Jamiyat | 00:30 / 12.11.2018
119604
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda keksa ayolning boshiga chelak kiygizib, urib yiqitgan yigitlar qo‘lga olindi 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 2018 yilning may oyi o‘rtalarida Samarqand shahri «Shodiyona» savdo majmuasining ikkinchi qavatida joylashgan 46-sonli savdo do‘koni oldida ro‘y bergan voqeaga munosabatini bildirdi.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yosh yigitlar keksa ayolning ustidan shafqatsizlarcha kulgani aks etgan qisqa video tarqalgandi. Unda ikki yigit ayolning ortidan borib, uning boshiga chelak kiygizgani, so‘ng ulardan biri ayolni mushti bilan urganini, zarba natijasida ayol munkib ketib yiqilganini ko‘rish mumkin

«2018 yilning may oyi o‘rtalarida jamoat joyi hisoblangan Samarqand shahar «Shodiyona» savdo majmuasining ikkinchi qavatida joylashgan 46-sonli savdo do‘koni oldida, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan do‘kon oldidan harakatlanib ketayotgan fuqaro B.X. orqa tomonidan kelishib, bosh qismiga chelak kiydirishgach, Sh.A. uni qo‘li bilan bir marta urib yiqitgach, hodisa joyidan qochib ketishgani aniqlangan.  

Ushbu holat, Sh.A.ning tanishi A.M. tomonidan «Samsung» rusumli telefon apparati yordamida video tasvirga olingan va 2018 yil 6 noyabr kuni D.B.tomonidan «Instagram» orqali tarqatilgan», — deyiladi xabarda.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida, 2018 yil 10 noyabr kuni Sh.A., A.M., D.B. va R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi «b» va «d» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, Sh.A. va A. M. ushlangan.

Jinoyat ishi yuzasidan hozirda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergovning borishi ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Mavzuga oid