Orol yelkanlar ostida: Rossiyaning yetakchi sayyohi O‘zbekistonga ekspeditsiya uyushtirish tashabbusi bilan chiqdi
“MARINS” yelkanli kemalar xalqaro assotsiatsiyasi Orol dengizi va Mo‘ynoqqa ekspeditsiya tashkillashtirish tashabbusi bilan chiqdi. Unda Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonning tajribali sayyohlari ishtirok etish istagini bildirishgan. Rossiyaning mashhur sayyohi Yelena Kulik Turizm sohasiga investitsiya kiritishga doir birinchi xalqaro forum doirasida KUN.UZ muxbiriga shu haqida intervyu berdi.
“Yelkanli turizm”ga aynan O‘zbekistonda start berilgan. Aviatsiya zavodi faoliyat yuritgan vaqtlar bu yerda katomaranlar ishlab chiqarilgan. 80-yillarda esa O‘zbekistonning yelkanli kema jamoasi Moskvadagi musobaqada oliy o‘rinni egallagan. O‘zbekistonda bir-biridan chiroyli daryolar, ko‘llar bilan birga Orol degan javohir bor. Biz barchaning e'tiborini mana shu nuqtaga qaratishni maqsad qildik, zero bu bugunning sayyohi uchun juda qiziq”, - deydi u.
Orol va Mo‘ynoq yelkanlar ostida
“Bizning loyihamiz - ko‘p bosqichli. Ulardan biri, yaqin orada amalga oshirishni rejalashtirganimiz – unga ko‘ra, mart oyi oxiri va aprel oyi boshlarida bir necha yelkanli katomaran Qozog‘iston hududidan O‘zbekiston hududiga o‘tadi va biz ularni mashhur film qahramoni Assol kabi sohilda kutib olamiz. Orol bugunga kelib ko‘lga aylangan bo‘lsa-da, bu - 200 km. Ushbu ekspeditsiyani Rossiyaning yetakchi sayyohi, “MARINS” kotibi Anatoliy Pavlovich Kulik boshqaradi”, - deydi u.
Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Rossiyada yetakchi sayyohlar soni 11 nafar, taniqlilari esa talaygina. Boshqalar tomonidan takrorlanmagan ishga qo‘l urgan sayyohlarga yetakchilik maqomi beriladi. Anatoliy Kulik dunyoda yagona “Yelkanlar ostidagi katomaran” deb nomlangan kemada dunyo bo‘ylab sayohat qilgan. Bu insonni suvdan atigi 60 sm ajratib turadigan kemadir.
“Yelkanli katomaran matematik olimning o‘zi tomonidan loyihalashtirilgan. U dengiz va okeanlarda sinovdan o‘tgan. Aynan uning o‘zi mazkur ekspeditsiyaga boshchilik qiladi va O‘zbekistonga yelkanlar ostida kirib keladi. Bu Orolga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga bo‘lgan e'tiborni kuchaytiradi, zero bu salohiyati yetarlicha baholanmagan noyob hududdir. O‘zbekistonni sxematik jihatdan uch qismga ajratadigan bo‘lsak, bu, albatta, o‘zining hunarmandlari va ajoyib tabiati bilan mashhur Farg‘ona vodiysi; ikkinchi qismi O‘zbekistonning “oltin xalqasi” – Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva; uchinchi qismi esa – Qoraqalpog‘iston. U yerda shuningdek noyob kolleksiyani o‘zida jamlagan Igor Savitskiy muzeyi joylashgan, dunyoning hech bir nuqtasida o‘xshashi yo‘q bu muzeyni odamlar ko‘rishi kerak. O‘zini hurmat qiluvchi har bir san'atshunos bu yerda bo‘ladi, endi esa Nukusdan Mo‘ynoq tomon harakatlanish imkoni bor. Mo‘ynoq – ochiq osmon ostidagi muzey, fojiali tarixga ega bo‘lsa-da, baribir noyob muzey, o‘lik kemalar muzeyi. Ular sahrodagi muzliklar kabidir. Endi esa tasavvur qilib ko‘ring-a, ekspeditsiya amalga oshgan taqdirda, yelkanlar ostidagi Orol va Mo‘ynoqning qanday go‘zal manzara kasb etishini! Zero katomaranlar nafaqat suvda, balki g‘ildiraklarda ham harakatlanadi. Bularning bari zamonaviy sayyohlar uchun juda qiziq”, - deydi mutaxassis.
Bugunning sayyohi
Mariyaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kun sayyohi kechagisidan ancha farqlanadi. Agar 10-20 yil ilgarigi turist – bu yopiq kenglikda yashagan va faqat o‘ziga qulay bo‘lgan joylar (ya'ni mehmonxonalar, barcha qulayliklar va h.k.) bo‘ylab harakatlangan sayyoh bo‘lsa, bugunga kelib dunyo bo‘ylab mustaqil sayohat qilishni xush ko‘ruvchi sayyohlar ko‘pchilikni tashkil qiladi va ularning soni tobora oshib bormoqda.
“Zamonamiz sayyohi internet orqali mehmonxona yoki boshqa bir joylashuv vositasiga buyurtma beradi va yo‘lga chiqaveradi. Biroq unga noodatiylik, qandaydir sarguzasht kerak. O‘zbekiston zamini esa buning uchun ayni muddaodir. Aytaylik, sayyoh erta tongda ko‘rkam bog‘da uyqudan uyg‘onadi, o‘z qo‘li bilan uzum uzadi, supada nonushta qiladi – bu kundalik yumushlardan charchagan shaharda yashovchi kishilarga o‘zgacha olamga g‘arq bo‘lish imkonini beradi”, - deydi Yelena Kulik.
Tavsiya
Yelena Kulik O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni kuzatib quvonayotgani, lekin shu bilan birga bu yo‘lda yana nimalarga e'tibor berilishi kerakligiga oid tavsiyasi bilan bo‘lishdi:
“Bugun dunyoda hamma narsa yevropalashmoqda. Mehmonxonaga kirganimizda hamma joyda uchratish mumkin bo‘lgan o‘ziga xos qulayliklarni ko‘ramiz. Biroq O‘zbekistonga kelganimizda undan qandaydir sirlilik, ertak qidiramiz. Bugun mamlakatda turizm rivojlanayotgan va yangidan-yangi mehmonxonalar qurilayotgan bir davrda aynan O‘zbekistonga xos bo‘lgan sharqona kolorit saqlab qolinishini istardim”, - dedi Kulik.
Mavzuga oid
22:53 / 16.12.2024
Emin Agalarov Chorvoq bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan turistik markazini qurmoqchi
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
09:49 / 13.12.2024
Milliy turizm yagona platformasi ishga tushirilmoqda
09:24 / 12.12.2024