O‘zbekiston | 21:37 / 06.12.2018
33810
9 daqiqa o‘qiladi

«Suvtekin»​. Suv tekin bo‘lishi kerakmi?

Nega butun dunyoda taqchil resursga aylanib borayotgan, yaqin kelajakda neftdan ham qimmatroqqa baholanishi bashorat etilgan ne'matning qadriga yetolmayapmiz? Suvtekin, deya atrofda ko‘p uchraydigan, qadri va qimmati past ashyolarni atab, suvni ham tekin qilib qo‘ydikmi? 

«O‘zbekistonda suv ko‘p. Ariqlardan shaldirab suv oqadi. Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida joylashgan so‘lim, betakror makonda yashaymiz»​, degan pafosli gaplar qisman o‘tmishda qolib ketdi. Biz haqiqiy vaziyatdan bexabar qolib ketyapmiz. Sirdaryo va Amudaryo kabi transchegaraviy daryolarning Orol dengiziga suvni toshqin olib kelmayotganiga ancha yillar bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston va Xorazmda qum bo‘ronlari haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Chunki, O‘zbekistonda suv arzon, suvchilar mehnati esa qadrlanmaydi. 

Respublika Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Nodirbek Madiboyevning aytishicha, O‘zbekistonda ishlatiladigan suv resurslarining yillik umumiy miqdori 54 mlrd.m3 ni tashkil etadi va 80% (43 mlrd.m3) Tojikiston va Qirg‘izistonda, atigi 20% (11 mlrd.m3) mamlakatimizda hududida shakllanadi. Eng ko‘p ulushdagi (49 mlrd.m3) suv qishloq xo‘jaligiga yo‘naltiriladi, ikkinchi o‘rinda kommunal xo‘jaligiga 2.4 mlrd.m3 (4.4%) suv yetkazib beriladi. Keyingi o‘rinlarda sanoat, baliqchilik sohalari turadi.

Aholining qancha qismi toza ichimlik suvi bilan ta'minlanganligi, suvni yetkazib berish tizimi va resurslardan oqilona foydalanish ham alohida masala. Bu borada Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Aliposha Axmedovning izoh berishicha, O‘zbekiston aholisining 65%i markazlashtirilgan ichimlik suv ta'minoti bilan qamrab olingan. 

«Chuchuk suvning 33 foizi suv havzalari hisobidan, qolgani yerosti suvlaridan yig‘ib olinadi va suv inshootlarida tozalanib, so‘ng aholiga quvurlar orqali yetkaziladi. Ma'lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, bir sutkada O‘zbekiston aholiga 6 mln. 226 ming m3 suv yetkazib beriladi. Respublika bo‘ylab jami 65.8 ming kilometr suv tarmoqlari o‘tkazilgan. 10 mingdan ortiq suv va oqova inshootlari mavjud»​, - deydi u.

Shu bilan bir qatorda, suv quvurlarining holati borasida ham qiziqib ko‘rdik. Ma'lum bo‘lishicha, quvur orqali suvni aholi xonadoniga yetkazishda umumiy suvning 30-40 foizi yo‘qotiladi. Xorij mamlakatlar tajribasida bu ko‘rsatkich 10 foizni tashkil etadi. Ko‘p miqdordagi suv yo‘qotilishiga asosiy sabab quvurlarning ma'nan eskirganligi, yaroqlilik muddati allaqachon o‘tib ketganidir. Muammoni bartaraf etish uchun amaliy harakatlar qilinyaptimi? Qayd etilishicha, joriy yilning o‘zida ichimlik suvi ta'minotiga davlat byudjyeti hisobidan 800 mlrd. so‘m ajratildi, 2019 yilda esa 1.1 trln.so‘m xalqaro moliyaviy kreditlar va davlat byudjyetidan aynan shunga sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Andijon shahrida suv quvurlari yorilishi oqibatida toza ichimlik suvining oqib ketayotgani va aholining bir necha marotaba bu haqida mutasaddilarga murojaat qilganligiga qaramasdan muammo hal bo‘lmayotganligidan norozi bo‘lgan tadbirkor Salohiddin Ibragimov ​Prezidentga ochiq xat yo‘lladi. Videoxabarda obektlardagi real holatlar aniq ifodalangan. Shundan so‘ng vazir o‘z munosabatini bildirib, muammoni bartaraf etdi. Shu kabi vaziyatlar respublikaning ko‘plab nuqtalarida ham mavjudligi aniqlandi. 

Holat yuzasidan Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligidan izoh so‘ralganda, quvurlarning eskirganligi, aholi mumkin bo‘lmagan hududlarda qurilish ishlari olib borilganligi hisobidan joylarda avariya sodir bo‘lishi vaj qilib keltirildi. Eng katta muammo shundaki, suv oqova tashkilotlari hisobida quvurni ta'mirlash yoki tizimni butunlay yangilash uchun yetarli mablag‘ mavjud emas, chunki biz, odamlar, vaqtida to‘lovlarni amalga oshirishga og‘rinamiz. Qars ikki qo‘ldan chiqishini unutib qo‘yganmiz.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti dotsenti Ravshan Boirovning mutaxassis sifatidagi fikrlari va keltirgan faktlari ham mulohazaga chorlaydi:​

«Suv ta'minoti bo‘yicha eng yaxshi hudud – Toshkent shahridagi holatni aytadigan bo‘lsam, aholining 98% qismi to‘liq suv ta'minoti bilan qamrab olingan. Shaharda bir kishiga, sutkasiga hisoblagich bo‘lmaganda, 330 litr suv beriladi. Bir oyda esa bu deyarli 10 ming litrni tashkil qiladi. Oylik to‘lov esa so‘nggi tarifga binoan 8500 so‘mga teng. Taqqoslash uchun aytaman: do‘kondan qadoqlangan 1 litr suvni 2000 so‘mga xarid qilasiz. Jo‘mrakdan oqayotgan 1 litr suvning bahosi 0.85 so‘m (hattoki 1 so‘m emas). Juda katta tafovut, shunday emasmi? Yelim idishdagi suv kuchli filtrdan o‘tgan bo‘ladi, shuning uchun narxiga yarasha qimmat, bu ko‘rinib turgan holat-ku, deyishingiz tabiiy. 
To‘g‘ri, bu suv kuchli texnologiya asosida tozalanadi. Vodoprovod suvining Davlat standartiga ko‘ra 950:2011ni tashkil qiladi. O‘z-o‘zidan ma'lumki, qadoqlangan suvniki bundan 2000 marta ko‘proq bo‘lishi kerak. Aslida, unday emas-ku.  Qimmat bo‘lsa ham suvni sotib olamiz. Jo‘mrakdan oqayotgan suv o‘ta arzon bo‘lganidan uni qadriga yetolmaymiz. Inson psixologiyasi shunday shakllangan: qimmat narsa har doim qadrlanadi. 

Suvni qadrlash uchun uning bahosini oshirish lozim. Prepaid (oldindan to‘lov) tizimi joriy etilsa, suvdan foydalanishning maxsus limitlari doimiy amal qiladigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan suv sarfi kamaygan bo‘lardi. Aholining suvga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish darkor. Buning uchun nima qilinishi lozim? Farzandga tarbiya berayotganda, suvning oltinga teng ne'mat ekanligini ham uqtirish kerak. Xizmat safari yuzasidan bir necha marotaba xorij mamlakatlarida bo‘lganman. 

Singapurda odamlar chuchuk suvni yuqori darajada hurmat qilishlari menda juda katta taassurot qoldirgan. Suv inshootlarida maxsus «Information centre»​ (ma'lumot markazi) bo‘lib, markaz xodimlari binoga tashrif buyurgan mehmonlarga suvni tozalash jarayoni haqida batafsil ma'lumot beradi. Bu xuddi muzeyga ekskursiyaga borgandek gap. Ta'limda ham suvni e'zozlash bo‘yicha alohida darslar o‘tiladi. Ustozlar o‘quvchilar bilan suv inshootlariga tez-tez sayohat uyushtirarkan. Bu, bolalar ongida jo‘mrakdan oqayotgan suv qancha mashaqqatlar evaziga paydo bo‘lishi haqida tasavvurni uyg‘otadi. Hadeb dilbandingizga suvni qadrlash haqida ma'ruza o‘qish davri allaqachon o‘tib bo‘ldi. Endigi navbat ularga borini ko‘rsatish qoldi. Holat qanday bo‘lsa, shundayligicha ko‘rsatilsa, uning o‘zi xulosa qilib oladi»​, - deydi u.

Suv haqidagi ehtirosli, jimjimador so‘zlardan iborat ko‘rsatuvlar, ijtimoiy roliklar orqali televizorda qayta-qayta ko‘raverib o‘rganib qolganmiz, diyda qotdi. Pand-nasihat ruhidagi dasturlarning ta'sirchanligi yo‘qolgandek, go‘yo.  Uzoqqa borish shartmas: uzoq Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumaniga, Xorazmning eng chekka qishloqlariga borib aholining yashash tarzini bir o‘rganing. Ular qanday yashamoqda. Suv tanqisligi qanday ta'sir ko‘rsatyapti ularning hayotiga? Odamlarning bir kunlik hayotini qanday bo‘lsa shundayligicha berishning o‘zi ijtimoiy fikr shakllanishiga turtki bo‘lolmaydimi?

Suv – tirikligimiz kafolati. Uni behuda sarflash kelajakka qilingan xiyonat bilan barobar.

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid