O‘zbekiston | 10:34 / 10.12.2018
22830
2 daqiqa o‘qiladi

Ishga qabul qilishni DXA orqali amalga oshirish taklif etildi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida ishga qabul qilishni davlat xizmatlari agentligi orqali amalga oshirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda bolalar maktabgacha ta'lim muassasalariga faqatgina davlat xizmatlari agentligi orqali navbatga qo‘yilmoqda. 

“Taklifim ishga qabul qilishga ham xuddi shu tartibni joriy etish kerak. Bu bilan salohiyatli kadrlarning bir chetda qolib ketishi yoki chet davlatlarga chiqib ketishining oldi olinadi”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Bildirilishicha, qaysi tashkilotlarga va qanday lavozimlarga mazkur tartib qo‘llanishi (qo‘llanmasligi) qonunchilik bilan belgilab qo‘yiladi va buning nazorati ham elektron tarzda yuritilishi kerak. 

“Bir joyga bir nechta nomzod bo‘lganda, ularning ishga qabul qilinishida me'yorlar sifatida qancha muddatdan buyon ish qidirayotgani, malakasi, OO‘Yuni tugatib birinchi marta ishga kirayotgani, oilasida boshqa ishlovchilar mavjudligi va hokazolar hisobga olinishi kerak. Ishga qabul qilish rad etilganda, ish qidirayotgan shaxs bilan o‘tkazilgan suhbat bayoni va ishga qabul qilish rad etilganlik sabablari, tanlovdan o‘ta olmaganlik vajlari aniq ko‘rsatilishi kerak”, - deyiladi petitsiyada.

Bu taklifni amalga oshirish uchun mehnat qonunchiligiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, unga amal qilmaganlarga nisbatan javobgarlik choralarini belgilash maqsadga muvofiq, deb yozadi murojaat muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yangi telekanal tashkil etish taklifi berilgandi.

Mavzuga oid