Sport | 09:49 / 09.12.2018
18075
2 daqiqa o‘qiladi

«Oltin to‘p» uchun ovoz berishda mavjud bo‘lmagan jurnalist «ishtirok etgani» ma'lum bo‘ldi

Joriy yilda “Oltin to‘p” mukofoti uchun ovoz beruvchi jurnalistlar ro‘yxatida bir qator xatoliklar aniqlandi. Bu haqda Marca nashri xabar berdi. 

Aniqlanishicha, “Pari Sen-Jyermen” futbolchisi Kilian Mbappega o‘z ovozini bergan, Komor orollaridan bo‘lgan Abdu Boyna ismli jurnalist aslida mavjud emas. Uning nomi bildirilgan nashr esa 6 yil avval yopib yuborilgan.

“Abdu Boyna haqida hech qanday ma'lumot yo‘q. Men bunday jurnalist boshqa OAV nomidan ketganda, fransuz nashri xatosini tushungan bo‘lardim, biroq bunday odam mavjud emas”, deb aytgan Komor orollari jurnalistlari uyushmasi prezidenti Stefan Ahamadi.

Shuningdek, Trinidad va Tobagodan bo‘lgan ayol jurnalist Lasana Liburdning ma'lum qilishicha, tashkilotchilar uning ovozini noto‘g‘ri hisobga olishgan.

Jurnalistning aytishicha, u ovoz berishda Lionel Messini 1-o‘ringa, Antuan Grizmanni 5-o‘ringa qo‘ygan. France Football e'lon qilgan jadvalda esa bu ikki o‘yinchi o‘rni jurnalist ko‘rsatgandek emas, balki teskari ko‘rsatilgan.  

Ovoz berish natijalariga ko‘ra “Oltin to‘p” 753 ochko to‘plagan xorvatiyalik futbolchi Luka Modrichga topshirildi. 

Mavzuga oid