Sport | 09:19 / 13.11.2018
14470
4 daqiqa o‘qiladi

Konte nega «Real» taklifiga ko‘nmaganini tushuntirib berdi

Foto: DARREN STAPLES/REUTERS

«Chelsi»ning sobiq bosh murabbiyi Antonio Konte italyan jurnalistlari bilan suhbatda nega «Real»ni boshqarishga rozi bo‘lmagani haqida gapirib o‘tdi.

«Qanday murabbiylar toifasidan ekanimni hisobga olib, yangi ish boshlash uchun iyungacha kutishga qaror qilgandim va hozir ham shunday fikrdaman. Shunday bo‘lsa-da, 2-3 oydan so‘ng murabbiylik ishimga qaytish xohishi alanga olib qolsa, ajab emas; u holda hozir aytganlarim yolg‘onga aylanib qoladi.

Kelajakda o‘zimni qayerda ko‘ryapman? Ayni damda uydaman (kuladi). Bilimimni oshiryapman, o‘yinlarni tomosha qilyapman, o‘z hamkasblarimning faoliyatini kuzatib boryapman.

Italiyaga qaytish? Nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Men italiyalikman, demak bu yerda o‘zimni baxtli sezishim aniq. Shu bilan birga, xorijda ishlashim ehtimolini ham rad etmoqchi emasman», - degan Kontedan iqtibos keltirdi AS.

«Qirollik klubi» sardori Serxio Ramosdan Konte haqida fikr bildirishni so‘rashganida, u: «Hurmat qozoniladi, talab qilib olinmaydi», - deya aytib o‘tgandi. Kechagi suhbat vaqtida murabbiydan shu boradagi munosabati haqida ham so‘rashdi.

«Murabbiy kiyim almashtirish xonasiga keldimi, o‘zi bilan yaxshi xulq-atvor va hurmatni ham olib kelishi kerak. Bu ishdagi eng asosiy jihatlardan, chunki busiz jamoada muammolar bo‘y ko‘rsatishni boshlaydi», - deya javob qilgan Antonio Konte.

Konte ayni paytda Italiyada bo‘lib turibdi. U A Seriyaning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi murabbiyini taqdirlash marosimida qatnashish uchun kelgan. Ushbu e'tirofga «Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri, «Napoli»ning sobiq ustozi Mauritsio Sarri va «Latsio» bosh murabbiyi Simone Inzagi da'vogar bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, «Real» oktabr oyi oxirida Xulen Lopetegini iste'foga chiqargan, uning o‘rniga Antonio Konte tayinlanishi kutilgan edi. Ammo murabbiy bilan muzokaralar besamar yakun topdi.

Marca xabariga ko‘ra, italiyalik mutaxassis muzokaralar davomida jamoani o‘z falsafasi asosida qurishida hech kim unga to‘sqinlik qilmasligiga kafolat berilishini talab qilgan. Bundan tashqari, u markaziy hujum chizig‘ini to‘la isloh etmoqchiligini va «qaymoqranglilar» uch himoyachi bilan o‘ynay boshlashini aytgan.

Manbaning qayd etishicha, «Real» rahbariyati bu talablarni bajarish imkonsiz, deb hisoblagan va shu boisdan Konte nomzodi kun tartibidan olingan. Shu bilan birga, boshqa manbalarda ushbu mutaxassisning sobiq klubi «Chelsi» bilan shartnomasini hali bekor qilmagani, bu esa madridliklardan qo‘shimcha xarajatlarni talab qilishi ham rol o‘ynagani aytildi.

Mavzuga oid