O‘zbekistonga atom energetikasi bo‘yicha axborot va o‘quv markazlari kerakmi? Ekspertlar fikri
O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi munosabati bilan Oliy Majlis deputatlari va ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi yaqinda Rossiyaning Novovoronej shahrida bo‘lib qaytdi. U yerda delegatsiya vakillari AES obekti bilan bir qatorda Atom energetikasi bo‘yicha axborot markazi va stansiyada ishlashga oid amaliy bilimlarni beruvchi o‘quv markazida ham bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Bu markazlarda barchaga atom energetikasi haqidagi ma'lumotlar innovatsion usullarda taqdim etiladi. Hattoki bolalar ham bu yerga kelib atom energetikasi yordamida elektr energiyasini olish va umuman buning nima uchun kerakligi haqida qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘lishiga guvoh bo‘ldik. Kun.uz muxbiri AES obekti, axborot hamda o‘quv markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishgan ekspertlarning O‘zbekistonda bunday markazlarni ishga tushirish qanchalik muhim ekanligi borasidagi fikrlariga qiziqish bildirdi.
Oliy Majlis Spiker o‘rinbosari, Ekoharakat deputatlik guruhi rahbari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov:
"Har bir fuqaroga tushunarli tilda, obektiv ma'lumot berish juda to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Bu barcha uchun foydali. Nima uchun? Chunki atom energetikasining ekologik va xavfsiz ekanini to‘g‘ri qabul qilishda xabardorlikning o‘rni katta. Ko‘pchilikda AES orqali elektr energiya olish go‘yo qandaydir xavf uyg‘otadigandek tasavvur mavjud. Bunga bir necha yillar ilgari bo‘lib o‘tgan Fukusima va Chernobl fojialari sabab, albatta. Biroq so‘nggi "3+" texnologiyasi har qanday xavf va avariyalarni istisno qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistonga atom energetikasiga doir bilimlarni tushunarli tilda taqdim etuvchi axborot markazlari va o‘quv markazlari kerak. Qo‘rquv borasida bir misol keltirmoqchiman: masalan, ko‘pchilik samolyotda uchishdan qo‘rqib, avtotransportda harakatlanishni ma'qul ko‘radi, holbuki samolyotdagi avariyalar nisbati - millionga bir. Shunday ekan, AESga nisbatan bunday stereotipni ham mana shunday xabardor qiluvchi markazlar orqali yo‘q qilish kerak".
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining fan, ta'lim, madaniyat va sport bo‘yicha a'zosi Abdurashid Abduqodirov:
"Atom energetikasi bo‘yicha axborot markazi va o‘quv markazi faoliyatini tashkil etish ikki energoblokni qurishning oldida hech narsa emas. Novovoronejga kelib, har ikkisi ham aholi uchun qanchalik zarur va foydali ekanini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib guvoh bo‘ldik. Shuning uchun, fikrimcha, O‘zbekistonda atom energetikasiga doir bilimlar ulashuvchi axborot markazi ham, o‘quv markazi ham tashkil etilishi kerak. Birinchidan, bu bizda yangi soha, ikkinchidan, bu mamlakat rivojiga katta hissa qo‘shadigan, barqaror energiya bilan ta'minlaydigan soha. Novovoronejga kelishimizdan oldin eshitgan gaplarimizdan kelib chiqib, AES qurilishiga oid biroz bo‘lsa-da shubha bor edi, bu yerda berilgan to‘laqonli ma'lumotlardan, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan aniq faktlardan kelib chiqib, deputatlarning hech birida shubhaga o‘rin qolmadi. AES qurilishi O‘zbekiston rivojiga, farovonligiga xizmat qiladigan voqea bo‘lishiga ishonch hosil qildik. Bu bugungi kunda barcha hududlarimizni barqaror elektr energiya bilan ta'minlashda mavjud muammolarni bartaraf etish imkonini beradi".
Lola Raxmanbayeva
Mavzuga oid
18:22 / 22.12.2024
Yaponiyada AESlar yaqiniga radioaktiv zarralardan himoya qiluvchi palatkalar joylashtiriladi
22:47 / 07.12.2024
Yaponiyada «Simane» AESining ikkinchi reaktori qayta ishga tushirildi
17:46 / 30.11.2024
Mislsiz radiatsiya va qurbonlar: Chernobil fojiasi qanday sodir bo‘lgandi?
11:40 / 19.10.2024