O‘zbekiston | 00:03 / 18.12.2018
10862
3 daqiqa o‘qiladi

G‘aznachilik majburiyatlari va obligatsiyalari shaklidagi davlat qimmatli qog‘ozlari muomalaga chiqarilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining davlat g‘aznachilik majburiyatlari va obligatsiyalarini muomalaga chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankning 2018 yilning dekabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining davlat g‘aznachilik majburiyatlari va obligatsiyalari (davlat qimmatli qog‘ozlari — DQQ) ni muomalaga chiqarishni amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanmoqda.

Qarorda belgilanishicha:

  • DQQ O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tasarrufida bo‘lgan barcha aktivlar bilan ta'minlanadi.
  • DQQ O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan hujjatsiz tarzda chiqariladi va qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasining qimmatli qog‘ozlar bozorlarida muomalada bo‘ladi.
  • DQQ Markaziy bank tomonidan “O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJning savdo maydonchasi orqali joylashtiriladi va so‘ndiriladi.
  • DQQ joylashtirishdan tushgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjyetiga o‘tkaziladi va davlat byudjyeti taqchilligini qoplash, turli tadbirlar hamda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Qaror bilan shuningdek O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarilishlarining joylashtirilishi, muomalada bo‘lishi va so‘ndirilishi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanmoqda.

Jumladan, nizomga ko‘ra DQQ O‘zbekiston Respublikasi g‘aznachilik majburiyatlari shaklida chiqariladigan qisqa muddatli (1 yilgacha muddatga), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi obligatsiyalari shaklida chiqariladigan o‘rta muddatli (1 yildan 5 yilgacha muddatga) va uzoq muddatli (5 yildan ortiq muddatgacha) bo‘lib, tijorat banklari hamda O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar o‘rtasida joylashtirilishi belgilanmoqda.

DQQning nominal qiymati O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida ifodalanadi va 1.000.000 (bir million) so‘mni tashkil etadi.

Nizomda shuningdek DQQni muomalaga chiqarish va joylashtirish, ikkilamchi bozorda DQQning muomalada bo‘lish, DQQ bilan bilan bitimlar bo‘yicha po‘l o‘tkazmalarini va hisob-kitoblarni amalga oshirish va boshqa tartiblar belgilab berilgan.

Mavzuga oid