O‘zbekiston | 20:50 / 20.12.2018
13819
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «majburiy» degan tushuncha yo‘qolishiga umid qilaman. Navbahor Imomova majburiy obuna haqida

Foto: Fotolia

Amerika ovozi jurnalisti Navbahor Imomova Kun.uz muxbiri bilan o‘tgan suhbatda majburiy obuna masalasidagi qarashlarini bayon etdi.

«Men majburiy obunaga hamisha qarshi bo‘lganman. Hozir ham qarshiman. Hech kim hech nimaga majburlanmasligi kerak. Bir kun kelib O‘zbekistonda «majburan», «majburiy» degan bir tushunchaning o‘zi ham yo‘qoladi, deb umid qilaman.

U yo‘qolmaydi, albatta, u har doim hayotimizning ajralmas bir qismi bo‘lib qoladi. Nimanidir qilishga doim majbursiz.

Majburiy mehnat, majburiy obuna – bu inson huquqlarining, fundamental huquqlarning poymol etilishi deb hisoblayman. Hech kimni majburlab o‘qitib bo‘lmaydi.

Bilaman, bugun O‘zbekistonda «Bizning ma'naviyatimizni saqlab qolish uchun, bizning o‘zbekligimizni, kimligimizni saqlab qolish uchun majburlab o‘qittirish kerak», deydigan jurnalistlar ham bor.

Shunday bo‘lsinki, odamni informatsiyaga yetaklovchi narsa bu har doim sifat ekanligi yoddan chiqmasin. Sifatli ma'lumot bo‘lsa, odamlarning o‘zi uni izlab keladi. Qog‘ozni his qilib, uni hidlab o‘qish shart emas. Bunaqa romantik yondashuvga chek qo‘yilishi kerak. Men ham kitobni bosma holda o‘qishni yaxshi ko‘raman. U tanlov ham doim bo‘lsin.

Mana, The New York Times ham, The Guardian ham, boshqa katta-katta gazetalar ham haliyam qog‘ozda chiqadi. AQShda, masalan, odamlar dam olish kunlari maqola yoki xabarlarni qog‘ozda o‘qishga moyil. Kimdir bunga qarshi kurashishi, butkul yo‘q qilishga harakat qilishi ham shart emas, o‘quvchilar ushbu nashrlarga o‘zi xohlab obuna bo‘ladi. Istagan gazetangizni bir dollarga sotib olishingiz mumkin, ular hamon talashib o‘qiladi.

Demoqchimanki, O‘zbekistonda shunday bo‘lmayapti. Odamlarni majburlash kerak, o‘qituvchilarning, davlat korxonalarida ishlovchilarning oyligidan ular xohlamagan tarzda obunaga pul olib qolish zarur, deyiladigan zamonlar o‘tishi kerak edi», deydi jurnalist.

Quyidagi havolalar orqali davriy nashrlarga qanday qilib majburiy emas, ixtiyoriy obuna bo‘lish mumkinligi haqida  yoki «majburiy obuna»ning bo‘lmasligi oqibatida obuna hisobidan yashab kelayotgan tahririyatlarning taqdiri endi nima kechishi to‘g‘risida o‘qishingiz mumkin.

Jurnalist Navbahor Imomova bilan suhbatni to‘liq shaklda mana bu yerda tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid