O‘zbekiston | 17:16 / 10.12.2018
13710
3 daqiqa o‘qiladi

Bozorlarning kirish va chiqish joylarida transport harakatini tartibga solish taklif qilinmoqda 

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida bozorlarning kirish va chiqish joylarida transport harakatini tartibga solish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, bozorlarda xaridorlar asosiy o‘rin tutishi kerak. Ayrim bozorlarda xaridorlar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan. Mavjud bozorlarning katta qismi atrofida yo‘llar tartibga solinmagan, yuzaga keladigan tirbandliklar ham piyodalar, ham jamoat transportlari, ham oddiy haydovchilar uchun noqulayliklar tug‘dirmoqda. Bozor atrofidagi yo‘llar tirband, haddan tashqari tartibsiz, haydovchilar vaqtinchalik to‘xtab turishi uchun joylar deyarli ajratilmagan.

Toshkent shahrida eng gavjum va deyarli tartibga solinmagan, piyodalarning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan bir qancha bozorlar (“Toshkent Ipak yo‘li” savdo markazi (Abu-Saxiy) va O‘rikzor bozori) bor.

“Mazkur bozorlar eng yirik bozorlar bo‘lib, ularda: 

- piyodalar uchun yo‘laklar ajratilmagan; 
- yo‘nalishli taksi (marshrutka)larning aniq belgilangan to‘xtash joylari yo‘q; 
- yo‘llar chetida va bekatlarda yengil avtotransport vositalari tartibsiz ravishda qo‘yib ketiladi; 
- bozor atrofida transportda harakatlanish uchun soatlab qolib ketish mumkin bo‘lgan tirbandliklar mavjud; 
- yo‘nalishli taksi (marshrutka)lar haydovchilari bozorga kirishdagi tirbandlik sababli bozorga kirmasdan qaytmoqda. 

Natijada, shaxsiy mashinaga ega bo‘lmagan fuqarolar soatlab transport kutishga majbur bo‘lmoqda.

Taklifimiz, bozorga xarid uchun kelgan fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida bozor atrofidagi yo‘llarni qat'iy tartibga solish lozim. Bozorda ishlaydigan sotuvchilarning avtotransport vositalari uchun bozor ma'muriyati tomonidan ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish, yuk mashinalari uchun savdo markazlaridan uzoqroqdan alohida joy tashkil qilish va ularning hozirgi o‘rnini yo‘nalishli taksilarga berish, yo‘llarni ta'mirlash lozim. Yo‘l bo‘yida avtomobillarini qoldirib ketgan haydovchilarga jiddiy ma'muriy choralar ko‘rish kerak. Bozorlar hududi xavfsiz va qulay bo‘lsa, bu xaridorlar oqimining va o‘z navbatida savdo hajmining oshishiga xizmat qiladi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jamoat transportida “Yoshi katta yo‘lovchilarga joy bering” yozuvini o‘rnatish taklif etilgandi.

Mavzuga oid