O‘zbekiston | 23:13 / 29.11.2018
13051
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisi o‘rinbosari sudlardagi eng og‘ir nuqta haqida gapirdi

2018 yilning shu davrigacha O‘zbekistonda 30 mingga yaqin oilaviy ajrimlar kuzatilgan. Turmushi buzilgan oilalarning katta qismi xorijda muhojirlikda yurgan kishilar bilan yuz bergan. Bu haqda Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov Kun.uz'ga ma'lum qilgan.

«Ota ham, ona ham chet elga chiqib ketgan, farzand esa jinoyat qilib qamalib ketgan hollar ko‘p kuzatildi. Jamiyatda oilaga munosabat o‘zgarib bormoqda. Oddiy misol, Sirdaryodagi hibsxonada ikki ayol bor, biri farzandini sotmoqchi bo‘lgan, ikkinchisi singlisini farzandini sotmoqchi bo‘layotgan vaqtda ushlangan. Bizgacha bunday holatlar oxirgi nuqtaga kelganda ko‘rib chiqiladi. Biz bu hollarni oldini olishga harakat qilishimiz kerak. Bunga qarshi kurashni maktabdan boshlashimiz kerak. Yoshlarni nikohga tayyorlash lozim. Shu sababdan nikoh yoshini qizlarga nisbatan oshirish masalasi to‘g‘ri o‘rtaga qo‘yilgan. Chunki, nikohga kirayotgan, katta yo‘l yoqasidagi odam voyaga yetgan bo‘lishi lozim. Statistika bo‘yicha, nikohga kirayotganlarning asosiy qismi 20 yoshdan oshgan yoshlar hisoblanadi», - deydi rais o‘rinbosari.

Yodgorovga ko‘ra, jamiyatda meros masalasi asosan shariat qoidalari bo‘yicha belgilangan va sudlar alimentlarni undirish masalasiga alohida e'tibor qaratmoqda.

«Koreyaga xizmat safarimiz chog‘ida u yerdagi aliment qarzi​ mavjud fuqarolarimizdan oilasining foydasiga pul undirib berdik. Bizni yurtda uylanib keyin ketib qolgan Koreya fuqarolaridan ham alimentlarini undirganmiz. 

Jinoiy ijro borasida liberalizatsiya qilinayotgan ishlardan biri - aliment masalasida qamoqni qo‘llamay majburiy jamoat ishlarini yo‘lga qo‘yilgani bo‘ldi. Odamga jazo tariqasida qamoq qo‘llanilgani bilan uni oilasini qorni to‘yib qolmaydi. Shu sababdan majburiy jamoat ishlariga, oilasidan ajratmagan holda, jalb qilyapmiz. Boshqa holatlarda ham insoniylik mezonlari asosida ish olib borilmoqda. Masalan, jazoni o‘tayotgan shaxslarni tuzalish yo‘liga kirgan bo‘lsa, muddatidan oldin jazoni tugatish ishlari ham ketmoqda»​, - deydi Oliy sud rais o‘rinbosari.

Mavzuga oid