Jamiyat | 10:20 / 05.12.2018
65436
10 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘on IIBda tahqirlangan ayol Oqdaryoda sudlanmoqda - tafsilotlar

Jinoyat ishlar bo‘yicha Oqdaryo tuman sudida sudya Ilyos Doniyorov raisligida Kattaqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi N.T. ga nisbatan ochilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Sudya Ilyos Doniyorov

N.T. — Internetda juda mashhur bo‘lgan ayol. U ikki farzandning onasi. Eri vafot etgan. 2018 yil 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi katta tezkor vakili San'at Umarov tomonidan tahqirlanib, yechintirilgani xabari jamoatchilik orasida katta rezonans keltirib chiqargan edi. San'at Umarovning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, u sud hukmi bilan 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar berilgan edi.

21 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida jabrlanuvchi sifatida qatnashgan N.T.ning o‘zi endi sudlanmoqda.

U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 127-moddasi 3-qismi (Voyaga yetmagan shaxsni jinoyat qilishga jalb etish) va 169-moddasi 3-qismining «a» bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan amalga oshirilgan o‘g‘rilik) bilan ayblanmoqda.

Nomi birinchi keltirilgan modda bo‘yicha u 5 yildan 10 yilgacha, ikkinchisi bilan 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

N.T. qanday jinoyatga qo‘l urgan o‘zi?

Bu — 1986 yilda Jizzax viloyatida tavallud topgan N.T. o‘g‘rilikda ayblanib, birinchi bor sudlanishi emas.

2009 yilning 22 aprel kuni JIB Kattaqo‘rg‘on shahar sudining ajrimiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tomonlarning yarashgani munosabati bilan tugatilgan. (Bu vaqtda N.T. ikkinchi farzandiga homilador bo‘lgan — tahr.).

2015 yil 20 mart kuni JIB Qo‘shrabot tuman sudi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 2 million 368 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.

2017 yil 11 may kuni JIB Ishtixon tuman sudi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, oylik ish haqining 15 foizi davlat daromadi hisobiga ushlab qolingan holda, 2 yil axloq tuzatish ishlariga jalb qilinishi jazosi tayinlangan.

Lekin shunga qaramasdan, N.T. o‘zining jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirgan.

Oqdaryodagi voqea

U 2018 yil 16 sentabr (yakshanba) kuni soat ertalab 10:00lar atrofida Oqdaryo tumani markazi Loyish shaharchasida joylashgan «Oqdaryo dehqon bozori» MChJ hududidagi Maftuna Aktamovaga tegishli oziq-ovqat savdo do‘koniga kirib, shu do‘konda onasi Novvot Hasanova bilan birgalikda shirinlik xarid qilayotgan Nargiza Hasanovaning hamyonidan Samsung Galaxy J2 smartfoni hamda 400.000 so‘m pulni bildirmasdan o‘g‘irlaganlikda gumonlanmoqda. Ona-bola dod-voy qilishadi, lekin shu kuni o‘g‘ri topilmaydi. Ular ertasi kuni IIBga ariza yozishadi.

Jabrlanuvchi Nargiza Hasanova

Oldinga o‘tib aytish kerakki, garchi dastlabki tergov davomida ham, sud majlisi davomida ham N.T. bu ishni qilganini bo‘yniga olmayotgan bo‘lsa-da, bu hol M.Aktamovaga tegishli do‘kondagi kameralarga yozilib qolgan. Kuzatuv kamerasi yozuvlarida garchi hamyonni o‘g‘irlash jarayoni aniq aks etmagan bo‘lsa-da, ona va qizning orasiga aynan N.T. bosh suqqani ko‘rinib turibdi. Yana bir muhim dalil borki, u haqda pastroqda.

Nargiza Hasanova va onasi N.Hasanova

Tergov ma'lumotiga ko‘ra, N.T. oradan ikki hafta o‘tgach, 2018 yilning 30 sentabr (yakshanba) kuni yana Loyishdagi dehqon bozoriga keladi. Bu safar u o‘zi bilan 2009 yilda tug‘ilgan qizi B.I.ni ham sherik qilib oladi.

U qizining qo‘liga polietilen sumka berib, 4–5 qadam ortda borishini tayinlaydi. Dastlab, Rustam Allayevga tegishli savdo do‘konining oldidagi rastada xaridor Saodat Egamberdiyevaga tegishli Samsung Galaxy J320F rusumli smartfonni egasiga bildirmasdan o‘g‘irlaydi va uni qizi B.I.ning qo‘lidagi sumkaga solib qo‘yadi.

Keyingi «o‘lja» — shu bozorda bozor qilib yurgan Sojida Bo‘riyeva bo‘ladi. S.Bo‘riyevaning sumkasidan ayollar hamyonini oladi. Hamyonning ichida lab bo‘yog‘i va 35.700 so‘m pul bo‘ladi.

Sal o‘tmay Kamola Jalilovaga tegishli parfyumeriya mahsulotlari savdo rastasiga yaqinlashib, ushbu rastada savdo ishlariga yordamlashayotgan Muxlisaxon Narzullayevaning egnidagi sport kiyimi cho‘ntagidan Samsung Galaxy S5 telefonini yashirincha olganidan so‘ng M.Narzullayeva o‘g‘rilikni sezib qoladi va atrofdagilardan baqirib yordam so‘raydi. Bozorda xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan N.T. va uning voyaga yetmagan qizi B.I. ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qo‘lga olinadi.

Ichki ishlar organlari xodimlari xolis guvohlar ishtirokida o‘tkazgan tintuv asnosida B.I.ning qo‘lidagi sumkasidan ikkita smartfonni topib olishadi. N.T.ning sumkasidan esa S.Bo‘riyevaga tegishli lab bo‘yog‘i chiqadi. N.T.ning sumkasidan fuqarolarga tegishli buyumlar bilan birga yana bir muhim ashyoviy dalil — flesh-karta chiqadiki, bu uning 16 sentabr kungi jinoyatga ham bevosita aloqadorligini isbotlaydi. Flesh-karta 16 sentabr kuni telefoni va 400 ming so‘m pulidan ayrilgan Nargiza Hasanovaga tegishli edi. Flesh-karta ustiga tirnoq laki bilan belgi qo‘yilgan, uning ichidan Nargizaning fotosuratlari chiqib turibdi.

Eng hayratlanarlisi, ona jinoyat ustida qo‘lga tushgan 30 sentabr kuni uning voyaga yetmagan o‘g‘li Sh.M. ham Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘g‘rilik ustida ushlanadi. Oqdaryodagi ichki ishlar bo‘limidan qaytgan ona-bola to‘g‘ri Kattaqo‘rg‘on shahridagi ichki ishlar bo‘limidan o‘g‘lini olib chiqishga borishadi…

Sud majlisida so‘zlagan qiz

Ushbu jinoiy ish bo‘yicha dastlabki Oqdaryodagi sud majlisi 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan. Guvohlar ko‘rsatmasi tinglangan.

4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida ayrim guvohlar va jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari tinglandi. Shuningdek, sud raisi Ilyos Doniyorov pedagoglar vositasida N.T.ning voyaga yetmagan qizi B.I.ga savollar berdi.

Qayd etish joizki, tergov jarayonida pedagoglar vositasida so‘ralganda B.I. 30 sentabr kungi ikkita o‘g‘rilik holati qay tarzda amalga oshirilganini so‘zlab berib, onasi bilan ilgari hech qachon bozorlarga birga bormagani, onasi u va akasiga o‘g‘rilik qilishni o‘rgatmagani, aka-singil onasiga o‘g‘rilik yomon odat ekanini, bu ishni qaytarmaslik kerakligini ta'kidlashgani, ona esa farzandlariga bu ishni boshqa qilmaslikka, kollej oldidagi bufetni ishlatishlarini aytib, so‘z berganini ta'kidlagan.

4 dekabr kungi sud majlisida B.I. o‘sha kuni (30 sentabrda) onasi bilan o‘g‘rilik qilish uchun emas, tomorqalarida yetishtirilgan pomidorni sotish uchun Loyishdagi bozorga kelishganini so‘zlab berdi.

Ta'kidlab o‘tish kerakki, 30 sentabr kuni o‘g‘irlatgan telefonlari va boshqa narsalarini qaytarib olgan va yetkazilgan moddiy zararlari qoplangan jabrlanuvchilar — Saodat Egamberdiyeva, Sojida Bo‘riyeva, Muxlisaxon Narzullayeva sudlanuvchiga nisbatan da'vosi yo‘qligini bildirishgan.

Sudning avvalgi majlisida N.T. 30 sentabr kuni amalga oshirilgan o‘g‘riliklariga iqror bo‘lib, qilmishidan afsusda ekanligini so‘zlagan. 4 dekabr kungi majlisda ham buni yana bir bor ta'kidlab o‘tdi.

Lekin, N.T. hamon Nargiza Hasanovaga tegishli Samsung Galaxy J2 smartfoni hamda 400.000 so‘m pulni o‘g‘irlaganidan tonmoqda.

Sudning guvohlarni so‘roq qilish uchun navbatdagi majlisi 11 dekabr kunida bo‘lib o‘tishi belgilandi. Ochiq sud tafsilotlari bilan Kun.uz’da albatta tanishtirib boramiz.

Eslatib o‘tamiz, San'at Umarov tomonidan o‘g‘rilikda ayblanib, yechintirilgani va qo‘pol so‘zlar bilan tahqirlangani shov-shuv bo‘lgach, N.T.ning uyiga undan shaxsan xabar olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasining raisi T.Norboyeva borgan edi.

Keyinroq, 21 noyabr kuni San'at Umarov sudida qatnashgan N.T. jurnalistlarga bergan intervyusida o‘ziga qo‘yilgan ayblarni kimlardir tomonidan uyushtirilgan, deb baholagandi.

 

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid