Yetmish yillik urush: Isroil-Falastin urushining nihoyasi bormi?
Hozirgi kunda Falastin muammosining yechimi 1948 yildagiga nisbatan birmuncha muammolidek ko‘rinmoqda. Aynan o‘shanda Isroil davlati tashkil topgani e'lon qilingan va Arab-Isroil urushi boshlangandi.
O‘tgan 70 yil davomida o‘n minglab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan bu nizo goh susayib, goh avj oladi, ammo hech qachon butkul to‘xtamaydi. Falastin jangarilari G‘azo sektoridan turib Isroil shaharlariga raketa zarbalari beradi, TsAXAL (Isroil mudofaa armiyasi) namoyishchilarni o‘ldiradi – bularning bari bugungi kunda, rasman jangovar harakatlar olib borilmayotgan vaqtda bo‘lib o‘tmoqda. AQSh, Rossiya, BMT har doimgidek bu holatdan tashvish bildiradi, maslahatlashuvlar o‘tkazadi, ammo Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroga barham berilmaydi.
Ular nega bir-birlarini bunchalik yomon ko‘rishadi? Nima uchun butun dunyo bu nizoning barchani qanoatlantiradigan yechimini topolmaydi? Nima uchun bu ikki xalq maydoni 25 ming kvadrat kilometr bo‘lgan, quyosh nuridan jizg‘anak yerni talashib kelmoqda?
Yeri bo‘lmagan xalq
Falastindagi yahudiy podshohligi eramizning I asrida Rim imperiyasi zarbalari ostida qulagan: o‘shandan buyon bu hududning xo‘jayinlari bir necha bor almashgan. Ammo Yevropa davlatlari bo‘ylab tarqalib ketgan yahudiylar bu yerni qaytishlari zarur bo‘lgan muqaddas vatan deb hisoblab kelishgan.
Avstro-vengriyalik jurnalist va yahudiy davlatini tashkil etish tashabbuskori bo‘lgan Teodor Gertslning (1860 — 1904) eslashicha, «Dreyfus ishi» vaqtida (sotqinlikda nohaq ayblangan fransuz armiyasining yahudiy ofitseri) yuzlab fransuzlar «Yahudiylarga o‘lim!» deya hayqirishgan. Rossiya va Sharqiy Yevropada yahudiylarga qarshi hujumlar boshlangan, Germaniya va Avstriyada antisemit ruhidagi risolalar bitilgan.
Gertsl boshqa bunday davom etishi mumkin emas, yahudiylar o‘z davlatlariga ega bo‘lishlari zarur degan fikrga keladi. U 1896 yilda «Yahudiy davlati» nomli risolasini yozadi. Unda Gertsl yahudiylarga Falastinda o‘z davlatlariga ega bo‘lishlari uchun jahon hamjamiyatini yordam berishga chaqiradi. Bir yildan so‘ng u Jahon sionistik tashkilotiga asos soladi. Sionizm yahudiylarning tarixiy vatanlariga qaytishi va u yerda o‘z davlatini tashkil etish mafkurasidir.
Asta-sekin, lekin sobitqadamlik bilan yahudiylarning Falastinga ko‘chishlari o‘sib boradi: ularga Yevropadagi boy yahudiylar (Rotshildlar, Monteofiorlar) yordam beradi, Falastindan yer sotib olish uchun pul yig‘ib berishadi.
Sovuq qabul
XIX asr o‘rtalarida Falastinda taxminan 400 ming kishi istiqomat qilgan bo‘lib, ulardan atigi 6 ming nafari yahudiylar, qolganlari esa sunniy arablar bo‘lgan. Falastin Usmoniylar imperiyasining qashshoq viloyati bo‘lib, yerlar asosan yirik arab feodallariga tegishli bo‘lgan va ular yerlarni dehqon-fallohlarga ijaraga berishgan. Jahon sionistik tashkiloti yerlarni aynan o‘sha feodallardan sotib olgan va shundan so‘ng sotuvchi ham, oluvchi ham dehqonlarga shart qo‘ygan: endi bu yerda yashashga haqqingiz yo‘q. Boshqacha aytganda, kelgindilar fallohlarni yashash joyi va ishidan mahrum qilishgan.
Nizoning asosiy sababi mana shunday paydo bo‘lgan: urushlar, zo‘ravonlik va hududiy mojarolar – bularning barchasi o‘sha yer oldi-sotdisidan boshlangan.
Falastinga ko‘chib kelgan yahudiylar uchun bu ko‘chish yuzlab yillik darbadarliklardan so‘ng o‘z vatanlariga qaytish edi.
Asrlar davomida bu hududda yashab kelgan arablar uchun esa yahudiylarning ko‘chib kelishi shubhali huquqqa ega bo‘lgan chaqirilmagan mehmonlarning hujumi edi. Ular uchun bu go‘yoki uyingizga notanish shaxslar kelib qadim zamonlarda bu yerda ularning ajdodlari yashagani va shuning uchun bu ularning uyi ekanligini da'vo qilishidek gap edi.
Har ikki tomonning da'vosi tushunarli va bu da'vo shu kungacha o‘zgarmay kelmoqda. Isroilliklar uchun bu yer muqaddas tuproq, ona vatan. Arablar uchun «sionistik ta'lim» yer tanasidagi o‘simta va arab aholisining huquqlari poymol qilinadigan aparteid rejimi.
Angliyaning va'dalari
Birinchi jahon urushi yakunida Usmoniylar imperiyasi parchalanib ketdi. Millatlar ligasi (BMTga o‘xshash bo‘lgan ikki jahon urushi orasida mavjud bo‘lgan xalqaro tashkilot) Falastin ustidan vaqtinchalik nazorat Buyuk Britaniyaga berilishini ma'lum qildi: bu mamlakat ma'muriyati nizolarni yechishga yordam beradi va davlatni (yoki ikki davlatning) mustaqillikka erishishga tayyorlaydi.
Angliyaliklarning siyosati butunlay inqirozga uchradi, bunga ehtimol ularning boshidanoq qarama-qarshi va'dalar bergani sabab bo‘lgandir.
1) Birinchi jahon urushi davridayoq ular Makka sherifi Husayn ibn Aliga agarda u Usmoniylar imperiyasiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarsa va Antanta urushda g‘alaba qozonsa, uni Falastinni ham qo‘shib barcha arab yerlarining qiroli etib tayinlashga va'da berishgandi. (MakMaxon — Husayn kelishuvi). Husayn kelishuvni bajardi, ammo inglizlar oxir-oqibat kelishuv rasmiy shartnoma maqomiga ega bo‘lmaganini aytib va'dalarini bajarishmadi.
2) 1917 yilda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Artur Balfur yahudiylar jamiyati vakili lord Rotshildga maktub yo‘lladi va uni «zoti oliyalarining hukumati Falastinda yahudiy xalqining milliy o‘chog‘ini tashkil etish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishiga» ishontirdi (Balfur deklaratsiyasi). Bu yahudiylar davlatini tashkil etishga yordam berishni anglatardi – ammo inglizlar bu yo‘lda amaliy qadam qo‘yishga shoshishmadi.
Bu ikkiyuzlamachilik g‘azabga sabab bo‘ldi va yahudiylar ham, arablar ham inglizlar siyosatiga qarshi bosh ko‘tarishdi. Bu bir-birini ko‘rgani ko‘zi yo‘q ikki xalqni birlashtirgan yagona holat bo‘ldi.
Britaniya gubernatori yahudiy va arablarning noroziliklaridan toqati toq bo‘lganini shunday ifodalagandi: «Arablarning shikoyatini ikki soat eshitsam yahudiylarning sinagogiga borgim keladi, sionistlar targ‘ibotidan keyin esa islomni qabul qilishga tayyor holga kelaman».
Yevropadagi ikki jahon urushi orasidagi keskinlik sababli yahudiylarning ko‘chishi tezlashib ketdi. 1930-yillar oxirlariga kelib ishuv (Falastindagi yahudiylar jamiyati) 400 ming kishiga yetdi, siyosiy partiyalar, noqonuniy asosdagi qurollangan tashkilotlar paydo bo‘ldi. Arablar soni esa bir millionga yaqin bo‘lib, ularning ham o‘z harbiy guruhlari bor edi.
Urushdan keyingi urush
1939 yilda arab amaldorlarining bosimi ostida qolgan inglizlar yahudiylarning Falastinga ko‘chib kelishlarini qat'iyan cheklab qo‘yishdi. Hattoki Gitlerdan qochib kelayotgan yahudiylar to‘la kemalar ham ortga – Yevropaga qaytarib yuborildi. Bunga javoban ishuv jangovar tashkilotlari inglizlarga qarshi partizanlik urushlarini boshlab yuborishdi.
Gitler ustidan g‘alaba qozonilganidan so‘ng sionistlar Britaniya ma'muriyatiga qarshi yangi kuch bilan tashlanishdi: 1946 yilda ETseL tashkiloti jangarilari ma'muriyat qarorgohi joylashgan «Shoh Dovud» mehmonxonasini portlatib yuborishdi – 91 kishi halok bo‘ldi. Qat'iy bosim o‘z natijasini berdi: 1947 yil fevralda inglizlar Falastin muammosini hal qilishni yaqindagina tashkil topgan BMTga topshirdi.
Ikki xalq uchun ikki davlat
BMT yahudiylar va arablarning yagona davlati haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas degan fikrga keldi – shu zahoti qirg‘inbarot boshlanishi mumkin. Hududni ikkiga: aholining joylashuviga qarab yahudiy (14,1 ming kv.km.) va arab (11,1 ming kv.km.) davlatlariga bo‘lish haqida qaror qabul qildi. Uch din shahri bo‘lgan Quddus esa xalqaro hudud deb e'lon qilindi.
Ishuv bu rejaga rozi bo‘ldi, ammo arablar bu haqda eshitishni ham istashmadi. «Falastinning biror qismi yahudiylarga tegadigan bo‘lsa, bu yer olov va qon ichida qoladi», —dedi oliy arab qo‘mitasi vakili. BMT baribir o‘z fikrida qoldi: 1947 yil 29 noyabrda Falastinni bo‘lish haqidagi rezolyutsiya qabul qilindi.
Mustaqillik urushi / Falokat
1948 yil 14 mayda David Ben-Gurion tomonidan Isroil mustaqilligi e'lon qilinishi bilan uning arab qo‘shnilari Misr, Suriya, Transiordaniya, Livan, Iroq va boshqalar Isroilga bostirib kirishdi. Talab qat'iy edi: Falastin arablarniki bo‘lishi shart, yahudiylar istagan yerlariga ketishlari mumkin.
Ammo arab davlatlari hech qanday natijaga erisha olmadi. 1949 yil iyuliga kelib Isroil barcha hujumlarni qaytardi va bostirib kirgan qo‘shinlarni yakson qildi. Shu bilan birga, u BMT rejasida ajratilgan yerlardan ortiqcha yana 1300 kvadrat kilometr yerni bosib oldi. Falastinda arab davlatini tashkil etish uchun ajratilgan qolgan hududni Misr (G‘azo sektori) va Iordaniya (Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va Sharqiy Quddus) o‘z nazoratiga oldi.
1947-1949 yilgi urush Isroil tarixiga mustaqillik urushi nomi bilan kirdi, ammo arablar uni Naqba – Falokat deb atashdi. Aynan mana shu urushdan so‘ng Falastin xalqining fojiasi boshlandi.
Urush boshlanguniga qadar arablar yahudiylar davlati uchun mo‘ljallangan hududni ommaviy ravishda tark eta boshlashgandi: BMT hisob-kitobiga ko‘ra, qochoqlarning soni 750 ming kishini tashkil etgan. Ularning bu yerlarni tark etishlari sababi haqida hozirgacha bahslashib kelishadi. Isroil tarixchilari arablar o‘z ixtiyorlari bilan ketishganini ta'kidlashadi, Isroil bosh vaziri Golda Meyr esa Xayfadagi arablardan shaharni tark etmasliklarini yolvorib so‘raganini aytadi. Boshqa yondashuvga ko‘ra esa, Isroildagi qurolli tashkilotlar arablarni siqib chiqarishgan – ularga nisbatan tahdid va zo‘ravonliklar bo‘lgan.
Birinchi muammo: falastinlik qochoqlar
BMT rezolyutsiyasiga muvofiq, Isroil arab qochoqlariga uylariga qaytishlariga ruxsat berishi yoki ularga tovon to‘lashi kerak. Isroil bundan bosh tortyapti va kelajakda ham bunga ko‘nishi amrimahol. BMT qoidalariga ko‘ra, Falastinni 1947-1949 yillarda hamda 1967 yilda tark etgan arablarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodlari ham qochoqlar hisoblanishadi va mos ravishda, ularning soni 5 millionga yaqinlashadi.
Isroillik siyosatchilar uchun buncha nufusdagi arablarni o‘z davlatlariga kiritishni hatto xayolga keltirish ham mumkin emas. Arablar Falastin hududiga emas, aynan Isroilga qaytish huquqlarini talab qilishmoqda. Isroilda hozirda 6,5 mln atrofida yahudiy va 1,5 mln arab istiqomat qiladi: demografiya hisobga olinsa, arablarning ko‘chib kelishi Isroilni kamida yarim arab davlatiga aylantirib qo‘yadi. Isroil o‘zini yahudiy xalqining milliy o‘chog‘i deb hisoblagani sababli buning imkoni yo‘q.
O‘z navbatida, falastinliklar kindik qoni to‘kilgan vatanlariga qaytish huquqlarini talab qilishmoqda: o‘nlab yillar mobaynida ular va ularning avlodlari zo‘ravonliklarga duch kelishmoqda va uylariga qaytish yoki tovon to‘lovi olishga munosiblar. Isroil esa bu amalga oshirish imkonsiz ish ekanligini aytib, na u va na bu talabni bajarmoqda.
Xatoning takrorlanishi
Ikki arab urushi orasida qariyb yigirma yil o‘tdi. Bu vaqt ichida Isroil yahudiylarni qabul qilishda davom etdi va davlatchiligini mustahkamladi. Ko‘plab arab davlatlarida hokimiyat almashdi: Britaniya yoki Fransiyaga moyil eskilari o‘rniga yosh millatchilar, so‘llar va SSSR qo‘llab-quvvatlagan Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir (1918-1970) kabi yangilari keldi. «Imperializm qo‘rg‘oni bo‘lgan Isroil dengizga cho‘ktiriladi», deb va'da berdi Nosir.
1967 yilda Misr va Suriya Isroil bilan chegaralariga ko‘psonli qo‘shinlarini joylashtirdi. Yahudiylar buni hujumga tayyorgarlik deb hisoblashdi va 5 iyun kuni ogohlantiruvchi zarba berishdi. Isroil olti kun ichida arab koalitsiyasining harbiy-havo kuchlarini yakson qilib tashladi – bu voqea tarixga Olti kunlik urush nomi bilan kirdi. 1949 yildan buyon Iordaniyaga tegishli bo‘lgan Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i, Misr nazoratida bo‘lgan G‘azo sektori va Sinay yarimoroli, Suriyaning Golan tepaliklari urush yakunida Isroilga o‘tdi. Sharqiy Quddus ham Isroil nazorati ostida qoldi.
Ikkinchi muammo: Quddusning maqomi
Tarixiy jihatdan musulmonlar uchun ham, yahudiylar uchun ham muhim bo‘lgan Quddus shahri maqomi Isroil va Falastin o‘rtasidagi barcha muzokaralarda o‘tib bo‘lmas to‘siq bo‘lib kelmoqda. Isroil 1980 yilda Quddusni o‘zining yagona va bo‘linmas poytaxti deb e'lon qilgan, BMT jahon hamjamiyatini bu qarorni noqonuniy deb hisoblashga chaqirib keladi. 2017 yilda AQSh prezidenti Donald Trampning Amerika elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirishga qaror qilgani ommaviy namoyishlar va o‘nlab kishilarning o‘limiga sabab bo‘ldi.
Isroil bilan nizoni hal qilish borasidagi muzokaralarda Falastin tomoni «1967 yilgacha» bo‘lgan chegaralarga qaytishni, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va G‘azo sektorini Falastin davlati hududi deb tan olishni talab qilib keladi. Muammo shundaki, 1967 yilgacha Quddus to‘laligicha Isroilga tegishli bo‘lmagan.
Isroil Quddusning hatto yarmini ham falastinliklarga berishga xususan, xavfsizlik nuqtai nazaridan qarshi chiqib keladi: Sharqiy Quddusdan xalqaro aeroport juda yaxshi nishonga olinadi. Falastin rahbariyatini barqaror deb atash qiyin bo‘lgan sharoitda Isroil unga sharqiy Quddusni berishni imkonsiz deb hisoblaydi.
1967 yilgi Olti kunlik urushni arablar Naqsa — Takror deb atashadi. Bu safargi mag‘lubiyat oldingisidan ham alamliroq bo‘ldi va yuz minglab falastinlik arablar uy-joylarini tashlab qochdi. Isroil 800ga yaqin kishi yo‘qotdi, arab davlatlari esa 15 mingga yaqin askaridan ayrildi. Shu bilan birga, Isroil o‘z hududini urushgacha bo‘lgan davrga nisbatan uch baravarga kengaytirib oldi.
Arab-Isroil va Falastin-Isroil nizosi
Falastin-Isroil nizosini Arab-Isroil nizosi bilan chalkashtirmaslik kerak – Olti kunlik urushdan so‘ng va ayniqsa, arab dunyosini birlashtirib turgan Nosirning vafotidan so‘ng ilgari birdam bo‘lgan antiisroil fronti qatnashchilari (Misr, Iordaniya, Suriya) borgan sari faqat o‘z manfaatlari yo‘lida harakat qila boshladi.
Ular o‘z maqsadlarini «arab birligi» va «falastinlik birodarlarni qo‘llab-quvvatlash» kabi bayonotlar bilan niqoblashmoqda, falastinliklarning taqdiri esa faqat falastinliklarni tashvishga solmoqda.
Masalan, 1964 yilda Falastin ozodlik tashkiloti (FOT) tuzilganidan so‘ng Iordaniya qiroli Husayn (1935-1999) ancha hushyor tortdi: falastinlik jangari-fidoyilar Isroil postlariga partizanlik hujumlarini Iordaniya hududidan amalga oshirishdi va TsAXAL ularga qarshi tap tortmasdan javob choralarini ko‘rdi.
Uzoq vaqt shunday davom etishi mumkin emasdi. 1968 yilda falastinliklarning muvaffaqiyatli hujumidan so‘ng Husayn «Biz hammamiz fidoyilarmiz!», deb hayqirdi, ammo ikki yildan so‘ng, FOT yetakchisi Yosir Arofat iordaniyaliklardan ko‘ra falastinliklar ko‘proq bo‘lgan mamlakatni egallab olish bilan tahdid qilganidan so‘ng barcha qurolli guruhlarni Livanga quvib yubordi. Mazkur jarayonda 3400 falastinlik o‘ldirildi.
Misr prezidenti Anvar Sadat (1918-1981) esa yanada keskin siyosiy ishni amalga oshirdi. 1973 yilda navbatdagi Arab-Isroil urushida mag‘lubiyatga uchragach, Sadat Isroil bilan tinch muzokaralarga o‘tdi.
1979 yilda AQSh prezidenti Jimmi Karter vositachiligida sulh imzolandi va diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Sadat shu tarzda Isroilni tan olmaslik bo‘yicha arab olami birligi tamoyilini buzdi va arablarning keskin noroziliklarini keltirib chiqardi (u 1981 yilda o‘ldirilgan).
Nisbatan zaif Iordaniya arab olami pozitsiyasiga nisbatan bunday yo‘l tuta olmasdi, ammo yakunda Isroil bilan tinchlik shartnomasi imzoladi va ancha kech bo‘lsa-da, 1994 yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatdi. Hozirda Misr va Iordaniyani Isroil bilan do‘st deb bo‘lmaydi, ammo «sovuq tinchlik» holati uchala davlat siyosatchilarini ham qoniqtiradi. Falastinliklar bilan birdamlik yaxshi, lekin shaxsiy manfaatlar undan ustun turadi.
Teraktlar, noroziliklar, muzokaralar
FOT uzoq yillar davomida o‘zini Isroilga qarshi kurashda har qanday usul: oddiy fuqarolarni o‘ldirish, samolyot olib qochish, odamlarni garovga olish kabilarni qo‘llaydigan terrorchilik tashkilotidek tutdi. FOTning eng yodda qolgan terakti 1972 yilgi Myunxen Olimpiadasida yahudiy sportchilarning o‘ldirilishidir. FOTning Livandagi mashg‘ulot lagerlarida Yevropa va Yaponiyadan kelgan terrorchilar «malaka oshirardi». Bundan tashqari, 1970-yillarda Yosir Arofat va uning safdoshlari Livanni deyarli vayron qilishgandi: ular mamlakatning janubiy qismini nazorat qilar ekan, Isroil, Suriya va BMT xalqaro kuchlari ishtirok etishga ulgurgan uzundan-uzoq fuqarolar urushida qatnashishdi. Livan urushida jami 144 ming kishi halok bo‘ldi.
Arofatning o‘zi esa FOTning dahshatli faoliyatida ishtirok etganini rad etib, bu ishlarni qilgan jangarilar tashkilotni tark etishganini bildirdi va o‘zini hurmatga loyiq siyosatchidek tutdi. U 1988 yilda BMTda chiqish qilib, FOT bundan buyon Isroilni tan olishini ma'lum qildi va «terrorizmning har qanday ko‘rinishini, jumladan davlat terrorizmini» qoraladi.
Isroil bu paytga kelib intifoda – Isroil nazorati ostidagi hududlarda yashovchi falastinliklarning ommaviy ravishda bo‘ysunmaslik aksiyasidan charchagandi. Isroil siyosatidan va o‘z huquqlari toptalishidan norozi bo‘lgan Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va G‘azo sektorida yashovchi aholi politsiya va harbiylarga hujum qilardi. Ba'zan intifoda urushga ham o‘xshab ketardi —1987 yildan 1993 yilgacha 100dan ortiq isroillik va 2000dan ortiq falastinliklar halok bo‘ldi.
Isroil bosh vaziri Itsxak Rabin (1922-1995) Falastin xalqining bevosita vakili sifatidagi FOT bilan muzokaralarsiz Isroilda hech qachon tinchlik o‘rnatilmasligini tushunardi. «Men G‘azoning dengizga g‘arq bo‘lishini istardim, ammo bunday bo‘lmaydi. Shuning uchun yechim topishimiz shart», deb hazillashgandi u shaxsiy suhbatlardan birida.
Muvaffaqiyat va inqirozlar
Itsxak Rabin va Yosir Arofat AQSh prezidenti Klinton vositachiligida Oslo jarayonini boshlashdi — Norvegiya poytaxtida Falastin muammosini hal qilish yo‘llari muhokama qilingan turkum uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada 1993-1995 yillarda oraliq kelishuvga erishildi. Amalda Falastin hukumati bo‘lgan Falastin milliy ma'muriyati tashkil etildi, G‘azo sektori va g‘arbiy sohilning kichik qismi uning ma'muriy nazoratiga o‘tdi. Shu bilan birga, Isroil ma'muriyat chegaralarini nazorat qilib turardi, mustaqillik haqida hozircha hech bir so‘z yo‘q edi — u navbatdagi muzokaralar mavzusi bo‘lishi lozim edi.
1995 yilda Iordaniya bilan tinchlik imzolagan va falastinliklar bilan sulh tuzishga yo‘l ochgan bosh vazir Itsxak Rabin «Isroil xalqini Oslo shartnomasidan himoya qilgan» Igal Amir tomonidan otib o‘ldirildi.
Uchinchi muammo: g‘arbiy qirg‘oqdagi yahudiy maskanlari
Aksariyat o‘ng nuqtai nazardagi isroilliklar Igal Amir singari Isroilning Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idan ketishiga qarshi chiqishadi. Gap shundaki, 1967 yildan keyin Isroil BMT tomonidan arab davlatini tashkil etish uchun ajratilgan bu hududga avvaliga yakkam-dukkam, keyin esa tashkiliy tarzda aholi maskanlarini qura boshladi.
Hozirda g‘arbiy qirg‘oqda 120ta maskan qurilishi ma'qullangan bo‘lib, hattoki Isroil hukumati nuqtai nazaridan qaraganda ham noqonuniy qurilgan yana 100ta maskan joylashgan. Falastinliklar bu maskanlarni noqonuniy deb hisoblashadi – ularning aholisi tez-tez terakt va hujumlar qurboniga aylanishadi. Ammo diniy mutaassiblar bu yerda yashash orqali muqaddas yerni Isroilga qaytarishni o‘zlarining burchi deb bilishadi. Qurilish tobora kengayib, falastinliklarni tashvishga solmoqda va g‘arbiy qirg‘oqning Falastinga qaytarilishi ehtimolini qiyinlashtirmoqda – bu maskanlar aholisi o‘z uylarini tark etishdan bosh tortmoqda.
Kemp-Deviddagi muvaffaqiyatsiz sammit
Rabinning o‘limiga qaramasdan, yarashuv jarayoni davom ettirildi. 2000 yilda Arofat va Isroilning yangi bosh vaziri Exud Barak Bill Klinton vositachiligida to‘laqonli Falastin davlati tashkil etilgani haqidagi shartnomani imzolashi kerak bo‘lgan Kemp-Deviddagi (AQSh) sammit bu jarayonning yuqori cho‘qqisi bo‘lishi lozim edi. Ammo bunday bo‘lmadi. Arofatga Sharqiy Quddus ustidan mustaqillik va barcha falastinliklarni uylariga qaytarish taklif etilmadi, bundan tashqari, uning bo‘lajak Falastin davlati hududidan Isroil qo‘shinlarini olib chiqib ketish haqidagi talabi qabul qilinmadi. Natijada shartnoma imzolanmadi.
Exud Barak tinchlik kelishuvi imzolanmasligida Yosir Arofatni aybladi. Bill Klinton ham unga qo‘shildi. Arofat suhbat paytida Klintonni «buyuk inson» deb ataganida,u «Men buyuk inson emasman, men omadsizman va meni siz omadsizga aylantirdingiz» dedi. Arofat esa o‘z navbatida uni «sammit o‘tkazish uchun sammitga» kelishga Barak va Klinton majburlaganini, aslida dastlabki tayyorgarlik tomonlar muzokaralarga tayyor emasliklarini ko‘rsatganini ta'kidladi. Sammitdan keyinoq besh yil davom etgan ikkinchi intifoda boshlandi.
2004 yilda Arofat vafot etdi. Klinton endi AQSh prezidenti emas, Barak esa Isroil bosh vaziri emasdi. 2000 yildan so‘ng Isroil va Falastin o‘rtasida tinchlikka erishish istiqboli tobora uzoqlasha boshladi.
Parchalanish
Rabinning «G‘azo sektorining dengizga g‘arq bo‘lishi» haqidagi hazilini bosh vazir Ariel Sharon yengilroq ko‘rinishda hayotga tatbiq qilishga urindi. 2005 yilda Sharon «bir tomonlama ajralish» rejasi doirasida G‘azo sektoriga o‘z taqdirini o‘zi hal qilish imkonini berdi: u yerdan barcha qo‘shinlarni olib chiqdi va yashash maskanlarini buzdirdi. Yakunda G‘azoda hukumat tepasiga FOT vakillarini siqib chiqargan XAMAS a'zolari kelishdi va Isroilga raketalar yog‘dira boshlashdi, Isroil bunga javoban iqtisodiy qamal joriy etdi.
Sharonning bu qadami muvaffaqiyatsiz deb e'tirof etildi – endilikda G‘azo Isroil uchun har doimgidan ham kuchli beqarorlik manbaiga aylandi: Isroil sektorni tozalash maqsadida uch marta (2008, 2012 va 2014 yillarda) harbiy operatsiya o‘tkazdi. Buning ustiga, ikki hukumatli tizim paydo bo‘ldi: G‘azoni XAMAS, g‘arbiy qirg‘oqni FOT boshqarmoqda.
Falastinliklar orasida murosaga rozi bo‘lmaydigan XAMAS ommalashmoqda, Isroilda esa 2009 yildan buyon hukumat tepasida falastinliklarga nisbatan keskin siyosat olib borayotgan va aholi maskanlari qurishni kengaytirayotgan Binyamin Netanyaxu turibdi.
Isroilni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlayotgan Donald Tramp ma'muriyati siyosatidan kelib chiqilsa, Netanyaxuni to‘xtatib qoladigan omil yo‘q: Isroilning eng yaqin ittifoqchisi uning tarafida. Buning ustiga, jahon hamjamiyatining falastinliklardan boshqa muammolari ham yetarli. Kun tartibida undan-da muhim va keskin nizolar turibdi: Suriyadagi urush, Ukraina sharqidagi nizo, Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturi, Eron... Hozirda hech kim Falastin muammosini hal qilishga kirishmayapti.
G‘azodagi bugungi vaziyat
12 noyabr kuni Isroil samolyotlari falastinliklarning G‘azodagi yuzlab obektlariga hujum uyushtirdi. Harbiy tadbirlar 11 noyabr kuni G‘azo sektoridan Isroil hududiga 370dan ortiq raketa yo‘llanishiga javoban amalga oshirildi.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, nizolar oqibatida ikki tomondan kamida 5 kishi halok bo‘lgan: G‘azo sektorida 4 kishi va Isroilning Ashkelon shahrida bir kishi.
Isroil armiyasining javob hujumi davomida G‘azo portidagi XAMAS razvedka va diversiya maqsadlarida foydalanib kelgan bir kema yo‘q qilindi. Shuningdek, ushbu tashkilot faoliyatini targ‘ib qilish bilan shug‘ullanuvchi Al-Aqsa telekanali binosi vayron etildi.
Bundan avvalroq Isroil XAMAS bilan munosabatlarda javob choralarini kuchaytirishi haqida ma'lum qilgandi. Falastinliklar ham Isroilga qarshi «olov halqasini kengaytirishi»ni e'lon qilishgan.
Mart oyi oxiridan buyon G‘azo sektoridagi mojarolar tufayli 200dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Ularning aksari chegara hududidagi namoyishlar vaqtida o‘ldirilgan.
Dilshod Asqarov tayyorladi
Mavzuga oid
13:38 / 24.12.2024
“Bolalar sovuqdan muzlayapti” – BMT vakillari qish falastinliklar hayotini yanada og‘irlashtirayotganini ma’lum qildi
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
17:39 / 23.11.2024
2024 yilda gumanitar yordam xodimlari o‘limi bo‘yicha rekord o‘rnatildi – BMT
22:51 / 22.11.2024