O‘zbekiston | 20:55 / 15.11.2018
14687
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Qo‘ng‘irot tumanidagi oilaviy poliklinikani borib ko‘rdi

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida Qo‘ng‘irot tumanidagi oilaviy poliklinikani borib ko‘rdi.

«Qo‘ng‘irot» fuqarolar yig‘inidagi  23-oilaviy poliklinika joriy yilda rekonstruksiya qilingan, zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari o‘rnatilgan.

Bu poliklinika «Qo‘ng‘irot», «Shumanay», «Qangli» ovul fuqarolar yig‘inlarida yashaydigan 12 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Oliy ma'lumotli shifokorlar bir kunda 100 kishiga xizmat ko‘rsatadi.

Poliklinika tarkibida besh o‘rinli statsionar va tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etilgan. Ayollar maslahatxonasi, o‘smir-qizlar xonasi, ijtimoiy dorixona, fitobar ochilgan.

Prezident aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishini, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar sog‘ligi uchun barcha sharoit yaratilishini ta'kidlagan.

«Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘istonda ham aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatni yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2017-2018 yillarda investitsiya dasturi doirasida 36 obektda 84 milliard so‘mlikdan ziyod ishlar bajarilib, ular 2,8 million AQSh dollari qiymatidagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid