O‘zbekiston | 15:18 / 22.11.2018
4259
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyalik ekspertlar ishtirokida Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi muhokama qilindi

Turizmni rivojlantirish konsepsiyasining sifatli ishlab chiqilishini ta'minlash maqsadlarida turkiyalik ekspert Sodiq Badakning tavsiyalari asosida O‘zbekistonning sakkiz hududi – Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub'yektlari vakillari orasida so‘rovnoma o‘tkazildi.

Sodiq Badak

So‘rovnoma natijalari bo‘yicha fikrlar, takliflar va tavsiyalarni umumlashtirish hamda muhokama qilish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan so‘rovnoma ishtirokchilarini jalb qilgan holda seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarga shuningdek Turkiya turizm sohasining davlat va xususiy sektor mutaxassislari – Turkiya madaniyat va turizm vazirligi boshqarmasi boshlig‘i O.Ozet, «Turkish Airlines» aviakompaniyasi vitse-prezidenti F.Chigal, «Turkish Airlines»ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori S.Qahramon, Turkiya turagentlar asssotsiatsiyasi rahbariyati vakillari O.Uysal, Turkiya otelerlar assotsiatsiyasidan M.Topalo‘g‘li, Turkiyaning turizm sohasidagi investorlar assotsiatsiyasidan E.Akchakay taklif qilindi.

Seminar ishi turizm sohasining alohida yo‘nalishlariga oid panel sessiyalarda tashkil qilindi:

  • Joylashuv vositalari va yangi turistik markazlar qurilishi;
  • Mamlakatning turistik salohiyatini targ‘ib qilish;
  • Turizm sohasida hamkorlik va muvofiqlashtiruv;
  • Turizmning yangi turlarini rivojlantirish;
  • Turoperatorlar va turagentlar faoliyati;
  • Turizm sohasi kadrlar salohiyatini mustahkamlash va yoshlarni jalb qilish;
  • Transport tizimi va turizm sohasi infratuzilmasi;
  • Turizm sohasiga investitsiyalar kiritish va sarmoyalarni qo‘llab-quvvatlash.

Har bir sessiyada Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining mas'ul xodimlari moderator sifatida ish olib borishdi, ekspert sifatida esa – turkiyalik mutaxassislar.

Sessiyalar yakunlariga ko‘ra, turizm sohasining muammoli masalalari bo‘yicha muzokaralar tashkillashtirildi. Ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi hamda 2025 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasiga kiritish uchun umumlashtirildi.

Mavzuga oid