O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlariga mo‘ljallangan yo‘l xaritasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Bugun, 29 noyabr kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida O‘zbekistonning «2019-2021 yillarga mo‘ljallangan tizimli islohotlar asosiy yo‘nalishlarining yo‘l xaritasi» mavzusidagi taqdimot-muzokara ko‘rinishidagi xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Jahon bankining ishchi guruhi bilan birgalikda, tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish maqsadida beshta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga olgan «islohotlar yo‘l xarita»sini ishlab chiqqan.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshlab berdi.
Kun.uz muxbiri xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev va Jahon bankining sobiq vitse-prezidenti, Jorj Vashington universiteti professori Denni Leyptsiger yig‘ilganlarga yo‘l xaritasi taqdimotini tanishtirishdi.
Taqdimot marosimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va davlat idoralari, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, qator xalqaro moliya institutlari va konsalting muassasalari vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, yetakchi mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.
Yo‘l xaritasi quyidagicha ko‘rinish oladi:
Birinchi, tegishli institutlarni mustahkamlash, modernizatsiya qilingan soliq-byudjyet siyosati va soliq islohotlari natijasida hosil bo‘ladigan makroiqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash. Xususan, makroiqtisodiy ma'lumotlar yig‘ish va tahlil qilish tizimini va pul-kredit siyosatini takomillashtirish, ichki va tashqi qarzlarni boshqarish, davlat xarajatlarining samaradorligi va hisobdorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Ikkinchi, raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonining tezlashishi. Yer va kapitaldan foydalanish samaradorligini oshirish, moliya bozorlarini isloh qilish masalalari qarab chiqilmoqda. Savdo siyosati va eksportni yanada liberallashtirish, aviatsiya sektorini isloh qilish va AKT sohasini rivojlantirish jahon iqtisodiyotiga birikishni jadallashtirishning kelgusi chora-tadbirlari sifatida ko‘rildi. Xususiy sektor faoliyatidagi cheklovlarni olib tashlash, raqobatbardosh biznes muhitini mustahkamlash, investitsion muhit va monopoliyaga qarshi tartibga solish ishlari davom ettiriladi. Qishloq xo‘jaligini, suv ta'minoti va energiya manbalarini rivojlantirish, shu jumladan qayta tiklanadigan energetika sohasini rivojlantirish strategiyalari individual sanoatlarning ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Uchinchi, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularga xizmat ko‘rsatishni kuchaytirish. Ta'lim va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishning milliy strategiyasini hamda mehnat bozori, penciya va sud tizimini isloh qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
To‘rtinchi, kuchli bozor iqtisodiyotida davlatning rolini kuchaytirish. Uni ishlab chiqarish jarayonining bevosita ishtirokchisidan, davlat-xususiy sektor hamkorligini rivojlantirish, davlat ulushiga ega korxonalarni isloh qilish hamda tovar va xizmatlar narxlarining ikkilamchi tartibini bartaraf etish bilan shug‘ullanuvchi xususiy sektor hamkori ko‘rinishiga almashtirish rejalashtirilmoqda. Davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish davlat xizmatlarini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqishga yordam beradi. Jamoatchilik xabardorligini oshirish uchun fuqarolarning zamonaviylashtirish jarayonlarida ishtirokini ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘riladi.
Beshinchi, atrof-muhitdan foydalanish samaradorligini oshirish. Uni himoya qilish uchun «yo‘l xaritasi» ni, suvni tejash dasturini, sug‘orish va melioratsiya tizimini rivojlantirishni rejalashtirilmoqda.
Tadbir doirasida o‘tkazilgan davra suhbati davomida islohotlarning yo‘l xaritasi, iqtisodiy islohotlarning hozirgi holati va ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida fikrlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi.
Mavzuga oid
19:28 / 18.12.2024
Toshkentda issiqlik ta’minoti narxlari 2 yilda 4 marta oshiriladi. Lekin bu ham yetarli emasligi aytilmoqda
14:14 / 18.12.2024
“Energetika sohasini subsidiyalash 2028 yildan to‘xtatiladi” – Jamshid Qo‘chqorov
18:33 / 26.11.2024
“Judayam murakkab savol” - Qo‘chqorov tibbiyot xodimlarining maoshi haqida
17:11 / 26.11.2024