O‘zbekiston | 11:04 / 20.11.2018
24109
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish bilan qaysi kompaniya shug‘ullanishi ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Avtomobil yo‘llari qurilishi va foydalanish sohasidagi ishlarni tashkil etishning ilg‘or xorijiy usullarini jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi

Qaror loyihasida bildirilishicha, O‘zbekiston va Germaniyaning Roland Berger GmbH kompaniyasi respublikada yo‘llarning istiqboldagi rivojlanishi Kontseptsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida dastlabki kelishuvga erishgan.

Bunda respublika hududida nemis kompaniyalari bilan avtomobil yo‘llari qurilishi va foydalanishda qo‘llaniluvchi zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish, xorijiy injiniring kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, avtomobil yo‘llari va sun'iy inshootlarni loyihalashtirish sohasida aloqalar o‘rnatish, yo‘l infratuzilmasi obektlarini rivojlantirish, landshaft dizayn zamonaviy elementlarini tatbiq etish, avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirishda ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llash, avtomobil yo‘llari qurilishi va rekonstruksiyasi, shuningdek, yo‘l-foydalanish korxonalari zamonaviy texnikasi bilan jihozlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy kredit tashkilotlari moliyaviy resurslarini jalb etish nazarda tutilgan. 

Qaror loyihasida ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston kelgusi yilning yanvar oyi oxiriga qadar rivojlanish konsepsiyasi ustida ish olib borish uchun xorijiy maslahatchilarni jalb qilish bo‘yicha barcha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Shuningdek, hujjatga ko‘ra, sohani kadrlar bilan ta'minlash masalasi hal qilinishi zarur. 2019 yil 1 martga qadar hukumatga Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutida mutaxassislar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash bo‘yicha markazni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar kiritiladi.

Bundan tashqari, yo‘llar va infratuzilma qurilishiga yondashuv ham o‘zgarishi kerak. Hujjatga ko‘ra, 2019 yildan boshlab yo‘l xo‘jaligi sohasida qurilish-montaj ishlarini bajarish va qabul qilib olish bo‘yicha yangi tartib tatbiq etilishi mumkin. Bunda ishlar hajmi va sifati pudrat ishlarini miqdor ko‘rsatkichiga o‘tkazish orqali belgilanadi.

Mavzuga oid