O‘zbekiston | 16:13 / 29.11.2018
14364
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining vazifalari nimalardan iborat?

Kecha, 28 noyabr kuni Komil Ismoilovich Allamjonov hukumat qaroriga muvofiq, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA) bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Bu xabar muhokamasi vaqtida ayrim internet foydalanuvchilari mazkur agentlikni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bilan chalkashtirmoqda. Aslida esa, bular boshqa-boshqa tashkilotlardir.

Komil Ismoilovich Allamjonov
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 dekabrdagi 1038-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Agentlik tuzilmasi

Agentlik tizimiga Agentlikning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari, «O‘zbekiston», «O‘qituvchi», G‘afur G‘ulom nomidagi va Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyoti, «Ko‘zi ojizlar bosmaxonasi», «Ma'muriy binolardan foydalanishni boshqarish» davlat korxonalari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Agentlikning hududiy bo‘linmalariga idoraviy mansub nashriyotlar, Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazi kiradi.

Agentlikning vazifalari  

Agentlik quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

Ommaviy axborot vositalarining mustaqil faoliyatiga doir qonun hujjatlari ijrosini ta'minlash sohasida:

qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida belgilangan tartibda va doirada kasbiy faoliyat doirasida ommaviy axborot vositalari tahririyatlarining mustaqilligi va erkinligini ta'minlash vakolatlarini amalga oshiradi;

matbuot va ommaviy axborot vositalarini yanada erkinlashtirish va rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.

Ommaviy axborot vositalari, noshirlik va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirish sohasida:

ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

matbaa korxonalarini ro‘yxatdan o‘tkazadi;

ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi;

noshirlik faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi Komissiyasining ishchi organi funksiyasini bajaradi;

ommaviy axborot vositalari, axborot almashish, matbuot, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash va joriy etishda ishtirok etadi.

Ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyatiga oid qonun hujjatlariga, davlat va tarmoq standartlariga rioya etilishi, so‘z va axborot erkinligini kafolatlaydigan qonunchilik normalarining bajarilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish sohasida:

nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari va respublika axborot makoni boshqa ishtirokchilari tomonidan axborot va noshirlik sohasida qonun hujjatlariga rioya qilinishi monitoringi olib borilishini tashkil etadi;

qonun hujjatlariga, litsenziya, ruxsat berish talablari va shartlariga rioya qilinishi ustidan nazorat qiladi. Ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, matbaa korxonalari tomonidan qonun hujjatlari muntazam bajarilmasligi hollari aniqlanganda litsenziyalar va ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi guvohnomalarning amal qilishini to‘xtatib turish va to‘xtatish to‘g‘risida belgilangan tartibda sudga murojaat qiladi.

Axborot xavfsizligini ta'minlash, axborot sohasidagi tahdidlarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish sohasida:

axborot makonidagi turli tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda, bolalarni ularning sog‘ligiga zararli ta'sir ko‘rsatadigan axborotdan himoya qilishda ishtirok etadi;

mamlakatda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni faol va sifatli yoritishga erishish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, ularda fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, ma'naviyatni oshirish masalalarida ommaviy axborot vositalarining faoliyatini rag‘batlantiradi va muvofiqlashtiradi;

shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi.

Agentlik shuningdek, jamiyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish, elektron va audiokitoblar yaratish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ijtimoiy ahamiyatga molik adabiyotlarni nashr etish bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va bajarish, o‘zbek tili va adabiyotini chet elda ommalashtirish, mahalliy nashriyotlarga o‘z mahsulotlarini xalqaro kitob bozoriga olib chiqishda ko‘maklashish, axborotni tayyorlash, tarqatish va undan foydalanish sohasida respublika fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qatnashish, media bozorda mulkchilik shakllaridan qat'i nazar ommaviy axborot vositalariga teng sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqish, noshirlik va matbaa tarmoqlarining texnik-texnologik bazasini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, standartlashtirish va sertifikatlash, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyatiga doir milliy va xorijiy tanlovlar, ko‘rgazma-yarmarkalar va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etish, ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasida tegishli xorijiy, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish kabi sohalarda ham tegishli vazifalarni amalga oshiradi.

Agentlik rahbariyati

Agentlikni bosh direktor boshqaradi, u O‘zbekiston Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Bosh direktor moddiy, maishiy, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazirga, bosh direktorning birinchi o‘rinbosari — vazirning birinchi o‘rinbosariga, bosh direktorning o‘rinbosari — vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Bosh direktorning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Mavzuga oid