Sport | 14:08 / 25.12.2018
35336
6 daqiqa o‘qiladi

Kuper Denisovning Osiyo Kubogidan chetda qolishiga izoh berdi

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper Osiyo Kubogi uchun Turkiyada o‘tayotgan tayyorgarlik yig‘ini davomida jurnalist Xayrulla Hamidov bilan suhbatda bo‘ldi va jamoatchilikda paydo bo‘layotgan ayrim savollarga javob berib o‘tdi.

– Osiyo Kubogiga boradigan 23 futbolchini tanlab olishda asosan nimalarga e'tibor qaratdingiz? Yig‘inlardan ko‘nglingiz to‘ldimi?

– Bu yig‘inga 27 futbolchi bilan keldik, chunki hozir o‘yinchilar eng yuqori sport formasida bo‘ladigan payt emas – O‘zbekistonda futbol mavsumi tugagan. Shuning uchun ba'zi futbolchilar jarohat olib, safdan chiqishi ehtimoli bor. Buning oldini olish maqsadida 3-4 nafar ko‘proq futbolchini olib keldik.

Terma jamoaning o‘zagi shakllanib ulgurdi, deyishimiz mumkin. Yig‘inga ko‘proq futbolchi olib kelib, ular o‘rtasida raqobatni ham shakllantirishga erishdik, deb hisoblayman.

Darvozabonlarimizdan to‘rt nafari ham hozir a'lo darajadagi sport formasida. Faqatgina Eldor Suyunov jarohati tufayli kela olmadi. Ulardan kuchli darvozabonlar yo‘q, demoqchi emasman. Qayerdadir adashgan bo‘lsak, unda bu bizning xatomiz bo‘ladi.

Ba'zi o‘yinchilarni bizga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan safdan chiqarishga majbur bo‘ldik. Ivan Nagayev jarohati sabab chetda qolyapti. U – ajoyib o‘yinchi, bundan afsusdaman.

Fozil Musayev jarohatidan yaqinda forig‘ bo‘ldi. Klubida endigina 1-2ta o‘yinda maydonga chiqa boshladi. Lekin uning terma jamoa uchun juda kerakli ekanini hisobga olib, individiual mahoratiga ishongan holda – garchi eng yuqori sport formasida bo‘lmasa ham – ushbu yig‘inga olib kelishga qaror qildik. (Musayev yakuniy ro‘yxatdan ham joy oldi – tahr.)

– Vitaliy Denisovning so‘nggi yig‘inga jalb etilmasligining sababi nimada? Eron bilan o‘yindagi xatolarimi, jismoniy holatimi yoki u murabbiy o‘yin uslubiga mos emasmi?

– O‘yinchilarni har jihatdan tahlil qilib chiqamiz. Uni birinchi yig‘inda kuzatdik, bundan keyin ham Rossiya chempionatidagi o‘yinlarini ko‘rib bordik. Asosiy omil sifatida hozirgi kundagi holatini aytishim mumkin.

Masalan, hozir Denisovni chaqiradigan bo‘lsak, uning pozitsiyasida ikki juda yaxshi o‘yinchi bor: Farrux Sayfiyev va Oleg Zoteyev. Denisovni qo‘shish uchun ulardan qaysi birini olib tashlashimiz kerak? Qaysidir muxlis Zoteyevni ko‘rsatadi, boshqasi «Yo‘q, Sayfiyev kuchliroq» deyishi mumkin. Barchaning fikri har xil. Yakuniy qarorni esa murabbiy qabul qiladi. Agar bu xato bo‘lib chiqsa ham, mas'uliyat uning yelkasida.

Bu Vitaliyni boshqa umuman chaqirmayman, degani emas. U hali Jahon chempionati saralashida kerak bo‘lishi mumkin. Ungacha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi bo‘lsam, albatta. (hazil)

Foto: O‘FA matbuot xizmati

– Bugungi tarkibga qanday xislatga ega futbolchi yetishmayapti?

– Bu savolga javob berishim noto‘g‘ri bo‘lardi. Chunki o‘z shogirdlarimga nisbatan kamsitish bo‘lib ko‘rinadi. Hozir ixtiyorimda mavjud o‘yinchilardan tarkib tuzishda davom etaman. «Men uchun eng kuchli tarkib – hozir qo‘l ostimdagisi» degan tamoyilga doim amal qilaman. Ya'ni qo‘l ostimdagilar – men uchun eng zo‘rlari. Ular bilan maksimum natijaga erishishga harakat qilaman.

– O‘zbekistonga kelishdan oldin, eshitishimizcha, olimpiya termasining Osiyo chempionatidagi o‘yinlarini ko‘rib chiqqansiz va shu 23 yoshlilarning iqtidoriga ishonib taklifga rozi bo‘lgansiz. Taxminlaringiz o‘zini oqladimi?

– OTJ milliy terma jamoaga futbolchi yetkazib beradigan eng asosiy jamoa hisoblanadi. 23 yoshlilar termasini kelishimdan oldin kuzatganman va hozirgi kunda ham ulardan ko‘nglim to‘q. Ular, kutganimdek, talabga javob beradigan o‘yinchilar.

Ammo futbolchilar OTJdan MTJga o‘tganda biroz qiyinchilikka uchrashadi. Chunki bu toifalar o‘rtasidagi farq juda katta. Shuning uchun olimpiyachilar safida o‘zini yaxshi ko‘rsatgan futbolchi milliy termada oldingidek o‘yin namoyish eta olmaydi. Chunki endi u o‘z tengilari bilan emas, o‘zidan kattalar bilan to‘p suradi.

Nafaqat olimpiya terma jamoasini, balki undan kichik yoshdagi termalarni ham kuzatganman. Ammo e'tibor faqat yoshlar bilan chegaralanib qolmaydi. Masalan, 30 yoshdan o‘tgach, futbolchini qaridi, endi foydasi yo‘q, uni boshqa chaqirmaslik kerak, deyishadi. Lekin men doim bugungi kun bilan yashayman. U terma jamoa o‘yinini yaxshilashi mumkinmi, 35 yashar bo‘lsa ham, chaqiraman. Faqat yoshlar termasiga qarab qolmayman.

O‘zbekistonga kelishimdan oldin 23 yoshlilardan nimani kutgan bo‘lsam, barchasini oldim, deya olaman. Ulardan qoniqish hosil qildim.

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogiga yo‘l oladigan tarkibi e'lon qilindi.

Mavzuga oid