O‘zbekiston | 10:02 / 04.12.2018
43619
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonning Isfarasida «o‘zbek bozori» yopildi

Tojikistonning Isfara shahri «Navbahor» yirik bozori hududidagi «o‘zbek bozori» bo‘shab qoldi. Uch oy oldin bu yerdagi rastalar sotuvchilar hamda xaridorlar bilan to‘lib-toshgandi, deya xabar beradi CA-news.

Isfaradagi o‘zbek bozorlari vakili Abdug‘ani Raufovning aytishicha, bozor bo‘shab qolishiga sabablardan biri Tojikiston tomonining yuqori bojlari sanaladi.

O‘z navbatida, Isfara shahri raisining o‘rinbosari Sobit Umarzoda fikricha, «o‘zbek bozori» o‘zbekistonlik tadbirkorlarning mato hamda boshqa mahsulotlari yuqori sifatga ega bo‘lmagani, sotuvchilar shuning uchun xaridorlarni topa olishmagani tufayli yopilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi paytda o‘zbekistonlik ba'zi tadbirkorlar shaharning boshqa bozorida mevalar bilan savdo qilishmoqda.

Isfara shahri raisining o‘rinbosari bojxona sohasida muammolar borligini inkor etmadi. Uning ta'kidlanishicha, bundan avval o‘zbekistonlik ishbilarmonlar Tojikistondan bojlarni bekor qilishni so‘rashgan. Biroq, shu yilning yozida, O‘zbekiston hukumati Tojikiston fuqarolariga chegarani kesib o‘tish chog‘ida 10 kilogrammdandan ortiq yukka ega bo‘lishni taqiqlab qo‘ydi. O‘shanda Tojikiston hukumati O‘zbekiston fuqarolari bundan buyon o‘z yonlarida faqat 50 kilogramm yukka ega bo‘lishi mumkin ekanini e'lon qildi.

«Hozirda bojlarni bekor qilish mumkin emas, sababi Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida hech qanday hujjatlar imzolanmagan», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Sobit Umarzoda.

Uch oy avval «Navbahor»da o‘zbekistonlik 100ga yaqin sotuvchi ishlagan. Ular asosan oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishgan.

Shu bilan birga, Tojikiston hukumati xabariga ko‘ra, 2018 yil 9 oyida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 220 million dollarga ko‘paygan.

Mavzuga oid