Jamiyat | 22:50 / 09.11.2018
12748
5 daqiqa o‘qiladi

Psixotrop moddalarning yoshlar hayotiga salbiy ta'siri yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi

O‘zbekistonda keyingi ikki yilda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarlik oldingi yillarga nisbatan kamaygan bo‘lishiga qaramay aynan tartibsizlik, taqiqlangan psixotrop moddalarning yoshlar o‘rtasida noqonuniy tarqatilishi hamda ta'lim muassasalari o‘quvchilarining o‘tkir tig‘li sovuq qurollardan foydalanishi kabi salbiy illatlarning ko‘payib borishi keng jamoatchilik vakillarini tashvishga solib qo‘ymoqda.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ayniqsa, ular orasida turli psixotrop moddalarning noqonuniy tarqatilishi hamda o‘tkir tig‘li sovuq qurollardan noqonuniy foydalanish holatlarini kamaytirish, shuningdek, mazkur turdagi salbiy illatlardan, uning oqibatlarida keng jamoatchilik fikrini hamda yoshlar munosabatini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da “Lirika va tramadol kabi psixotrop moddalarning yoshlar o‘rtasida noqonuniy aylanishi: jamoatchilik va yoshlar fikri” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Foto: Yoshlar press-klubi

Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ijtimoiy-huquqiy masalalar va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘lim mudiri Akmal Alimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, Davlat komissiyasi mas'ul kotibi Shuhratjon G‘ulomov, O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansurov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori Elbek Rahmonov, Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mita raisi o‘rinbosari Shodiya Timurova hamda yoshlar ishtirok etdi.

Foto: Yoshlar press-klubi
Foto: Yoshlar press-klubi
Foto: Yoshlar press-klubi

- Bugungi kunda “Tramadol”, “Lirika” deb ataladigan dori vositalari ko‘p tarqalmoqda. Bu holatning oldini olish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi. Arzimasdek ko‘ringan dori vositalari yoshlarni yo‘ldan adashtiradigan, qolaversa, ularni sog‘lom hayot tarzidan uzoqlashtiradigan vosita sifatida qaralmoqda. Bu dorilar dastlab davolovchi dori vositasi sifatida xizmat qilgan. Yoshlar ulardan bosh og‘rig‘ini qoldirishda va kayfiyatni ko‘tarishda foydalanishgan. Unga salomatlik baxsh etuvchi davo sifatida qarashgan. Bu kabi dori vositalarida giyohvand moddalarida bo‘lgani kabi o‘ziga o‘rgatib qo‘yish xususiyati bor va u insonni o‘ziga tobe etib qo‘yadi. Bu esa hayotimizda giyohvandlikning yangicha ko‘rinishini paydo qiladi. Aldov yo‘llari bilan o‘quvchi yoshlarimiz ham bu dorilarni qabul qilgan holatlari kuzatildi. Ayrim yoshlar balog‘at yoshidagi o‘zgarishlar va dipressiya holatlarini yengish uchun psixotrop moddalarni xarid qilishmoqda. Ba'zilar bu dorini qabul qilish orqali imtihonlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish, asablarni tinchlantirish, diqqatni jamlash va ruhiy yengillikni sezish mumkin degan safsatalarga ishonib kuniga 40 donagacha qabul qilish orqali sog‘ligida xavfli muammolarni keltirib chiqarmoqda, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, Davlat komissiyasi mas'ul kotibi Shuhratjon G‘ulomov.

Foto: Yoshlar press-klubi

Muloqotda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarning oldini olish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni keskin kamaytirish masalalarida keng jamoatchilik tomonidan bir qator amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayotganligi ta'kidlandi. Keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, bir yil mobaynida yoshlar manfaatlari, ularning huquqlari bilan bog‘liq jami 25 ta Qonun va qonunosti hujjat qabul qilingan va yoshlar masalalari bilan bog‘liq 70 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan. Spikerlar mazkur sohani tartibga solishga qaratilgan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar va ularning ijrosi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Foto: Yoshlar press-klubi
Foto: Yoshlar press-klubi
Foto: Yoshlar press-klubi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mazkur salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, birinchi navbatda, bu faoliyat bilan shug‘ullanadigan toifa vakillariga ma'muriy jazoni kuchaytirish, takroran sodir etilgan taqdirda esa jinoiy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq normalarni kiritishni taklif etgan.

Shahnoza Nurullayeva

Mavzuga oid