Sariosiyoda prezident qarorida belgilangan loyihaga to‘sqinlik qilinmoqda
«Men OAV faoliyatini muntazam kuzatib boraman. Lekin, afsuski, islohotlar mohiyati, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosi bilan bog‘liq muammolar, aholi murojaatlari yuzasidan gazeta, tele va radiokanallarda tanqidiy maqola, ko‘rsatuv va eshittirishlar juda kam», deb ta'kidlab o‘tdi prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan o‘tgan tantanali tadbirda so‘zlagan nutqida.
Ushbu jurnalistik surishtiruvimizda Prezident tomonidan imzolangan ana shunday qarorlardan birining ijrosi Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida qanday qilib paysalga solingani, tadbirkor va xorijlik investorning «tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgani» haqida hikoya qilinadi.
2018 yilning 19 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018-2019 yillarda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–3874-sonli qarori imzolangandi.
Mazkur qarorning 5-ilovasiga ko‘ra, Sariosiyo tumanida Afg‘onistonning «Bilol Baxir Sari» kompaniyasi bilan birgalikda dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun 15 gektar yer maydoni ajratilishi va 2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishi belgilangan.
Ayni paytda, mazkur topshiriqqa mas'ul bo‘lgan sariosiyolik tadbirkorlar zotdor yilqi va tuyaqush boqish bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishmoqda. Chorva uchun yem yetishtirishga mo‘ljallangan maydonning 2 gektarida za'faron (shafran) o‘stirilmoqda. Za'faron o‘simligining tuganaklari ko‘payib, ularni yanada kengroq yerga ko‘chirib o‘tqazish imkoniyati bor.
Tadbirkorlar Prezident qaroriga ko‘ra yangi ajratiladigan 15 gektar yerda za'faron, lavanda, aloe vera kabi eksportbop dorivor o‘simliklar yetishtirishni mo‘ljallashayotgan edi.
Surxondaryoda ilk bor o‘tkazilgan «Biznes forum» chog‘ida afg‘onistonlik hamkor topiladi. Oldinga o‘tib aytish kerakki, viloyat hokimining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Oripov mazkur «Biznes forum» doirasida imzolangan shartnomalar va memorandumlarning keyingi taqdiriga mutlaqo befarq.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
«Men Ahmad Javid Nurzay, Afg‘onistondagi «Bilol Baxir Sari» kompaniyasi rahbariman. Dorivor o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha qo‘shma korxona ochish uchun O‘zbekistonning Sariosiyo tumanida 7 kun bo‘ldim. Tuman rahbari faqat 6-kunga kelib biz bilan uchrashishga vaqt topdi. Tuman hokimi bilan gaplashib, ayrim moliyaviy operatsiyalarni bajardik, sherigim va bizga ko‘p va'dalar berilgan edi, lekin ularning birortasi bajarilgani yo‘q. Shu sababli Afg‘onistonga qaytib ketishga majbur bo‘ldik».
Muammoning mohiyati nimada o‘zi?
Sariosiyolik tadbirkor, «Bilol Baxir Sari» MChJ muassislaridan biri Zafar Safarovning aytishicha, ular Prezident qarorida belgilangan vazifani a'lo darajada uddalash uchun barcha choralarni ko‘rishgan: investor topishgan, unga loyihani taqdim etishgan. Ularga loyihani amalga oshirish uchun viloyat va tuman kadastr bo‘limi tomonidan yer tanlash taklif etilgan. Yerlarning tuproqlaridan namunalar olinib, poytaxtdagi laboratoriyalarda tahlil qilingan. Tahlil natijalari Afg‘onistonga — investorga jo‘natilgan. Investorning o‘rganishlaridan yakuniy bir to‘xtamga kelishgan va dorivor o‘simliklarni ekish uchun «Lutfikor» mahallasi hududidagi dalani tanlashgan.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay, mazkur yer «o‘ta unumdor» bo‘lgani uchun paxta va g‘alla ekish uchun qoldirilgani, za'faron, lavanda kabi eksportbop ekinlar ekish uchun Tojikiston bilan davlat chegarasi yaqinidagi suv chiqmaydigan, unumsiz yerlar taklif etila boshlangan. (Paxta va g‘alla o‘rnini eksportbop yangi ekinlar hisobiga qisqartirish haqida Prezidentning o‘zi bot-bot takrorlab turgan chog‘dagi xatti-harakatga e'tibor bering!)
Viloyat faollari yig‘ilishida Surxondaryo viloyat hokimining o‘rinbosari T.Bobolov Sariosiyoda afg‘onistonlik investorning 1 million dollar investitsiyasi bilan yangi loyiha ish boshlaganini maqtab ta'kidlaganiga qaramasdan, aynan uning imzosi bilan «Bilol Baxir Sari» MChJga tanlangan yerni olishga rad javobini berish haqida tuman hokimi nomiga xat yo‘llangan.
Eng hayratlanarlisi, dala «Bilol Baxir Sari» MChJga paxta va g‘alla ekish uchun zaxira qilingan, degan vaj bilan berilmagan esa-da, u yerda qurilish ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik. Ya'ni, yer qandaydir vaj bilan prezident farmonida ko‘rsatib o‘tilgan xorijiy investor ishtirokidagi loyihaga ajratilmasdan, boshqa birovga berib yuborilgan.
Mazkur masala yuzasidan Sariosiyo tumani hokimi Asqarali Jo‘rayev bilan uchrashib, savollarimizga javob olish uchun ikki kunlik urinishlarimiz besamar ketdi. Aftidan, afg‘onistonlik investorga ham janob hokim shunday tutqich bermagan.
Bu boradagi ayrim savollarimizga tuman hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Xidirov javob berdi.
Xidirov tuman xorijiy investitsiya kirishidan manfaatdor ekanligini ta'kidladi. Aynan shu mas'ul afg‘onistonlik Ahmad Javid Nurzayga ham bir hafta davomida hamrohlik qilgan. Ketib qolmasin, deya ko‘ngliga qaragan. U hali ham bu loyiha amalga oshishiga ishonmoqda.
U taqdim etgan albomga ko‘ra, Sariosiyoda kelgusi yilda jami 40ta investitsion loyiha amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, ularning naq 38tasi bank kreditlari evaziga amalga oshiriladi. Kredit evaziga amalga oshiriladigan loyihaning ro‘yobga chiqishi albatta dargumon. Bank biror vaj bilan kredit bermasa-chi, kreditning foizi tadbirkorga to‘g‘ri kelmasa-chi, degan savollar yuzaga chiqadi.
Tumanda 2019 yilda tadbirkorlar va investorlarning o‘z mablag‘lari evaziga oshiriladigan loyihalar ikkitagina ekan. Ulardan biri — «Bilol Baxir Sari» MChJniki. Ya'ni, tuman hokimi tomonidan yer ajratilsa, ertadanoq kirishsa bo‘ladigan, Prezident qarorida belgilab qo‘yilgan loyihaning amalga oshishiga bepisandlik qilinmoqda.
Tuman hokimi «biz tavsiya etgan yer tadbirkorlarga yoqmadi, nima qilay endi?» deyishi ham mumkin. Lekin, loyihaga katta pul tikilyapti. Uning samarali faoliyat boshlashi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi uchun laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tgan unumdor tuproqli yer ajratilishi kerak emasmi? Boz ustiga, o‘sha serunum yerda qurilish ishlari olib borilayotganini nima bilan izohlash mumkin?!
Albatta, yangi turdagi eksportbop o‘simliklarning yetishtirilishi mamlakatimiz farmatsevtika va parfyumeriya sanoatiga qo‘shimcha yordam bo‘lardi. Xorijdan valyuta evaziga olib kirilayotgan moddalar o‘rnini bosuvchi xomashyo o‘zimizdan chiqsa va eksport qilinsa yaxshi emasmi? Ayni paytda 2 gektar maydonda yetishtirilayotgan za'faron allaqachon Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda.
«Bilol Baxir Sari» MChJ rahbarining tushuntirishicha, endi afg‘onistonlik investorni qaytarish oson bo‘lmaydi. U umuman qaytib investitsiya kiritmasligining ehtimoli katta. Ko‘ryapsizmi, birgina tuman hokimining beparvoligi tufayli shuncha boshlangan ish, Prezident qarorida belgilab qo‘yilgan vazifani amalga oshirish yuzasidan qilingan sa'y-harakatlar osmonga uchmoqda.
«Albatta, shu ishlarni boshqa bir viloyatda yoki tumanda ham amalga oshirsam ham bo‘ladi. Chaqirib ham yotishibdi. Lekin bor bilimim va sarmoyamni o‘zim tug‘ilib o‘sgan tumanda amalga oshirishga, o‘z xalqimga ish o‘rinlari yaratishga sarflamoqchi edim. Rahbarlarning yangiliklar va islohotlarga, ayniqsa davlat rahbarining qaroriga bepisandligi mening hafsalamni pir qilmoqda. Arz-dodimni esa hech kim eshitmayapti», dedi tadbirkor.
Xullas, Sariosiyoda mana shunaqa gaplar... Surxondaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari To‘ra Bobolov, viloyat hokimining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Oripov, Sariosiyo tumani hokimi Asqarali Jo‘rayevning xatti-harakatlari xolisona baho berishni sizning hukmingizga qoldiramiz, aziz mushtariy!
Kun.uz esa mazkur vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatishda davom etadi.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.
P.S. Surishtiruvlarda aniqlanishicha, mazkur holat Asqarali Jo‘rayev bor sarmoyasini shu tuman ravnaqiga qo‘shaman degan yosh tadbirkorlarga birinchi bor to‘sqinlik qilishi emas ekan. Shu za'faron, tuyaqush va otlar uchun yem ekiladigan maydon, tadbirkor tomonidan tuman dehqon bozori yaqinida barpo etilayotgan supermarket binosi qurilishida ham yer ajratish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelib, faqatgina shaxsan viloyatning o‘sha vaqtdagi hokimi Erkinjon Turdimovning aralashuvi bilan tadbirkorning huquqlari tiklangan ekan.
Ayni paytda viloyat hokimi o‘zgargan. Surxondaryo viloyat xalqi bekorga Turdimovning ketishini chuqur qayg‘u bilan qarshi olmagan ekan. Ko‘rib turibmizki, Surxondaryoda «ishlayman» degan, ko‘zlari yongan tadbirkorlarning ko‘kragiga tekkan oftob yana qora bulutlar orasiga berkingan. «Sulaymon ketib, devlar qutilgan», deganlari shu bo‘lsa kerak…
Mavzuga oid
12:56 / 19.12.2024
AQSh O‘zbekiston za’faroni eksporti uchun berilgan ruxsatnoma muddatini uzaytirdi
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
10:40 / 13.12.2024
Sariosiyoda ko‘chada yo‘lbars yurgani rad qilindi
16:35 / 26.11.2024