Sport | 12:53 / 09.11.2018
16310
2 daqiqa o‘qiladi

Ronalduning het-trigi - eng yoqimli xotira. JCh-2018ning eng esda qolarli lahzalari aniqlandi

FIFAning Jahon chempionatiga bag‘ishlangan Twitter-sahifasi JCh-2018ning eng esda qolarli lahzasini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda mikroblogning 14 mingga yaqin foydalanuvchisi ishtirok etdi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Portugaliya terma jamoasi yetakchisi Krishtianu Ronaldu JCh-2018ning eng esda qolarli shaxsi sifatida e'tirof etildi. Hujumchi va uning guruh bosqichi ilk turidagi Ispaniyaga qarshi o‘yinda (3:3) het-trik qayd etgani umumiy ovozlarning roppa-rosa 50 foizini yig‘a olgan.

Germaniya terma jamoasi yarimhimoyachisi Toni Kroosning ikkinchi turda Shvetsiya darvozasiga urgan goli ikkinchi o‘rinni egalladi. Uning bu goli o‘yinning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan 5-daqiqada kiritilgan (2:1) va nemislarga musobaqadagi yagona g‘alabani taqdim etgan edi. Ushbu golga 24 foiz qatnashchi ovoz bergan.

Mundialning eng esda qolarli lahzalari reytingi uchligini 19 foiz ovoz bilan Edinson Kavanining nimchorak finaldagi goli yakunlab berdi. Urugvaylik hujumchining Portugaliya darvozasini ishg‘ol etishi (2:1) Ronaldu jamoasining musobaqadan chiqib ketishiga sabab bo‘lgandi.

Ro‘yxatning to‘rtinchi pog‘onasidan yana bir hujumchi – perulik Xose Paolo Gerrero joy olgan (9 foiz) bo‘lib, u guruh bosqichi 3-turida Avstraliyaga qarshi bahsda bittadan gol va samarali pas muallifi bo‘lgan edi. Gerrero ushbu bahsdagi mahsuldorligi bilan Peruning musobaqadagi yagona g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan, ammo jamoa baribir pley-offga chiqa olmagan edi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyadagi mundial Fransiya termasining chempionligi bilan yakun topgan, fransuzlar finalda Xorvatiyani 4:2 hisobida mag‘lub etishgandi. 

Mavzuga oid