O‘zbekiston | 12:42 / 15.11.2018
29262
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori bilan yangi ko‘krak nishoni ta'sis etildi

“Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta'sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi telegram-kanali. 

Nizomga ko‘ra ushbu ko‘krak nishoni bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qo‘shgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari hamda fuqarolar taqdirlanadilar.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi tomonidan amalga oshiriladi. 

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Maslahat kengashining ishchi organi hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, ushbu ko‘krak nishoni 8 dekabr – Konstitutsiya kuni bayrami arafasida topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar.

Mavzuga oid