Jamiyat | 23:44 / 20.11.2018
15004
5 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanida tashkilotlar ayrim nashrlarga majburiy obuna bo‘lishi uchun topshiriq berilmoqda

Bugun qo‘limga Peshku tuman hokimining “Peshko‘paxtatozalash” AJ raisiga yozgan xati kelib tushdi. Unda tuman hokimi respublika, viloyat va tuman nashrlariga 2019 yil uchun obuna mavsumini talab darajasida tashkil etish uchun 20 noyabrga qadar ro‘yxatdagi gazeta va jurnallarga obunani to‘liq tashkil qilish haqida ko‘rsatma bergan, deb yozadi huquqshunos, bloger Xushnud Xudoyberdiyev o‘zining Telegram-kanalida.

Oldindan ayrimlar uchun aytib qo‘yish kerakki, xatda hech qanday “tavsiya etiladi” degan so‘zlar ishlatilmagan. Boz ustiga xatning oxirida “izoh” qismida quyidagi bebaho bitiklar oltin harflar bilan yozib qo‘yilgan:

“Yuqoridagi nashrlarning barchasiga 12 oy muddatdan kam bo‘lmagan holda (ya'ni yillik — tah.) obuna bo‘lish shart”.

Demak, yaqqol ko‘rinib turibdiki, gap majburiy obuna haqida ketmoqda.

Majburiy obuna buyurilgan xatda quyidagi nashrlarning ro‘yxati va obuna soni keltirilgan:

“Peshko‘ ovozi” — 200

“Buxoronoma” — 60

“Ma'naviyat sarchashmasi” — 35

“Qishloq hayoti” — 20

“Xalq so‘zi” — 15

“Ovozi toҷik” — 5

“Nurly Jol” — 5

“Jamiyat” — 5

“Nuroniy” — 5

“Buxoro yoshlari” — 5

“Yoshlar ovozi” — 5

“Molodyoj Uzbekistana” — 5

“Buxarskiy vestnik” — 4

“Buxoro mavjlari” — 4

“Iqtisodiyot gazetasi” —4

“Mahalla” — 3

“XXI asr” gazetasi — 3

“Pravda vostoka” — 2

“Milliy tiklanish” — 2

“O‘zbekiston iqtisodiyot axborotnomasi” — 1

Bundan ko‘rinadiki, Peshko‘ tuman hokimi “Peshko‘paxtatozalash” AJga 20 ta turdagi nashrga jami 388 dona obuna bo‘lishni talab qilmoqda. Undan ham qizig‘i, obunaning katta qismi respublika darajasidagi nashrlar uchun emas, balki “Peshko‘ ovozi” tuman gazetasiga — 200 ta, “Buxoronoma” viloyat gazetasiga — 60 ta, internetdan birorta ma'lumot chiqmagan “Ma'naviyat sarchashmasi” degan noma'lum nashrga — 35 ta, jami — 295 dona obuna majburiy qilib belgilangan.

“Surishtiruvni davom ettirib, buncha obuna taxminan qanchaga tushishini hisoblab ko‘rmoqchi bo‘ldi. “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik kompaniyasining saytidan obuna katalogi berilgan ekan. Lekin 2019 yil uchun respublika nashrlarining narxi bor, lekin Buxoro viloyatidagi mahalliy nashrlar obunasining narxi yo‘qligi uchun o‘tgan yilgi narxlarni olishga majbur bo‘ldim”, — deb yozadi bloger.

Taxminiy hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, Peshko‘ tuman hokimining topshirig‘i bilan “Peshko‘paxtatozalash” AJ joriy yilda 60 mln. so‘mdan oshiqroq mablag‘ni obunaga sarflashga majbur ekan.

Xatda yana bir muhim jihat bor: Buxoro viloyat hokimining 29 sentabrdagi 301-f-sonli farmoyishi va tuman hokimining 2 oktabrdagi 169-f-sonli farmoyishlari ushbu majburiy obunaga asos sifatida ko‘rsatilgan. Demak, ushbu holatning qonuniyligini o‘rganadigan tegishli idoralar hokimlarning albatta ushbu farmoyishlarini ham jiddiy nazoratga olishlari lozim. Chunki bunday xat bittagina tashkilotga yuborilmagan, katta ehtimol bilan viloyat va tumandagi barcha tashkilotlar bu kabi topshiriqni olgan.

Umid qilamanki, ushbu masala tez orada qonun doirasida ko‘rib chiqiladi va tuman hokimining farmoyishi tugul, kerak bo‘lsa viloyat hokimining farmoyishi ham majburiy obuna elementlari aniqlangan taqdirda bekor qilinadi.

ESLATMA: Biz majburiy obunaga qarshimiz, lekin bu zinhor xalqimizning kitob, gazeta yoki jurnal o‘qimasin, deb targ‘ib qilayotganimizni anglatmaydi. Biz ko‘proq mutolaa tarafdorimiz, faqat obunasi mehnatkashlarning oyligidan majburiy ushlab qolinadigan gazetalar hisobiga emas.

Mavzuga oid