beshikni quchoqlagan Diyoraxon Xidirova va uning qaynonasi, onasi egizaklarni parvarish qilish bilan band ekan. Xonadondan nuroniylarimiz ta'biri bilan aytganda, «jannatning isi» kelib turibdi.

«Zora, sizlarning kelishingizdan so‘ng, hokimiyat vakillarining e'tiboriga tushsak. Haqiqatda ham, uch chaqaloqni tarbiyalashda davlatning ko‘magi juda zarur ekan. O‘g‘lim tuman MIBda ishlaydi. Xonadonda 12 jonmiz. Bitta shu o‘g‘limning qo‘liga qarab turamiz», deydi qaynonasi.

Oiladan har haftada bir tibbiyot xodimlari kelib xabar olib turishar ekan. Lekin ulardan dori-darmon kutish qiyin. Atrof to‘la ozuqa idishlari, dori-darmonlar.

Onaning buyragida zo‘riqish paydo bo‘lgan. Shunda ham kulib-kulib gapirib, oxiri ko‘ziga yosh oldi. Hokimiyatga murojaat qilaverib, natijasizlikdan ezilib ketganini aytdi. Albatta, yordam bo‘lishi haqida umidlantirib, tuman hokimligiga bordik.

Tuman hokimining o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulnoraxon Xudoyberdiyeva yaqinda ish boshlabdi. Mutasaddi, bugunning o‘zida barcha muammolarni yechishini aytgan bo‘lsa-da, ishona olmadik...

Mutasaddilar yurt kelajagi bo‘lgan yosh avlod tarbiyasiga ma'suldirlar

Mana shu jumla ostida, yiliga o‘nlab seminarlar, majlislar o‘tkazilib, maqola va ko‘rsatuvlar tayyorlanadi. Biz esa, buning isbotini Buloqboshida ko‘rmadik.

O‘tgan yili Oltinko‘l tumanida egizaklar tug‘ilganida, tuman hokimi, prokurori bilan birga borgandim. Mutasaddilar, baxtli oilani tabriklab, mebellar to‘plami, kir yuvish mashinasi, oziq-ovqat mahsulotlari va barcha kerakli jihozlarni taqdim qilishgandi.

Nahotki, «Otasining oyligi ko‘p ekan, mezon va me'yorga to‘g‘ri kelmadi. Sizga bolalar puli berilmaydi», degan mutasaddi bir chaqaloqni oyoqqa turg‘izish mashaqqatini bilmasa?

Kechagina, uch chaqaloqni joni azobda tuqqan onaga havas ko‘zi bilan qarash o‘rniga uni davlat idoralari eshiklari oldida sarson qilish insoniylikka qanchalik to‘g‘ri keladi? Andijon viloyati va Buloqboshi tuman hokimliklari bu masalaga qanday e'tibor qaratishini tez kunlarda bilib olamiz...

Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid