Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni uchun yangi talablar tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida»gi qaror qabul qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Qaror bilan bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha yo‘riqnomalar tasdiqlandi.
«Ayni paytda respublikamizda 330 dan ortiq bojxona omborlari va erkin omborlar bor. Aksariyati zamonaviy, tegishli uskunalar bilan jihozlangan, katta hajmli hisoblansa, qolganlari orasida unchalik katta bo‘lmagan, boz ustiga tovarlar to‘g‘ri saqlanishini ta'minlay olmayotganlari ham bor. Bundan tashqari O‘zbekistonda 6 ta boj olinmaydigan savdo do‘konlari faoliyat yuritmoqda», deyiladi xabarda.
Endilikda bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyati uchun litsenziyalarni rasmiylashtirish elektron shaklda «Lisenziya» axborot tizimlari kompleksi orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, litsenziyalar cheklanmagan muddatga beriladi.
Lisenziya olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar soni ham sezilarli ravishda qisqartirildi. Masalan, davlat yong‘in xavfsizligi va sanitariya nazorati idoralar xulosasi, bojxona omborlarida saqlanishi lozim bo‘lgan tovarlar ro‘yxati, bojxona omborining turi (ochiq yoki yopiq) haqidagi ma'lumot va boshqalar endilikda talab qilinmaydi.
Qaror bilan bojxona omborlarining transport magistrallari va logistika markazlarigacha bo‘lgan maksimal masofasi 3 km qilib belgilandi.
Omborlar faoliyatiga avtomatlashtirilgan axborot tizimlarining joriy etilishi, omborlarning bojxona idoralari bilan axborot almashinish uchun videokuzatuv tizimi hamda optik tolali aloqa tarmog‘i bilan ta'minlanishi texnologik jarayonlarni masofadan turib samarali nazorat qilish imkonini beradi.
Bojxona omborlarida endi hududi 40 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan kamida 1 ta yopiq ko‘rik maydonchasi ham bo‘lishi talab etiladi. Bojxona omborida tovarlarning ortilishi, tushirilishi va qayta yuklanishi faqatgina ko‘rik maydonchasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, bojxona omborlari inshootlarining bojxona rejimlaridan kelib chiqib zonalarga ajratilishi, inshootlarning ikkita qulf bilan qulflanishi kabi talablar ham bekor qilindi. Bojxona omborlari kamida 2 metr balandlikda to‘siq bilan o‘ralishi lozim.
Boj olinmaydigan savdo do‘koni esa O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasini kesib o‘tadigan jismoniy shaxslar uchun xalqaro aloqa uchun ochilgan aeroportlarda, portlarda va jismoniy shaxslar tomonidan chegarani kesib o‘tishga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasi orqali boshqa o‘tkazish punktlarida ochilishi va faoliyat ko‘rsatishi mumkin.
Endilikda bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘konlarida videokuzatuv tizimi orqali yozib olingan tasvirlarni 3 oygacha saqlanishi talab etiladi.
Mavzuga oid
08:10
Bojxonachilar to‘xtatib qolgan giyohvand moddalar miqdori 1 tonnadan oshdi
17:07 / 24.12.2024
Xitoyning O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi kamaydi
08:15 / 23.12.2024
Bojxona postidan 1,3 mln rublni yashirincha olib chiqish urinishi aniqlandi
10:31 / 22.12.2024