Sport | 19:55 / 11.12.2018
4131
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qatar beshkurash federatsiyalari o‘rtasida memorandum imzolandi

Bugun O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi va Qatar beshkurash federatsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi 2017 yilning fevral oyida tashkil qilingan bo‘lib, unda sportchilar ot sporti, qilichbozlik, o‘q otish, yugurish va suzish bo‘yicha bellashadi.

– O‘zbekiston beshkurash federatsiyasining birinchi hamkorlik memorandumi aynan biz bilan imzolanayotgani ham sharaf, ham mas'uliyat, – degan Qatar beshkurash federatsiyasi prezidenti Badir al Darvesh. – Ushbu hujjat bizga har ikki mamlakat beshkurash federatsiyalari uchun birdek foydali bo‘lishiga ishonamiz. Har ikki mamlakat federatsiyalari beshkurash sport turlari bo‘yicha olimpiadaga chiqish va unda munosib ishtirok etishni maqsad qilgan. Bugun imzolangan memorandum bu boradagi ishlarda muhim hujjat bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur hamkorlik doirasida ikki mamlakat sportchilarining malakasini oshirish mexanizmlari ishlab chiqilgan bo‘lib, nafaqat sportchilar, balki murabbiylar ham o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

– Federatsiya rahbari sifatida o‘zimning ilk oltmish kunlik ish rejamni ishlab chiqqanman, – deydi O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahrom Gazziyev. – Shulardan birinchisi – Qatar beshkurash federatsiyasi bilan o‘zaro hamkorlik bitimini imzolash edi va bugun mana shu maqsadga erishdik. Shu kunlarda Qozog‘iston beshkurash federatsiyasi bilan ham o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolaymiz. Bu orqali sportchilarimizning malakasi va mahoratini yanada oshirishga harakat qilyapmiz. Asosiy maqsad – Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritish va unda munosib ishtirok etish.

Ma'lumot uchun, beshkurash sport turi ilk marotaba 1912 yili Stokholm mezbonlik qilgan Olimpiya o‘yinlarida dasturga kiritilgan.

Mavzuga oid