Sport | 19:15 / 18.11.2018
11478
4 daqiqa o‘qiladi

Qilichbozlik bo‘yicha Jahon kubogida O‘zbekiston termasi ilk marta kumush medalni qo‘lga kiritdi

Nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda ilk marotaba tashkil etilgan qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasidagi Jahon kubogi o‘z yakuniga yetdi. 17-18 noyabr kunlari Toshkentdagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan Respublika olimpiya zaxiralari sport maktabi majmuasi musobaqaning yakkalik va jamoaviy bahslariga mezbonlik qildi.

Qimmatli reyting ochkolarini taqdim etuvchi turnirda 14 mamlakatdan 53 nafar sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi eng ko‘p – 13 vakil bilan, Rossiya termasi esa 12 sportchi qiz bilan qatnashdi.

Birinchi kuni sportchilar yakkalik bellashuvlarini o‘tkazishdi. Unda o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli qatnasha olishmadi. Oltin medal bolgariyalik Yoana Iliyevaga nasib etdi, 2-6-o‘rinlarni rossiyalik sportchilar band etishdi. O‘zbekiston vakillari orasidan Zaynab Dayibekova eng yaxshi natijani qayd etdi: 19 noyabrda 16 yoshini qarshi oladigan sportchi 9-o‘rinni egalladi. U yuqori o‘nlikka kira olgan yagona mezbon atlet bo‘ldi. Umuman, 14 ochkodan 32 ochkogacha reyting ochkolarini beruvchi eng yaxshi 8 ta o‘rinning 6 tasi rossiyalik qilichboz qizlar tomonidan band etilganini qayd etish lozim.

Bugungi jamoaviy bellashuvlarda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘z tarixida ilk marotaba Jahon kubogi finaliga qadar yetib bora oldi. Zaynab Dayibekova, Sevinch Ismoilova, Shaxnoza Tog‘aymurodova va Oysuluv Usnaddinovadan iborat terma jamoa chorak finalda Moldova vakillarini mag‘lub etdi va final uchun kechgan bahsda Germaniya termasi ustidan g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng mezbonlar oltin medal uchun bahsda Rossiya termasiga qarshi podiumga ko‘tarildi. Final bahsining oltinchi raundiga qadar hisobda oldinda borgan o‘zbekistonlik qizlar yakunda 38:45 hisobida imkoniyatni boy berishdi va kumush medal sohibasiga aylanishdi.

Natijada Rossiya terma jamoasi 64, O‘zbekiston sportchilari esa 52 reyting ochkolariga ega bo‘ldi. Kuchli uchlikni Germaniya (40 ochkoni qo‘lga kiritdi) termasi yakunlab bergan bo‘lsa, keyingi o‘rinlar Bolgariya, Moldova, Qozog‘iston va Isroil jamoalariga nasib etdi. Kecha yakkalik bahslarida 9-o‘rinni olgan Zaynab Dayibekova va 14-o‘rinni band etgan Sevinch Ismoilova o‘z hisoblariga 8 ochkodan qo‘shib qo‘yishdi.

Jahon kubogida qayd etilgan natijalardan so‘ng O‘zbekiston jahon reytingida 12-o‘ringa ko‘tarilib, Osiyo qit'asida kuchli uchlikka kirib oldi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston va Germaniya termalari o‘rtasida kechgan yarim final bellashuvi vaqtida o‘zbek qilichbozining shpagasi sinib qolishi oqibatida raqib vakilasi o‘mrov sohasidan jarohat oldi. Shu boisdan bahs bir necha daqiqaga kechiktirildi, shikastlangan nemis sportchisi keyinroq taqdirlash marosimida ham ishtirok etmadi (Germaniya uchinchi o‘rin uchun bahsda Bolgariyani mag‘lub etib, shohsupaning o‘chinchi pog‘onasidan joy oldi).

Ma'lumot uchun, Jahon kubogi – Xalqaro Qilichbozlik Federatsiyasi (FIE) tomonidan har yili uch yo‘nalishda (rapira, shpaga, sablya) tashkil etiladigan musobaqa bo‘lib, u 1982 yildan buyon o‘tkazib kelinadi.

Eslatib o‘tamiz, bu noyabr oyida Toshkentda tashkil etilgan ikkinchi xalqaro qilichbozlik turniri bo‘ldi. O‘tgan yakshanba O‘zbekiston poytaxti shpaga bo‘yicha erkaklar o‘rtasida «Satellit» musobaqasiga mezbonlik qilgan edi.

Mavzuga oid