O‘zbekiston | 08:15 / 22.11.2018
18744
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev axborot texnologiyalari sohasidagi qator muammolarni ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi

Hujjatda qayd etilishicha, davlat organlari va tashkilotlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta'minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilayotganiga qaramasdan “Elektron hukumat” tizimining joriy etilishi va samarali faoliyat ko‘rsatishiga, axborot sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishga to‘sqinlik qiluvchi qator muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan: 

birinchidan, axborotlashtirish sub'yektlari tomonidan qonun hujjatlari, normativ hujjatlar va davlat standartlarining ijro etilishi ustidan nazorat va tekshirishning amaldagi mexanizmi zamonaviy talablarga muvofiq emasligi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining pasayishiga olib kelmoqda; 

ikkinchidan, axborot xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga mas'ul yagona vakolatli organning mavjud emasligi mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning samarasizligiga sabab bo‘lmoqda; 

uchinchidan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy etilayotgan apparat vositalari va dasturiy mahsulotlarni ekspertiza va sertifikatsiyadan o‘tkazish tizimidagi kamchiliklar ularning “Elektron hukumat” tizimiga jadal integratsiyalashuvini susaytirmoqda; 

to‘rtinchidan, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi nazorat tizimi, muhim axborot infratuzilmasining mukammal emasligi davlat axborot tizimlari obektlari, raqamli iqtisodiyot va shaxsiy ma'lumotlarning zaiflashuviga olib kelmoqda; 

beshinchidan, buzg‘unchi kuchlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va Internet tarmog‘idan faol foydalanishi aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan avlodning dunyoqarashi va ongiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda; 

oltinchidan, axborot va kiberxavfsizlikni ta'minlash sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlarning mavjud emasligi milliy axborot makonini himoya qilishning zamonaviy usullarini joriy qilish imkonini bermayapti. 

Mavzuga oid