Jamiyat | 14:45 / 22.12.2018
10351
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondan noyob skripkalarni olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatib qolindi

Dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan qancha xalq va millat bo‘lsa, ularning har biri o‘ziga xos va o‘ziga mos milliy qadriyatlari, so‘zlashuv va kiyinish madaniyati, urf-odatlari, madaniy boyliklarini asrlar davomida avloddan-avlodga bebaho meros sifatida yetkazib kelmoqdalar. Zero, ajdodlardan qolgan meros kelajak avlod uchun tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan boylik sifatida e'zozlanadi.

Afsuski, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali keng ommaga muntazam tushuntirish va targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotganligiga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasidan noqonuniy ravishda chetga olib chiqishga bo‘lgan urinishlar hamon uchrab turibdi.

Jumladan, o‘zining “Toyota Land Gruiser” rusumli avtomobilida “Daut-ata” bojxona posti orqali O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan chet el fuqarosi M.O. bojxona xodimlarining respublika hududidan olib chiqish taqiqlangan buyumlar bor yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi savollariga yolg‘on javob berdi.

Ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham ko‘rsatmasdan turib, 2 dona skripkalarni hech qanday hujjatlarsiz olib chiqib ketmoqchi bo‘lganida to‘xtatib qolindi.

Vaholanki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi badiiy ekspertiza bo‘limining xulosasiga ko‘ra mazkur cholg‘u asboblari o‘tgan asrning boshlariga mansub bo‘lib, tarixiy va madaniy ahamiyat kasb etar ekan. Ekspertlarning baholashicha, skripkalarning umumiy qiymati 40 mln. so‘mni tashkil qiladi

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Ta'kidlash joizki, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga binoan ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas.

Mavzuga oid