Sport | 12:07 / 08.12.2018
18095
4 daqiqa o‘qiladi

France Football 1992 yili «Oltin butsa»ni bekor qilgan – bir qalloblik tarixi

1987 yili Ruminiyaning «Dinamo Buxarest» klubi hujumchisi Rodion Kemetaru Yevropa chempionatlari to‘purariga topshiriladigan «Oltin butsa» sovrinini qo‘lga kiritdi. Futbolchi mavsum davomida 44ta gol urib, avstriyalik Toni Polsterni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq keyinchalik, futbolchi bu yutuqqa qalloblik orqali erishgani ma'lum bo‘ldi.

1987 yili Rodion Kemetaru mavsumni kamtarona o‘tkazayotgan edi. Ruminiya chempionatining yakuniga 10 tur qolganida futbolchi nafaqat Yevropaning, balki mamlakatning to‘purarlari ro‘yxatida ham yo‘q edi. Ammo, mavsumning yakuni fantastik tarzda kechdi va Kemetaru 6ta o‘yinda 20ta gol urdi!

Ruminiya chempionati boshqa turnirlardan kechroq yakunlanishi sababli, «Dinamo» bosh murabbiyi Mircha Luchesku va jamoa Kemetaru Yevropaning eng zo‘r to‘purari bo‘lishi uchun nechta gol urishi kerakligini bilishardi. Ular bu imkoniyatdan «unumli» foydalanib qolishdi.

O‘sha paytda «Otselul» klubini boshqargan Ioan Zdrobish yaqinda Ruminiya televideniyesidagi ko‘rsatuvda barcha qalloblikni Mircha Luchesku uyushtirganini aytdi.

«O‘yinda hisob 3:3 bo‘ldi va Kemetaru 3ta gol urdi. Bu har ikkala jamoaning kelishuvi edi. Kemi gol urishi kerak edi va bu yuz berdi. Bunda men ham ishtirok etganman, afsuski, bu taklifga rad javobini berolmasdim. Mircha va raqiblarning 4-5 nafar futbolchisi kiyinish xonamizga kirdi. Biz nima qilishimiz kerakligini kelishib oldik», - dedi Zdrobish.

France Football tomonidan sovrinni topshirish marosimida mojaro yuz berdi. Yevropa chempionatlarining ikkinchi to‘purari, «Austriya» hujumchisi, avstriyalik Toni Polster «Kumush butsa»ni olishdan bosh tortdi. U Kemetaru gollari atayin uyushtirilgani haqida bayonot berdi. Rodion so‘nggi 3 turda 15ta gol urib, Polsterdan o‘zib ketgan edi.

Keyinchalik France Football tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvda, bu o‘yinlarning kelishilgani isbotlandi. Ruminiyalik futbolchi esa mukofotdan mahrum qilindi. «Oltin butsa» Toni Polsterga topshirildi.

Qizig‘i shundaki, bu voqea hech kim uchun saboq bo‘lmadi. Keyingi yillarda shunga o‘xshash voqealar takrorlandi. 1988 yili «Galatasaroy» hujumchisi Tanju Cho‘loq 39ta, 1989 yili «Dinamo Buxarest» hujumchisi Dorin Mateuts 43ta, 1990 yili Bolgariyaning TsSKA klubi hujumchisi Xristo Stoichkov 38ta, 1991 yili «Tsrvena Zvezda» hujumchisi Darko Panchev 34ta gol urib, «Oltin butsa» sohibi bo‘lishdi.

Shundan so‘ng, France Football 1992-1996 yillar davomida «Oltin butsa»ni hech kimga topshirmadi.

1997 yildan boshlab esa, «Oltin butsa» sovrini qayta tiklandi. Uning sohibini aniqlashda chempionat davomida urilgan gollar koeffitsiyentlar asosida ko‘paytiriladigan bo‘ldi. Xususan, «Barselona» hujumchisi Ronaldo chempionatda 34ta gol urdi va u ikkiga ko‘paytirilgach, 68 ochko jamg‘arib, «Oltin butsa»ni qo‘lga kiritdi.   

Mavzuga oid