Italiya turizmi haftaligi: O‘zbekistonda sayyohlarga xizmat ko‘rsatishga oid bilimlar oshirilmoqda
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda turistik mahsulotlar va xizmatlar sifatini oshirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 7 noyabrdan 12 noyabrga qadar Toshkent shahridagi "Turkiston" mehmonxonasida Turizm o‘quv-konsalting markazi Italiyaning «Galileo Ferraris» instituti bilan hamkorlikda "Italiya turizmi haftaligi"ni o‘tkazmoqda.
KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, italiyalik ekspertlar turizm sohasida mehnat qiluvchi professional kadrlar ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirilgan loyiha doirasida mamlakatimizdagi mehmonxonalar va turistik kompaniyalar rahbarlari hamda xodimlari, restoranlar oshpazlari, barmen va ofitsiantlar uchun uch yo‘nalish bo‘yicha qator mahorat darslari o‘tkazishmoqda. Bular - turizm va mehmondorchilik, Italiya milliy taomlari va qandolatchilik mahorati hamda "Somele" san'ati.
Qo‘qon shahridagi "Asr" mehmonxonasi rahbari Baxtiyor Sodiqov turizm va mehmonxona biznesi bo‘yicha bilimlarini yanada boyitish maqsadida tashrif buyurgani, Italiya haftaligi doirasidagi mahorat darslari mahalliy mutaxassislar uchun juda foydali bo‘layotganini ta'kidladi.
"Italiyalik mutaxassislar bizni turizm sohasi va mehmonxona biznesidagi xizmatlarga yangicha yondashuvlarni o‘rgatishmoqda. Ular bilan o‘zaro tajriba almashyapmiz. Ular bizga yangicha bilimlar berishmoqda, biz ham o‘z ko‘nikmalarimiz bilan bo‘lishyapmiz. Ular bizga uzoq va tog‘li hududlarda, qishloq joylarda turizmni rivojlantirishga doir tajribalari haqida so‘zlab berishdi. Ichki turistlari dam olish kunlari oila a'zolari bilan chekka hududlarga chiqib, mehmon uylarida yashab, dam olishi odat tusiga kirgan ekan. Bu kabi bilimlar ayni damda biz uchun ayni muddaodir. Ushbu mahorat darslarida Italiya turizm sohasining yetakchi ekspertlardan olgan bilimlarimizni albatta amaliyotda qo‘llaymiz, xizmatlar sifatini oshiramiz va natijada kelgusida sayyohlarimiz soni yanada oshishiga umid qilamiz. Zero so‘nggi yillarda turizm sohasi vakillari uchun barcha imkoniyatlar va imtiyozlar yaratilmoqda, faqat o‘z ustimizda ishlab, xizmatlarimizni takomillashtirishdan to‘xtamasak bo‘lgani", - deydi u.
Termiz Axborot texnologiyalari va turizm kolleji oshpazlik yo‘nalishida ta'lim beruvchi Botir Bozorboyev Kun.uz muxbiriga Italiya haftaligi doirasidagi mahorat darslari haqida so‘zlab berdi:
"Hafta davomida mahorat darslarida Italiyaning milliy taomlari va shirinliklarini tayyorlashni o‘rganyapmiz. Kuniga 4-5 xil taom tayyorlayapmiz. Bugun Italiyaning eng mashhur taomi hisoblangan spagettini o‘rgandik va uning uchun ikki xil sous tayyorladik. Ular mahsulotlarning 90 foizini o‘zi bilan Italiyadan olib kelishgan. Qizig‘i, Italiyada ham xuddi O‘zbekistonda bo‘lganidek, har bir hududning o‘ziga xos taom tayyorlash usuli mavjud ekan. Ular pishloqning xilma-xil turlarini iste'mol qilib, shu yerning o‘zida 10-15 xilidan foydalanganini ko‘rdik. Biz uchun noodatiy bo‘lgan texnologiyalarni o‘rgandik. Tadbirda ishtirok etishimizdan maqsad - O‘zbekistonga italiyalik sayyohlar kelganida o‘zimizning milliy taomlardan tashqari, ularning didiga qarab italyan taomlarini ham tayyorlab beramiz, menyuni kengaytiramiz, shu tariqa O‘zbekistonni sayyohlar oqimi ko‘payishi uchun yanada jozibador qilamiz. Olgan bilimlarimni albatta bo‘lg‘usi kadrlar bilan nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham bo‘lishaman".
Ta'kidlash lozimki, Italiya haftaligi yakunida ishtirokchilar loyiha tashkilotchilari tomonidan xalqaro sertifikat hamda qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritishadi.
Mavzuga oid
20:15 / 26.12.2024
Mirziyoyev: YeOII davlatlari fuqarolariga ichki hujjatlari bilan O‘zbekistonga kirish imkonini berishga tayyormiz
13:51 / 24.12.2024
Italiyaning eng yirik banki RFdan yevroda to‘lovlar qabul qilishni to‘xtatadi
15:01 / 23.12.2024
Meloni: RF migratsiyadan YeIga putur yetkazish uchun foydalanishi mumkin
13:48 / 19.12.2024