O‘zbekiston | 23:17 / 19.11.2018
60083
3 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi: Ishonch telefon raqamiga murojaat qilgan ayollar soni 7 mingga yaqinlashdi

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

Bugungi kunga qadar og‘ir hayotiy vaziyatda qolgan ayollar uchun mo‘ljallangan «1146» ishonch telefon raqamiga murojaat qilgan ayollar soni 7 mingga yaqinlashdi, kun davomida eng ko‘p 50-60 ga yaqin qo‘ng‘iroq amalga oshirildi. Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva 19 noyabr kuni poytaxtda bo‘lib o‘tgan BMTning «Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Konventsiyasi (CEDAW) asosida Qo‘mita tavsiyalarini bajarishga bag‘ishlangan davra suhbati davomida shu haqida ma'lum qildi. 

Tanzila Norboyeva ishonch raqami yuzasidan noto‘g‘ri tasavvur hosil qilgan ba'zi kishilar uchun izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishonch telefoni ishga tushirilishidan maqsad – tushkunlikka tushgan ayollarning ko‘nglini ko‘tarish, ularga huquqiy maslahatlar berish va psixologik qo‘llab-quvvatlash. Erkaklarni jazoga tortish emas, zarurat tug‘ilgan taqdirda, ular bilan suhbatlashish va ayolga ham, erkakka ham to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish.

O‘zbekiston inson huquqlari sohasida 70 dan ortiq xalqaro hujjatga, xususan BMTning o‘nta kelishuv hujjatiga qo‘shilgan hamda zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni to‘laqonli bajarib kelmoqda. Xalqaro me'yorlar va huquqiy standartlarga asosan «Ayollar huquqini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Konventsiya (CEDAW)ga qo‘shilgan.

Davra suhbati doirasida Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha tavsiyalarning bajarilishi yuzasidan ekspertlarning xulosalari hamda Milliy harakatlar rejasining bajarilishi yuzasidan asosiy natijalar tinglandi, rejaning amalga oshishida yuzaga kelgan kamchiliklarning sabablari tahlil qilindi hamda ularning bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Mavzuga oid