Light | 12:50 / 26.11.2018
45884
7 daqiqa o‘qiladi

68 yil davom etgan hiqichoq va hech kim hech qachon yangilay olmaydigan boshqa antiqa rekordlar

Ginness rekordlar kitobi 1955 yilda ommalashgandan keyin odamlar o‘zgalar rekordini  yangilash va garchi gohida bu rekordlar mutlaq tuturiqsiz bo‘lsa-da, yangilarini o‘rnatishga urinib kelmoqdalar. Biroq shunday rekordlar borki, ularni kimdir o‘rnatganining o‘zi hayrat uyg‘otadi. Ularni kimdir yangilay olishi esa umuman dargumondir.

Basketbol savatchasiga qatorasiga 5221 marta to‘pni tushirish

Foto: vimeocdn.com

Ted Seynt Martin umrida, hattoki kollejda ham basketbol o‘ynamagan, biroq butun hayoti davomida “nishonga aniq urish” bo‘yicha rekordlar o‘rnatib keladi. U o‘z rekordlarini savatchaga to‘pni qatorasiga 499 marta tushirgan Garold Levittning rekordini yangilash bilan boshlagan. Martin 1975 yilda savatchaga to‘pni 739 marta tushirib, bu rekordni yangilashga muvaffaq bo‘lgan. 75 yoshida esa savatchaga to‘pni qatorasiga 5221 marta tushirib, yangilab bo‘lmas rekordni o‘rnatgan.

Chaqmoqning bir kishiga 7 marta urilishi

Foto: anomalien.com

Roy Sallivan AQShning Shenandoa milliy bog‘ida nazoratchi bo‘lib ishlagan. Uning hayotida 1942 yildan 1977 yilgacha uni 7 marta chaqmoq urishidan boshqa noodatiy biror narsa yuz bermagan. Ushbu holat bog‘ shifokori tomonidan rasman qayd qilingan va tasdiqlangan. Darvoqe, Sallivan yoshligidanoq o‘ziga chaqmoq “tortgan” – uning keyinroq tan olishicha, otasi bilan o‘t o‘rayotganda uning o‘rog‘iga chaqmoq urilgan. 

68 yil davom etgan hiqichoq 

Foto: ohmygodfacts.com

Charlz Osborn bilan 28 yoshida g‘ayritabiiy hodisa yuz bergan – u so‘yilgan cho‘chqaning 159 kglik nimtasini ko‘tarishga urinib yiqilib tushgan. Bunday olganda, bu voqeada biror noodatiy narsa yo‘qdek. Biroq shundan keyin Charlzda 68 yil davom etgan hiqichoq tutish boshlangan. Ammo bu kamchilik unga odatiy turmush tarzini olib borishga xalaqit bermagan – Charlz ikki marta uylangan va 8 farzandli bo‘lgan. Charlzning hiqichoq tutishi 1990 yilda birdan to‘xtagan, ammo u bundan ko‘p zavqlana olmagan, chunki bir necha oydan keyin bitmas yara sababli vafot etgan. Charlz Osbornni umri davomida 595 million marta hiqichoq tutgani hisoblab chiqilgan.

Maykl Jyeksonning 30 marta platinaviy bo‘lgan albomi

Foto: myvenusradio.com

Afsonaviy Maykl Jyeksonning Thriller albomi 2017 yil dekabrida rekord miqdorda – 30-marta platinaviy bo‘ldi. Bu albomga “pop musiqa qiroli”ning Beat It, Billie Jean, Thriller kabi xitlari kirgan. Eslatma: albom platinaviy deb topilishi uchun kamida bir million nusxada sotilishi kerak. 

222:0 hisobidagi “mutlaq” g‘alaba

Foto: ncaa.com

1916 yilda talabalar futbol jamoasi Georgia Tech raqib jamoa Cumberland’ni 222:0 hisobida rosmana tor-mor etgan.

Bir o‘tirishda 119 banka pivo ichgan “polvon”

Foto: legacy.com

Fransiyalik professional restler Andre Rene Rusimov akromegaliya (o‘sish gormonining haddan ko‘p ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq qasallik) tufayli haqiqiy gigant bo‘lgan. Uni hattoki “dunyoning 8-mo‘'jizasi” deb ham atashgan. Rusimov do‘stlarining aytishicha, 224 sm bo‘y va 240 kg vaznga ega polvon kuniga yegulikdan tashqari, alkogol ko‘rinishida 7 ming kaloriya iste'mol qilgan. Bir marta u  Devid Letterman shousida bir o‘tirishda 6 soat ichida 119 banka pivo ichganini tan olgan va buni ko‘plab guvohlar tasdiqlashgan.

Mini Cooper avtomobiliga sig‘gan 28 kishi 

Foto: peopleareawsom.wordpress.com

2012 yil noyabrida 28 britaniyalik gimnastikachi qiz 10 daqiqa ichida Mini Cooper avtomobili ichiga joylashib, jahon rekordini o‘rnatishgan.

Afsonaviy xokkeychi Ueyn Grettski

Foto: wikipedia.org

20-asrning eng taniqli sportchilaridan biri, kanadalik xokkeychi Ueyn Grettski o‘z faoliyati davomida 61 ta rekord o‘rnatgan. Jumladan, u eng ko‘p shayba (894 ta) kiritgan, eng ko‘p golli uzatma oshirgan (1963 ta), bir mavsumda eng ko‘p shayba urgan (92 ta) xokkeychidir va uning bu kabi rekordlarining adog‘i yo‘q.

Dunyodagi eng baland bo‘yli inson

Foto:  blogspot.com

Amerikalik Robert Uodlou tarixda qayd qilingan eng bo‘ydor odam hisoblanadi. Uning bo‘yi 272 smga yetgan. Robert gipofiz o‘simtasi va akromegaliyadan aziyat chekkan. Uning bo‘yi 8 yoshligidayoq 188 smni, 18 yoshida esa 254 smni tashkil qilgan. Robert maktabni bitirgach sirk gastrollari bilan AQShning butun shtatlarini aylanib chiqqan, so‘ngra kollejga o‘qishga kirib, huquqni o‘rgangan. Robertni bilganlarning barchasi uni “mehribon devqomat” deb atashgan. Biroq Robertning sog‘lig‘i yomonlashib, u 22 yoshida hassa tayanishi oqibatida kelib chiqqan yuqumli kasallik sababli erta hayotdan ko‘z yumgan.

Beysbolda bir inning vaqtida amalga oshirilgan ikkita grand-slem

Foto: deadspin.com

1999 yilda beysbol uchrashuvi vaqtida “Cardinals” jamoasi a'zosi Fernando Tatis bir inning vaqtida ikkita grand-slemni amalga oshirib rekord o‘rnatgan. Eslatma: beysbolda inning deb, jamoalar bir marta himoyada, bir marta hujumda o‘ynaydigan oraliq hisoblanadi, qoidaga ko‘ra o‘yin 9 ta inningdan tashkil topadi. Grand-slem esa to‘pni bita bilan qaytaruvchining kuchli zarbasi bo‘lib, bunda to‘p tribunalar tomon uchib ketadi. Bunday zarba amalga oshirilgach, to‘pga zarba bergan o‘yinchi barcha bazalarni to‘sqinliklarsiz yugurib o‘tib, “uy”ga qaytadi. Grand-slem maydondagi barcha bazalar rannerlar (yuguruvchi o‘yinchilar) tomonidan egallangan sharoitda yuz beradi.

Mavzuga oid